Oʻsimliklar karantini tizimidagi ahvol qoniqarlimi?

    Joriy yilning 8 oyida Oʻzbekistondan karantin ostidagi 1,4 million tonna yuk eksport qilingan, ularga 114,1 ming dona jahon andozalaridagi xalqaro fitosanitar sertifikatlar berilgan. Mamlakat boʻyicha esa 67 ming 405 dona ichki fitosanitar sertifikati rasmiylashtirilgan.

    Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbari Ibrohim Ergashevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzolariga bergan axborotida aytilgan.

    Shuningdek, axborotda oʻtgan 8 oyda Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan jami 4,8 million metr kub zararsizlantirish (fumigatsiya) hamda 5,7 million metr kvadrat hajmda nam ishlov berish ishlari olib borilgani maʼlum qilingan. Xorijiy mamlakatlardan yurtimizga urugʻlarni, oʻsimliklarni, koʻchatlarni va ularning qismlarini olib kelishda karantin ruxsatnomasining 19 ming 211 donasi import uchun va 1670 donasi tranzit uchun rasmiylashtirilgan. Chet ellardan 2,4 million tonna karantin ostidagi yuklar olib kelinib, karantin nazoratidan oʻtkazilgan.

    Deputatlar tizimdagi muammolarga eʼtibor qaratdi. Taʼkidlanganidek, mahsulotlarni yetishtirishda zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish sifati qoniqarsiz, dala va bogʻlarga agronom mutaxassislar jalb qilinmayapti, mahsulotlarni eksport qilishda maxsus saralab kolibrlash, qadoqlash va markirovkalash texnologiyalari holati talabga javob bermaydi. Yaʼni, hanuz eskicha tizimda – zararlangan yogʻoch qutilarga yuklab, toʻgʻridan-toʻgʻri eksportga yuborilmoqda.

    Deputatlar tizimda koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish maqsadida xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish, barkod (kodlashgan) tizimini joriy qilish, mahsulotlarni maxsus qadoqlash sexlari yordamida tayyorlash boʻyicha takliflarini aytdi.

    Eslatib oʻtamiz, 21-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev soha masʼullari oldiga tovarlarni xalqaro fitosanitariya talabi asosida tayyorlash uchun mahsulot yetishtiruvchi, qadoqlovchi va eksport qiluvchi har bir korxonaga karantin inspektorlarini biriktirish, “Daladan eksportgacha” tamoyili boʻyicha toʻliq ishlashni taʼminlash, xususiy klinika va biolaboratoriyalarni koʻpaytirish, 1-dekabrga qadar Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi maʼlumotlar bazasini bojxona organlarining “Yagona darcha” elektron tizimiga toʻliq integratsiya qilish vazifasini qoʻygan edi.