Bu haqda Prezidentning “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-martdan “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I guruh nogironligi boʻlgan va mehnatga layoqatli aʼzosi boʻlmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor oʻrnatish ishlari amalga oshiriladi.
2026-yil 1-martdan ogʻir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratib boriladi.
2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvarga qadar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kasbiy taʼlim sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan quyidagi turdagi subsidiyalar joriy etiladi:
- oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy taʼlimga oid sertifikatlar, shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat asosida milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablagʻlarning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha;
- malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.