Yevropa klinik mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar jamiyatining konferensiyasida taqdim qilingan tadqiqot natijalarida qonda rux moddasining kam boʻlishi koronavirusga chalinish xavfi yuqori ekanligi, shuningdek, yuqtirib olingan taqdirda qiyin kechishi va hatto oqibati oʻlim bilan tugashiga bogʻliq degan xulosaga kelingan.

Xoʻsh, rux moddasi va koronavirus oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor?

Mutaxassislar taʼkidlashicha, immunitetning viruslarga qarshi kurashish qobiliyati rux moddasining qondagi konsentratsiyasiga bogʻliq boʻladi. Tadqiqot mualliflari COVID-19 tashxisi bilan shifoxonaga kelgan 249 nafar bemorni oʻrgangan. Bemorlar oʻrtacha 63 yoshda, ularning 55 foizi erkak boʻlgan. Koronavirusdan vafot etgan bemorlarning deyarli barchasida tirik qolganlarga nisbatan rux moddasi miqdori kam ekanligi aniqlangan. Tadqiqotchilar rux moddasi miqdori va koronavirusni yengish imkoniyatini baholashga ham muvaffaq boʻlgan. Unda maʼlum boʻlishicha, qondagi rux moddasining har qoʻshimcha mikrogrammi koronavirusdan vafot etish xavfini 7 foizga kamaytiradi.

Rux moddasi yetishmasligini qanday aniqlash mumkin?

Kuniga 12-15 milligramm rux moddasi qabul qilinishi kerak. Ovqat va mahsulotlarni isteʼmol qilish orqali organizm 20-40 foiz ruxga ega boʻladi, qolgan meʼyor esa shifokor koʻrsatmasiga binoan boshqa manbalardan oʻzlashtirilishi kerak. Afsuski, rux moddasi yetishmasligini ifodalaydigan simptomlar mavjud emas, shu sabab ham vaqti-vaqti bilan biokimyoviy qon tahlili orqali aniqlashtirish kerak boʻladi. Biroq rux moddasi yetishmaganida baʼzi belgilar kuzatilishi mumkin. Ularning koʻp tarqalgani quyidagilardan iborat:

  • tez-tez shamollash va immunitetning susayishi;
  • yara, shilinish va boshqa jarohatlarning yaxshi bitmasligi;
  • tirnoqlarning moʻrtligi va sinishi;
  • qaltirash (asosan qoʻlda);
  • asabiylashish va tez gʻazablanish;
  • harakatning bir-biriga nomuvofiqligi;
  • soch toʻkilishi;
  • hid va taʼm bilmaslik;
  • stomatit;
  • qorongʻida koʻrish qobiliyatining yomonlashishi;
  • boshni qazgʻoq bosishi;
  • qoʻlga allergik toshma toshishi;
  • ishtaha yomonlashishi.