Qaror bilan Organik mahsulotlar va xom ashyolarni ishlab chiqaruvchilar reyestrini shakllantirish hamda yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bosqichlar, masʼul shaxslar, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va bajarish muddatlarini koʻrsatgan holda subyektlarga doir maʼlumotlar bazasini reyestrda roʻyxatdan oʻtkazish sxemasi keltiriladi.
Shuningdek, Organik va organik-mineral oʻgʻitlarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi. U ushbu masulotlarning xavfsizligiga, ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga, yoʻq qilishga, qayta ishlashga hamda sotishga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi va 2022-yil 1-maydan amalga kiritiladi.
Oʻgʻitlarni qadoqlash va tamgʻalashga qoʻyiladigan talablarga alohida bob bagʻishlangan. Shuningdek, muvofiqlikni baholash, organik va organik-mineral oʻgʻitlarni identifikatsiyalash, muvofiqlikni tasdiqlash, milliy belgi bilan tamgʻalash tartib-taomillariga bagʻishlangan boʻlim ham mavjud.
Texnik reglament talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, shuningdek, boshqa maxsus vakolatli davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
Nizomda:
- oʻgʻitlar va ularni ishlab chiqarish xom ashyosidagi (mahsulot va konsentratlardagi) tabiiy radionuklidlarning chegaraviy ruxsat etilgan konsentratsiyasi;
- chorvachilik chiqindilari asosida ishlab chiqariladigan organik oʻgʻitlarning xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar;
- oʻgʻitlarning toksikologik, veterinariya-sanitariya, gigiyenik tavsiflariga qoʻyiladigan talablar;
- goʻng, tezak asosidagi oʻgʻitlarning fizik-kimyoviy, mexanik va argokimyoviy koʻrsatkichlariga qoʻyiladigan talablar;
- oʻsimlikshunoslik va oʻsimlik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarida organogen chiqindilar asosida ishlab chiqarilgan organik oʻgʻitlarning toksikologik, radiologik, fitosanitar xususiyatlariga qoʻyiladigan talablar;
- oqib chiqqan suvlarning xavfsizligi va unumdorligiga qoʻyiladigan talablar tasdiqlangan.
Hujjatda organik (organik-mineral) oʻgʻit davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish tartib-taomillari, organik va organik-mineral oʻgʻitlar uchun xavfsizlik pasportini tuzish qoidalari belgilandi, uning tuzilmasi aytib oʻtilgan.
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq texnik reglamentlarning amalga kiritilishi bilan ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarni standartlash boʻyicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik tusini yoʻqotadi va qoʻllanilishida ixtiyoriylik kasb etadi.
“Oʻzstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda organik va organik-mineral oʻgʻitlarni standartlash toʻgʻrisidagi qoidalarni qoʻllashda ularning majburiylik xususiyatini bekor qilishi va ixtiyoriyligini taʼminlashi kerak.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 19.11.2020-yildan kuchga kirdi.
Miryoqub Haydarov.