Ammo OʻRVIga chalingan bemor farzandlarni uy sharoitida davolashda shifokor tavsiyasisiz, oʻzboshimchalik bilan amalga oshiriladigan notoʻgʻri muolajalar qator asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdumannop Abduqayumov bunday pallada ota-onalar tomonidan eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan xatolar haqidagi xulosalarini maʼlum qildi.
— Isitmasi yuqori bolaning tomogʻini yod yoki zelyonka bilan artish koʻp kuzatiladigan yanglish xatti-harakat, — deydi mutaxassis. — Chunki kichik yoshli bemorning nafas yoʻli shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yalligʻlangan va shishgan boʻladi.
Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, laringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi xavfi bor.
Tana harorati 38,5 darajadan koʻtarilganda, paratsetamol yoki ibuprofen berish tavsiya etiladi. Ammo baʼzi ota-onalar tibbiyotdan yaxshi xabardor boʻlmagan tanishi, qoʻshnisini chaqirib, analgin, dimedrol, novokain qoʻshib mazkur aralashmani isitma tushirishda qoʻllashadi.
Bu mutlaqo mumkin emas. Analgin qonni suyultirib yuboradi. Dimedrol esa bolada yoʻtal paydo boʻlgan, bronxlari torayib qolgan paytda asoratlarni yanada kuchaytiradi.
Bundan tashqari, allergik yoʻtal, astma, yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish mumkin emas. Chunki tutun kichkintoy organlari spazmini koʻpaytirib, yoʻtalni yanada kuchaytirishi ehtimoli mavjud.
Tana harorati koʻtarilgan bolani qalin kiyintirish, koʻrpa-adyollar oʻrab-chirmab tashlash ham notoʻgʻri. Negaki, bu xatti-harakat organizmning isitmadan xalos boʻlishiga toʻsqinlik qiladi.
Shamollash chogʻida bolaning ishtahasi pasayishi mumkin. Bu — organizmning tabiiy reaksiyasi. Ammo baʼzi ota-onalar shunday paytda farzandini koʻp miqdorda ovqat yeyish yoki ichimlik ichishga majburlaydi. Ushbu holat kichkintoyning oʻzini yomon his qilishi yoxud hazm qilish jarayoni buzilishiga olib kelishi mumkin.
OʻRVI yoki gripp tashxisi qoʻyilgan bolani havo aylanmaydigan va nam xonada saqlash ham yaramaydi. Bunday sharoitda viruslar koʻpayishi osonlashadi va bemorning nafas olishi qiyinlashadi.