баннер
25 Apr 2025
04:18

    Orolboʻyi ekologiyasini yaxshilash borasidagi xalqaro hamkorlik mustahkamlanyapti

    Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bir necha mamlakatlarning olim va mutaxassislaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.

    Ular orasida Xitoy fanlar akademiyasining Sinmwzyan ekologiya va geografiya instituti, Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchlik xalqaro markazi (BAA), Yaponiyaning Tottori universiteti Arid va choʻllar tadqiqot markazi, Yaponiyaning Mie universiteti Bioresurslar tadqiqoti instituti professor-olimlari bor.

    Taʼkidlash joizki, Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchlik xalqaro markazi bilan hamkorlikda “Qoraqalpogʻistonning kam rivojlangan tumanlarida ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini rivojlantirish” boʻyicha 2023–2025-yillarga moʻljallangan loyiha, Yaponiyaning Tottori universiteti Arid va choʻllar tadqiqot markazi bilan hamkorlikda esa maxsus tuzni tozalash plyonkasi yordamida fiksatsiyalangan joʻyakli sugʻorishda suv samaradorligi va shoʻrlanishni boshqarish loyihasi amalga oshirilyapti.

    Uchrashuvda delegatsiya aʼzolari markazning tajriba-sinov maydonida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar va tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, oʻzaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va chora-tadbirlar batafsil muhokama etildi. Shu bilan birga, “Aral dream” koʻrgazmasini tomosha qildi hamda Orolboʻyi mintaqasida yashil texnologiyalarni tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish boʻyicha qoʻshma laboratoriya bilan yaqindan tanishdi.

    Yakunda istiqboldagi vazifalar, yangi loyihalar va hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻnalishlari belgilab olindi. Bu esa, tabiiyki, tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarning yanada rivojlanishiga va muhim strategik maqsadlarning amalga oshishiga xizmat qiladi.

    Maʼlumot uchun, ayni paytda Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazida Sinmwzyan ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikdagi loyihalar doirasida Samanbay va Moʻynoq tajriba uchastkalarida jami 3,7 gektar maydonda 23 turdagi noanʼanaviy tuzga chidamli galofit oʻsimliklarida tajriba-sinov ishlari amalga oshirildi, tajriba uchastkasida tomchilatib sugʻorish tizimi yaratilib, kichik metostansiya oʻrnatildi. Bundan tashqari, Orolboʻyi mintaqasida yashil texnologiyalarni tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish boʻyicha qoʻshma laboratoriya tashkil etilib, Xitoydan qiymati 1 million yuanlik (127 000 dollar) laboratoriya asbob-uskunalari yetkazib berilgan va ixtisoslashgan laboratoriya ishga tushirilgan. Qolaversa, Qoraqalpogʻistonda dorivor “Sistanxe” oʻsimligini yetishtirishni oʻrganish maqsadida Moʻynoq tajriba uchastkasida xitoylik olimlar bilan birgalikda oʻsimlik urugʻini tajriba tariqasida ekish ishlari amalga oshirildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech