Bu yilgi yoz fargʻonalik bolajonlar uchun yanada qiziqarli voqea va tadbirlarga boy boʻladi. Sababi,  viloyatda bolalarning yozgi dam olishlarini   tashkil etish, mavsumni esda qolarli amallarga boy ruhda oʻtkazishga katta eʼtibor  qaratilmoqda. Bu bejiz emas, albatta.

Zero, keyingi yillarda yosh avlodni har tmonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, taʼlim-tarbiyasini yanada yaxshilash,  taʼlim sifatini oshirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun keng shart-sharoit yaratishga boʻlgan eʼtibor oshdi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini qoʻllab-quvvatlash, hayotda munosib oʻrin topishlariga koʻmaklashish davlatimizning doimiy eʼtiborida. Bularning bari  kelajagimiz vorislari hayot tarzida yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda.

Birgina misol. Oʻtgan yili olis Soʻx tumanida 5 gektar maydonda barpo etilgan “Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ish boshladi. Shu kunga qadar bu yerda bolalar oromgohi yoʻq edi. Minglab oʻquvchilar yozgi taʼtilni uyda oʻtkazardi. Bugun ushbu togʻ qishlogʻidagi bolalar oʻzlarining hayot tarzida boʻy koʻrsatgan oʻzgarishlardan bahra olib yashamoqda.  200 oʻringa moʻljallangan oromgohda oʻtgan mavsum davomida 700 nafardan ziyod bola maroqli hordiq oldi. Bu yerda oʻgʻil-qizlarning miriqib dam olishlari, jismonan chiniqib, salomatliklarini mustahkamlashlari, bilim va koʻnikmalarini oshirishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yangi mavsum esa yanada  qiziqarli oʻyin-kulgilarga boy boʻladi.

Faqat bugina emas. Ezgu maqsad yoʻlida boshlangan islohotlar samarasi  tufayli koʻhna Shohimardon  qishlogʻidagi  bolalar oromgohi ham bolalar quvonchiga toʻldi. Purviqor togʻlar bilan oʻralgan soʻlim maskan  chorak asrki huvillab yotgandi. Oʻtgan yoz mavsumida bu yerda Fargʻona tumani, xususan, Shohimardon va Yordon qishloqlaridagi minglab bola maroqli dam olib qaytdi.

— Koʻlami keng ezgu ishlar joriy yilda yanada bardavom boʻlishiga alohida  eʼtibor qaratganmiz, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. —Respublika Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi  “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar  toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, viloyatimizdagi 8 ta oromgoh Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti tassarufiga oʻtkazildi. Ayni kunga qadar barcha inshootlar “Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan joriy taʼmirlanib, mavsum uchun taxt qilindi. Oromgohlarga oshxona, kutubxona, yotoqxona va tibbiyot jihozlari, sport inventarlari, kompyuter jamlanmalari, televizorlar, ovoz kuchaytirgichlar, elektr generator kabi zaruriy vositalar yetkazib berildi. Joriy yil yozgi mavsumda 17 ta statsionar oromgohda 11040 nafar bola dam oldiriladi. Shu  bilan birga, 121 ta sogʻlomlashtirish maydonchalarida kunduzgi bolalar oromgohlari tashkil etilishi hisobiga 21040 nafar yosh dam olishi bilan bogʻliq tegishli chora-tadbir koʻrildi. Bu umumiy hisobda 32080 nafar bolani yozgi dam  olish maskanlariga qamrab olish imkoniyatini beradi.

Rishton tumanidagi “Qoʻrgʻoncha” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi  “Rishton” oromgohida bolalarning mazmunli dam olishlarini tashkil etishga alohida hozirlik koʻrildi. Oromgoh hududida suv taʼminoti taqchilligi bartaraf etilib, toza ichimlik suv chiqarildi, minora oʻrnatildi. Yangi tarmoq toza ichimlik suv  taʼminoti  bilan bogʻliq muammolarga yechim topdi.

— Yozgi taʼtilning 4 mavsumida 480 nafar bolani qabul qilish bilan bogʻliq kerakli sharoitlar yaratildi, — deydi oromgoh rahbari Shuhrat Muyassarov. — Bolalar uchun 2 ta sunʼiy suv havzasi oʻrnatildi, 2 ming kitob fondiga ega kutubxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yangi yotoqxona va tibbiyot jihozlari bilan taʼminlandi. Bolajonlarni sogʻlomlashtirish, har bir kunini mazmunli va qiziqarli oʻyinlarga boy ruhda oʻtkazish uchun barcha sharoitlar bor. Oʻquvchi yoshlar  “Mohir qoʻllar”, ”Happy English”, “Ertaklar olamida” mental arifmetika, tasviriy sanʼat, taekvando, shaxmat-shashka, stol tennisi, yosh kitobxon, raqs kabi toʻgaraklarga jalb qilinadi. Bu yoshlarni oʻz vaqtida oʻynab, dam olishi, qiziqarli mashgʻulotlarda qatnashish imkoniyatini beradi.

Bolajonlarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun barcha oromgohlarda puxta tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, mavsum davomida turli davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuv, intellektual oʻyinlar, viktorina hamda sport musobaqalari oʻtkaziladi. Bundan tashqari, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, diqqatga sazovor joylarga sayohatlarning tashkil etilishi yoshlarga olam-olam quvonch ulashadi.

Umuman olganda, bolalarni dam oldirish va sogʻlomlashtirishga  tayyorgalik koʻrish ishlari faqat yozgi mavsumdagina emas, butun yil davomida olib borilmoqda. Buning natijasida chekka qishloqlarda istiqomat qiluvchi oʻgʻil-qizlar ham soʻlim oromgohlarda dam olish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

                                                         Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri