Toshkent viloyati, Oqqoʻrgʻon tumanida joylashgan 17 maktab oʻquvchilarini dars vaqtida uylariga pul olib kelish uchun joʻnatilgani aks etgan video vazir topshirigʻiga binoan tezkor tarzda oʻrganildi, deya xabar beradi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati.
Oʻrganish jarayonida mazkur holat haqiqatdan ham «Tashabbusli byudjet» bilan bogʻliqligi oʻz tasdigʻini topdi.
Maktabi yaqinda taʼmirdan chiqqan boʻlishiga hamda qayta-qayta ogohlantirilishlarga qaramay hech qanday soʻz bilan oqlab boʻlmaydigan holatga yoʻl qoʻyganligi uchun maktab direktorini lavozimidan ozod etish boʻyicha qaror qabul qilindi, oʻqituvchiga esa ogohlantirish berildi.
Bu holat qolgan maktablarda takrorlanmasligiga ishonamiz hamda maktabga oʻqituvchi dars bergani, farzandlarimiz esa taʼlim olish uchun borishini unutmasligingizni soʻrab qolamiz, deyiladi xabarda.