Yaʼni, 40 foiz dan ziyod tadbirkorlik subyektlari hatto mazkur onlayn texnikani oʻrnatgan boʻlsa ham, aholi bilan oʻzaro hisob-kitoblarda onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa tizimidan foydalanmayapti.

Bu isteʼmolchilarning huquqlarini qoʻpol ravishda buzishdir, chunki tovar (ish, xizmat)lar uchun haq toʻlash shakli hamda tartibi belgilangan. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasida shunday deyilgan: “Oldi-sotdi amalga oshirilganda isteʼmolchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi.”

Bunda, zamonaviy bozordagi aniq holatlarni, yaʼni biznes va xizmatlar sohasining onlayn nazorat-kassa va virtual kassalarga bosqichma-bosqich oʻtishini hisobga olgan holda, toʻlov terminali orqali qabul qilingan toʻlovlar uchun xaridorlarga toʻlov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrda imzolangan “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5813-sonli farmoni, 5 bandi.). Bu haqda tadbirkorlik subyektlari xabardor etilgan.

Isteʼmolchilar dorixonalarda, alkogol va tamaki mahsulotlari savdo nuqtalarida yoki avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida plastik karta orqali xaridni amalga oshirganda toʻlov terminallari cheklarini olishadi. Ushbu cheklarda xarid toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar boʻlmaydi, masalan, tovarlar (ish yoki xizmat) nomi, miqdori, narxi, qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi, QR kod.

Bu maʼlumotlarning barchasi onlayn nazorat-kassa mashinalari chekida aks ettiriladi. Biroq, bunday cheklarni koʻpchilik tadbirkorlar taqdim etmayapti.

Demak, alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz yoqilgʻisi savdosi bilan shugʻullanuvchi bunday tadbirkorlik subyektlari ongli ravishda foydasini yashirishni maqsad qilgan. Tovarlar va davlat byudjeti tushumlarining toʻgʻri hisobga olinmasligi mamlakat iqtisodiyotiga tuzatib boʻlmas zarar yetkazadi. Noinsof tadbirkorlar xufiyona ravishda qonunlarni chetlab oʻtadi. Isteʼmolchilar qonun ustuvorligini oʻrnatishga oʻz hissalarini qoʻshishlari mumkin.

Huquqimizni qanday himoyalaymiz?

Jamoatchilik nazorati – huquqbuzarlarga taʼsir koʻrsatadigan eng samarali choralardan biridir. Bunda qonunchilik asoslarini bilish kifoya:

– 2020-yil 1-yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz yoqilgʻisi savdosi bilan shugʻullanuvchi barcha tadbirkorlik subyektlari uchun onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish MAJBURIY. Mazkur shoxobchalarda sizga, QR kodli chek berilishi shart.

Diqqat! Bunda isteʼmolchi toʻlovni naqd pul yoki plastik karta bilan amalga oshirgani muhim emas.

– 2020-yil 1-avgustdan yuqoridagilarga oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik oboroti (tushumi) besh milliard soʻmdan oshgan tadbirkorlik subyektlari qoʻshildi. Ularga yirik savdo tarmoqlari kiradi.

– QR kodli chek talab qilish – har bir isteʼmolchining huquqi. Qatʼiy turing. Nima uchun dori vositalari va boshqa xalq isteʼmoli mollari narxlari oshib ketayotganini tushuntirishni talab qiling. Masalaning yechimi topilmasa, Davlat soliq qoʻmitasi shu yerning oʻzida (71) 244-98-98 raqamli “ishonch telefoni” yoki Call-markazining 1198 qisqa raqamiga murojaat qilishingizni soʻraydi.

Huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar

Chek berishni rad etish, toʻlov terminalisiz yoki kassa appratisiz savdo qilish – jarima solishga sabab boʻluvchi jiddiy soliq huquqbuzarligi. Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq, “Nazorat-kassa texnikasining va (yoki) hisob-kitob terminallarining qoʻllanilishi majburiy boʻlgani holda, ularni qoʻllamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar koʻrsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlarni, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni berish majburiy boʻlgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar koʻrsatganlik, shuningdek hisob-kitob terminallari orqali toʻlovlarni qabul qilishni rad etganlik – besh million soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.”

Hududlar kesimida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Onlayn NKM yoki virtual kassadan FOYDALANMASLIK koʻrsatkichi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 34,2 %

Andijon viloyati – 53,6 %

Buxoro viloyati – 51, 9%

Jizzax viloyati – 40, 0%

Qashqadaryo viloyati – 21,5%

Navoiy viloyati – 25,2%

Namangan viloyati – 43,1%

Samarqand viloyati – 62,4%

Surxondaryo viloyati – 44,6%

Sirdaryo viloyati – 39,4%

Toshkent viloyati – 47,4%

Fargʻona viloyati – 37,3%

Xorazm viloyati – 22,5%

Toshkent shahri – 42,5%

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish – qonuniy va shaffof biznes kafolati.