Orolning “yashil” qalqoni

    Shu kunlarda Orol dengizining qurigan tubida saksovul ekish ishlari olib borilyapti. Bu Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tadbirlarning uzviy davomi hisoblanadi. Rejaga koʻra, joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etiladi.

    Buning uchun jami 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi choʻl oʻsimliklarining urugʻlari tayyorlandi. Ularni sepish va ekish ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi va oʻrmon xoʻjaliklari ishchi-mutaxassislari, ixtiyoriy ravishda qatnashayotgan aholi tomonidan zarur texnika-mexanizmlar hamda samolyotlar yordamida amalga oshirilmoqda.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, oʻtgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab tabiat qonunlariga aralashish, Amudaryo va Sirdaryo suvini toʻsish dunyodagi ogʻir ekologik halokatlardan birini yuzaga keltirdi. Mintaqada choʻllanish va shoʻrlanish darajasi keskin ortdi. Oʻsimlik va yovvoyi hayvonlar turi kamayib ketdi. Orolning qurigan tubidan yiliga 90 kundan ortiq davr mobaynida boʻronlar sodir boʻladi va 100 million tonnadan ortiq chang va zaharli tuzlarni atmosferaga koʻtarib, minglab kilometrlarga yoyib yuboradi. Hatto, uning tuzlari Antarktida sohillarida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya oʻrmonlarida va Yer sayyorasining koʻplab boshqa nuqtalarida topilmoqda.

    Mutaxassislarning fikricha, ayni kezda texnologik jihatdan Orolni avvalgi holatiga qaytarishning iloji yoʻq. Bunday sharoitda yagona yoʻl — borini asrab qolish, fojia taʼsirini kamaytirish, odamlar hayotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.

    Davlatimiz rahbari ana shu yoʻnalishlardagi maqsad-vazifalar boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Shu bilan birga, yurtimiz imkoniyatlariga tayanib, amaliy ishlar ham olib borilmoqda.

    Xususan, Prezidentimiz 2018-yili Moʻynoqqa tashrifi chogʻida olimlar bilan maslahatlashib, Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuzlar koʻtarilishining oldini olish uchun bu yerda shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekish vazifasini belgilab bergan edi.

    — 2018- 2921yillar davomida dengizning suvi qurigan qismida 1 million 524 ming gektar toʻqayzor barpo etildi, — deydi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Nizomidin Bakirov. — Buning uchun saksovul, qoraboʻroq, qandim, cherkez kabi choʻl oʻsimliklaridan qariyb 6 ming tonna urugʻ tayyorlanib, qiyin sharoit boʻlishiga qaramay ekildi. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi-xodimlar qatnashib, 1 ming 600 dona texnika, samolyotlar jalb etilgan.

    Masalan, 2021-yilda Orol dengizning qurigan hududida 375 ming gektarida oʻrmonzor barpo etilishi rejalashtirilgan boʻlsa, amalda 458 ming gektar maydonda saksovul hamda boshqa choʻl oʻsimliklarining urugʻ va koʻchatlari qadalib, himoya oʻrmonzorlari barpo etildi.

    Oʻtgan yil 23-fevral kuni davlatimiz rahbari Orol dengizining qurigan tubiga borib, bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishar ekan, katta mashaqqatlar bilan orttirilgan tajribani ilmiy izlanishlar asosida davom ettirish, hudud tuprogʻiga mos navlar yaratish, keyingi bosqichda chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

    Chunki, oʻtkazilgan tadqiqotlar Orol dengizi qurigan tubining katta qismini qurgʻoqchilikka va shoʻr tuproqqa chidamli boʻlgan mahalliy daraxtlar, butalar va oʻt-oʻlanlarni aralash holda ekish hisobiga qayta tiklash mumkinligi amalda boʻy koʻrsatmoqda. Buning natijasida mahalliy aholining salomatligi va farovonligi yaxshilanishi bilan bir qatorda, har yili 28−44 million dollar miqdorida qoʻshimcha foyda keltirishi hamda tuproqdan uglerod chiqishini oldini olish va atmosferadan karbonat angidridni yutish orqali iqlim oʻzgarishini yumshatishi mumkin.

    2022-yilda amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Jami 590,3 tonna, shundan 391 tonna mahalliy aholi tomonidan choʻl oʻsimliklarining urugʻlari jamgʻarildi, 100 gektar saksovul va boshqa oʻsimliklardan niholxonalar tashkil etildi hamda bu tadbirlarni bajarishga 635 nafar ishchi-xodim, 250 yuqori unumli trakor va 2 ta AN-2 samolyoti jalb etildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-yanvardagi farmoyishida joriy yilda “yashil qoplamalar” barpo etishni moliyalashtirish uchun jami 25 milliard soʻm mablagʻ yoʻllanishi kщzda tutilgan.

    Sahro sultoni, “yashil qalqon” fabrikasi

    Ilmiy manbalarda saksovulning shoʻradoshlar oilasiga mansub buta va daraxtlar turkumiga kirishi, uning boʻyi 12 metrgacha yetishi, ildizi ham shuncha metrgacha yerga kirib borishi, 50-60 yil davomida umr koʻrishi haqida yoziladi. Lekin uning qanday maʼnoni ifodalashi xususida biron bir joʻyali fikrni izohli lugʻatlardan ham izlab topolmadim.

    Shunday bir paytda Eshqobil Shukurning “Bobosoʻz izidan” kitobidagi shunday fikrlar eʼtiborimni tortdi.

    “Saksovul”… Bu chiroyli soʻzning etimologiyasi haqida aniq maʼlumotlar uchratmadim. “Saksovul” soʻzi tarkibidagi “sakson”dagi “saks” va “ovul” soʻzlari haqida oʻyladim, “saksovul”ni “yasavul”, “jigʻovul”, “shigʻovul” soʻzlari bilan solishtirib koʻrdim, lekin biror joʻyaliroq taxminga kelolmadim. Ammo “saksovul” soʻzining maʼnodoshini uchratib qoldim.

    Manzar Abulxayrovning “Navoiy asarlarida soʻz va iboralar” kitobida tariximizda saksovulni “qumgʻogʻ” deb ifodalash ham boʻlgan deb koʻrsatilgan. Bunday nomlanishga saksovulning choʻlda, qumda oʻsishi sabab boʻlgan boʻlishi kerak. Xususan, bunday ifoda Alisher Navoiy asarlarida uchraydi.

    Garchi quyoshdin parvarish olam yuziga omdur,

    Sahroda qumgʻogʻu tikan, boʻstonda sarvu gul butar.”

    Aslida ham saksovul asosan choʻlu biyobonlarda, shoʻrxok yerlarda, taqirlarda koʻp tarqalgan. Markaziy Osiyo, Eron, Iroq, Saudiya Arabistoni, Gʻarbiy Xitoyning dashtu sahrolarida oʻsadi. Oylar davomida suvsiz yashay oladi, yuqori haroratga bardoshli, boʻron paytida qumni ushlab turishga qodir.

    — Shu bois ham choʻllanishning oldini olishda saksovulzorlarni koʻpaytirishning ahamiyati katta, — deydi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Hojimurod Tolipov. — Orolboʻyi hududlarida barpo etilgan 2 yoshli saksovulzorda shamol taʼsirida qum koʻchishi 20 foiz, 5 yoshlisida 80 foiz, 7 yoshli saksovulzorda esa toʻliq toʻxtatiladi. Natijada Orolboʻyi mintaqasida iqlim moʻtadillashadi, aholining yashashi uchun ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligi taʼminlanadi.

    Saksovulning atrof-muhit havosi musaffoligini taʼminlashda ham xizmati juda katta. Bir gektar maydondagi toʻrt yillik saksovulzor 1158 metr kub kislorod ajratib chiqaradi.Bu bamisoli sof havo “fabrikasi” degani.

    Yana bir jihati, Orolning qurigan maydonidagi saksovullar orasiga yovvoyi hayvonlar va chorva uchun ozuqabop ekinlar ham ekilmoqda. Ushbu hududda oʻnlab artezian quduqlari qazilyapti. Bu kelajakda chorvachilikni rivojlantirish uchun zamin yaratadi.

    Orolboʻyida va dengiz tubida hosil qilinayotgan “yashil qoplama” maydonlarining koʻpchilik qismini saksovulzorlar tashkil etyapti. Bu borada Avstraliya, Qozogʻistonda ham muayyan ishlar qilingan, Saudiya Arabistoni esa, katta rejalar tuzyapti. Lekin Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tadbirlar qamrovining oʻta kengligi bilan ulardan ajralib turadi.

    Muqobili boʻlmagan innovatsion loyihalar

    Oʻzbekiston — Yevrosiyo materigining markaziy qismida, dengiz va okeanlardan uzoqda joylashgan. Mamlakatimizning 80 foizi choʻl va yarim choʻllardan iborat boʻlib, hozirgi vaqtda qariyb 10 million gektar yaylovlar tubdan yaxshilanishga muhtoj boʻlsa, koʻchadigan qumlar qariyb 1 million gektar maydonni egallaydi va uning ikki yuz ming gektari soʻnggi vaqtda sugʻoriladigan yerlar atrofida paydo boʻlgan.

    Yurtimizda choʻl ekotizimlarining barqarorligiga erishish, biologik xilma xillikni kengaytirish, yerdan samarali foydalanish yoʻlida amalga oshirilayetgan izchil ishlar bu kabi muammolar yechimini topishga xizmat qilmoqda. Bu borada yangicha yondashuvlar, innovatsion gʻoyalarga asoslangan loyihalar amalga oshirishga katta eʼtibor qaratilyapti.

    — Barxan va tekis qumliklarda kichik aviatsiya (AN-2 samolyoti, deltaplan) yordamida saksovul urugʻlarini qanotsizlantirib, drojji shaklida donador va sochiluvchan holatga keltirib ekish ishlari olib borilganligi ana shunday loyihalar sirasiga kiradi, — deydi Hojimurod Tolipov. — Deltaplanlar bilan ekilganda, polosalari kengligi 20-30 metr, ular orasidagi masofa 50-70 metrni tashkil etadi. Urugʻlarning qanotsizlantirishi atrofga uchib ketishiga yoʻl qoʻymaydi. Ushbu usulning ananaviy oʻrmon barpo etishga nisbatan afzalligi ish unumdorligining yuqoriligidir. Agar traktorlar bilan bir kunda 40-50 gektargacha oʻrmon barpo etiladigan boʻlsa, kichik aviatsiya koʻmagida kamida 1000 — 1500 gektargacha ish bajariladi. Koʻchatlar esa asosan taqir yerlarda texnikalar va qoʻl kuchi bilan ekildi.

    “Yashil qoplama” hosil qilishning yana bir usuli, bu qurigan Orol dengizi tubida 40 santimetr chuqurlikda qum toʻplaydigan joʻyaklar olib, maxsus qurilma bilan uning tubini yanada chuqurlashtirgan holdla, yerlarni ekishga tayyorlashdir. Bu yumushlar kuzda bajarilsa, ular 2-3 oy ichida qumga toʻladi. Keyin unga 1 yoshli saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklari nihollarini ekish mumkin.

    Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti olimlarining olib borgan tajribalariga koʻra, maxsus moslamalar bilan tayyorlangan joʻyaklarning samaradorligi shundaki, qumga toʻlgandan keyin unga ekilgan nihollarning ikkinchi yildagi saqlanishi 85 foizni tashkil etdi, Lekin ariq ochmasdan, tekis maydonda ekilgan koʻchatlarning oʻsishi 12 foizga teng boʻldi. Bunga sabab qum toʻplaydigan ariqlarda namlikning tekis yerga nisbatan koʻp saqlanishidir, Bu holat, ayniqsa, suvsiz choʻl hududlarida juda muhim. Ushbu usulda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 2019-yilda 1126 ming gektarda, 2020-yilda 166,3 ming gektar maydonda qum toʻplaydigan joʻyaklar olinib, yer tayyorlash ishlari amalga oshirildi va ularda bosqichma-bosqich koʻchat ekish ishlari olib borildi.

    Oʻtgan yilning yanvar-mart oylarida qurigan dengiz hududida jami 107 ming gektar “yashil koplama” barpo etildi, shundan 71 ming gektari aviatsiya va 31 ming gektari traktorlar yordamida urugʻlar sepildi, 5 ming gektar maydonda saksovul koʻchatlari ekildi. Buxoro viloyatida jami 40 ming gektar oʻrmonzorlar barpo etilgan boʻlsa shundan 36 ming gektari texnikada urugʻlar sepildi va 4 ming gektarida saksovul nihollari qadaldi. Navoiy viloyatida jami 50 ming gektar, shundan texnika yordamida 11 ming gektar va aviatsisya bilan 38,6 ming gektar maydonda urugʻlar sepildi, koʻchat ekilgan maydonlar 2,1 ming gektarni tashkil etdi. Xorazm viloyatida bu boradagi ishlar 10,8 ming gektar maydonda amalga oshirildi, uning 200 gektarida nihollar ekildi.

    Bu yilgi mavsumda ham joylarda hududlarning tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqan holda, urugʻdan va koʻchatdan oʻrmon barpo etish ishlari olib borilmoqda.

    Orol dengizining qurigan hududlarida qazilgan artezian quduqlaridan suv chiqarilishi natijasida joylarda suiʼiy koʻllar paydo boʻldi, ular atrofida qamishzorlar vujudga keldi, daraxt va butalar oʻsa boshladi. Qumliklarda barpo etilgan saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan iborat maydonlar ular bilan uygʻunlashib choʻl ekotizimlari tiklanyapti, yovvoyi hayvonlar va qushlarni oʻziga jalb etishga, shu yerda yashashga, in qurishga va koʻpayishga sharoitlar yaratyapti. Monitoring oʻtkazish davrida koʻplab hayvonlarning, ayniqsa uzoq oʻlkalarga uchib ketadigan qushlarning migratsiyasi, shu jumladan qizil oyoqli flamingolarning bir muddat qoʻnishi holatlari kuzatildi.

    Olimlarning qayd etishicha, Orol dengizi qurigan maydonining yer holati bir xil emas: 5 yil avval qurigan hudud bilan 50 yil avval suv qochgan joyning holatida umuman katta farq mavjud. Hamma yerga bir turdagi oʻsimliklarni ekishni tavsiya qilib boʻlmaydi. Har bir hudud oʻziga xos yondashuvni talab etadi. Yerlar holatini, qum va shoʻrliklarni eʼtiborga olib, faqat toʻgʻri tanlab ekilgan koʻchatlargina oʻzini tutib ketishi mumkin.

    Shu kabi jihatlarga ilmiy izlanishlarda alohida eʼtibor qaratilyapti. Masalan, Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan “Qurigan Orol dengizi tubidagi qisman oʻsimliklar bilan qoplangan hududlarda choʻl butazor yaylovlari barpo etish tizimini ishlab chiqish” loyihasiga binoan, 3000 gektar maydonda ozuqabop teresken, keyreuk va boshqa shu kabi choʻl oʻsimliklaridan yaylovlar barpo etildi. Bu yerlarda urugʻdan unib chiqqan nihollarning koʻkaruvchanligi tuproqning shoʻrlanish darajasiga qarab 20-60 foizni tashkil etdi. Kelgusida saksovulzorlarning oralarida ana shu texnologiyalar asosida mahsuldor yaylovzorlar barpo etish mumkin.

    “Orolboʻyi hududlarida intensiv koʻpayadigan texnik va yaylovbop ekinlarning yangi navlarini yaratish va agrotexnologiyasini ishlab chiqish hamda urugʻchiligini tashkil etish” innovatsion loyihasi doirasida esa, Orol dengizining qurigan tubida saksovul, cherkez, boyalish, keyreuk nihollarini jadal yetishtirish texnologiyasi Taxtakupir oʻrmon xoʻjaligining 2 gektar maydonida joriy etildi. Natijada, koʻchatxonada choʻl oʻsimliklarining 620 ming dona nihollari yetishtirildi (koʻkaruvchanlik 95,7 foiz). Ayni kezda choʻl hududlarida koʻchatxonalar tashkil etishda ushbu tajribadan keng foydalanilyapti.

    Shu bilan birga, “Qurigan Orol dengizi tubi tuproq iqlim sharoitida oʻsadigan daraxt va buta oʻsimliklarining genofondini yaratish” boʻyicha loyiha ham amaliyotga tadbiq etilmoqda. Bugungi kunda Orolboʻyining turli geografik mintaqalarida qum boʻronlari va garmsel shamollariga qarshi yashil oazislar barpo etish uchun 2 gektar maydonda 15 turdagi (qora saksovul, qizil qandыm, rixter cherkez, choʻgʻon, teresken, boyalыch, keyreuk, izen, solyanokolosnik belanje, tamariks, efedra, shobera selitryankasi, selin, tereza) choʻl oʻsimliklarining genofondi yaratildi.

    Hamkorlikda hikmat koʻp

    Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sesiyadagi maʼruzasida Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida eʼlon qilish boʻyicha taklifni ilgari surgan va mazkur xalqaro tashkilot 2021-yil 18-mayda “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Avvalgi yil 29-iyulda Prezidentimiz tomonidan imzolangan qarorda mazkur hujjat ijrosini taʼminlashning amaliy vazifalari belgilab berildi hamda “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    — Ushbu hujjatda Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirishning oʻn toʻrtta yoʻnalishi koʻrsatib berilgan, — deydi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Nizomidin Bakirov. — Ular doirasida bugungi kunda 312 milliard soʻm, 22,2 million dollar va 6 million yevro ajratilgan 71 ta tadbir, shuningdek 1,9 trillion soʻmlik 65 ta ustuvor innovatsion loyihani amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, bu borada 230 ta loyihaviy taklif mavjud, ularning umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan “Moʻynoq” va “Samanbay” tajriba-sinov maydonlarida tuproq-iqlim sharoitlariga mos boʻlgan choʻl oʻsimliklarini ajratib olish boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilpti. Bu boradagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 40 dan ortiq xorijiy va mahalliy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangan.

    Markaz tomonidan “Oroldagi mening bogʻim” (My garden in the Aral Sea) agro-ekoturizm loyihasi ishlab chiqildi. Uning asosiy maqsadi chet ellik sayyohlar va mahalliy aholining Orolboʻyini koʻkalamzorlashtirish ishlariga oʻz ulushini qoʻshishga va shu yoʻl bilan kishilarning turmush darajasini koʻtarishga daʼvat etishga qaratilgan. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida Oʻzbekistonda ilk bor aholi tomonidan koʻkalamzorlashtirish loyihasi va kraudfanding (aholi tomonidan moliyalashtirish) platformasi yaratildi. Loyiha uchun “Moʻynoq” tajriba-ishlab chiqarish uchastkasida 1,8 gektar maydon ajratilib, 15 turdagi 3000 ga tyaqin daraxt koʻchati ekildi. Bundan tashqari, Orol dengizining qurigan tubidagi 42 gektar maydonda 42 ming tup saksovul, qandim va teresken koʻchati oʻtqazildi. Oʻtgan yili Moʻynoq tumani hokimligi tomonidan loyihani kengaytirish uchun 30,4 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda ushbu maydonlarda dekorativ bogʻ yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

    Maʼlumki, 2018-yilning 27-noyabr kuni Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida nafaqat Oʻzbekiston, balki, jahon hamjamiyati uchun ham tarixiy voqea yuz bergan edi. Prezidentimizning tashabbusi asosida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi tashkil etildi

    Mazkur fond Orolboʻyidagi aholi turmush faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik, ijtimoiy himoya va boshqa sohalar bilan bogʻliq boʻlgan muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni taʼminlash, Oʻzbekiston hukumati, BMT agentliklari, donorlik hamjamiyatlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali mintaqani rivojlanish jarayoniga birgalikdagi yordamni taʼminlash, unin rivoji uchun texnik hamda moliyaviy resurslarni safarbar qilish kabi ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

    Bugungi kunga qadar jamgʻarma strategiyasi doirasida Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq, turli loyihalarni moliyalashtirish uchun 244 million dollarga yaqin mablagʻ jalb qilingan. Shu bilan birga, jamgʻarma tomonidan 5 ta qoʻshma dastur moliyalashtirildi, Bu esa, oʻz navbatida, Qoraqalpogʻistonning 48 ming aholisig hayot sifati yaxshilanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

    Bu kabi loiha va dasturlar va ularning samaralariga doir maʼlumotlarni yana koʻrlab keltirish mumkin. Binobarin, mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida ham Orol dengizining tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydonlar barpo etib, uning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Zeror, dunyoda muqobili boʻlmagan ushbu vazifalar ijrosining taʼminlanishi Orolboʻyi hududida ekologik fojia taʼsirini kamaytirish, odamlar hayotini yaxshilash va ularning orzu-niyatlarining amalga oshishiga xizmat qiladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi