Mamlakatimizda taʼlim tizimini yanada rivojlantirish masalasi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasidagi eng asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. jumladan, 2022–2026-yillarda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha milliy dastur qabul qilindi. Maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha milliy kengash va uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi. taʼlim sohasi doimiy eʼtiborda ekani, uning barcha tizim va yoʻnalishlari baravar rivojlanayotgani hamda bu islohotlar oʻz samarasini berayotgani Prezidentimizning Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha xodimlariga yoʻllagan tabrigida yana bir bor taʼkidlandi.
Darxaqiqat, bugun mamlakatimizda taʼlim sohasida uzluksiz va samarali tizim yaratildi. Uning rivoji oʻzaro uzviy bogʻliq zanjirli jarayondan iborat. Agar ana shu zanjirning bitta halqasi sustlashsa yoki uzilsa, soha rivojlanmasligi, kutilgan natija kuzatilmasligi mumkin. Shu bois, davlatimiz rahbari taʼlim-tarbiyani bogʻchadan boshlab oliy taʼlimgacha bir maromda isloh qilish va rivoj lantirish yoʻlini tanladi. Oʻqitishning muhim halqalari boʻlgan maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim jabhasi bir vaqtning oʻzida bosqichma- bosqich isloh qilinmoqda.
Prezidentimiz bayram tabrigida pedagog kadrlar zimmasidagi asosiy maqsad va vazifalar haqida toʻxtalib, jumladan, bunday dedi: “Bizning maqsadimiz — Yangi Oʻzbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy koʻnikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs boʻlib shakllanishi zarur”.
Taʼlim sohasidagi islohotlar tom maʼnoda ayni shu maqsadga qaratilgan. Buning uchun, eng avvalo, poydevor mustahkam boʻlishi zarur. Shu sababli maktabgacha taʼlim tizimi ham chuqur isloh qilinmoqda. Xususan, keyingi 6 yilda maktabgacha taʼlim muassasalari soni 5,5 barobar koʻpaydi, bogʻchalarga qamrov mamlakatimiz miqyosida 70 foizdan oshdi. Haqiqat shuki, bogʻchaga borgan bola bilan bormagan bola oʻrtasida tafovut katta boʻladi. Bogʻchaga borgan bola oʻqish, oʻrganishidan tortib oʻzini tutishigacha keskin farq qiladi. Kelajakda maktabgacha taʼlimga qamrovni oshirishdan kutilayotgan maqsad-muddao ham aslida ana shu.
Davlatimiz rahbari umumiy oʻrta taʼlim maktablariga Uchinchi Renessans poydevori qoʻyiladigan tabarruk maskan deb baho berdi. Ana shunga munosib ravishda jamiyatimizda oʻqituvchi nufuzi va obroʻ-eʼtibori yuksalib bormoqda, kasb egalarining sharafli va mashaqqatli mehnati ragʻbatlantirilyapti. Bugun malakali toifaga ega muallimlar soni 300 mingdan oshdi. Taʼlim tizimini rivojlantirishning eng muhim omili boʻlgan oʻquv dasturi va darsliklar yaratish boʻyicha nufuzli xalqaro tashkilotlar va taʼlim rivojlangan bir qancha davlatlarning tajribali ekspertlari ishtirokida izlanishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari maktablarning oʻquv dasturi, oʻqitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha boshlangan ishlarni mantiqiy yakuniga yetkazish zarurligini taʼkidladi. Bugungi davrning oʻziga xosliklari hamda oʻtkir talablaridan kelib chiqqan holda yurtimizda ixtisoslashtirilgan maktablarning mutlaqo yangicha tarmogʻi tashkil qilindi. Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatadigan yuzlab maskanlar, IT parklar bunyod etilmoqda. Yangi oʻquv yilida 51 ta yangi maktab qurilib, foydalanishga topshirildi, 1660 tasida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Prezidentimiz tabrigida yigit-qizlarimizga zamonaviy kasb-hunarlarni oʻrgatish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Zero, bu jarayonni bugungi taʼlim tizimining barcha sohasi, xususan, maktabdan tashqari taʼlim yoʻnalishida ham yaqqol kuzatish mumkin. Buning natijasida oʻquvchilar, eng avvalo, boʻsh vaqtini bekor oʻtkazmaydi. Yoshlar muayyan yoʻnalishni tanlab, unga puxta tayyorgarlik koʻrish, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishdan tashqari kasb-hunar oʻrganish imkoniyatiga ham ega boʻlmoqda.
Pirovardida, ota-onalarning “Barkamol avlod” bolalar maktablariga qiziqishi va intilishi ortmoqda. Toʻgaraklarimiz soni, sifati va yoʻnalishi oshyapti, bolalar qamrovi tobora kengayib boryapti. Sotsiologik tadqiqotlar koʻrsatdiki, taʼlim sohasini tubdan isloh qilish borasidagi islohotlar samarasi oʻlaroq, soʻnggi yillarda abituriyentlar orasida pedagogika universitetlarida oʻqishga qiziqish bir necha marotaba oshgan.
Bu ham boʻlsa yoshlar shuuriga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob oʻqituvchilar Yangi Oʻzbekistonda yuksak qadr va e ʼzoz topayotgani tufaylidir. Zero, ayni paytda mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan eʼtibor, gʻamxoʻrlik va ragʻbat muallimlarni taraqqiyotimizning jadal surʼatiga mos, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yangi avlodni tarbiyalashda bor kuch, bilim va salohiyatini sarflashga undamoqda.