Uchrashuv chogʻida hamkorlikning bugungi holati, Oʻzbekistonda OIIB loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, sheriklikni yanada chuqurlashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonning OIIB bilan moliyaviy-texnik hamkorligi sezilarli darajada faollashgani qayd etildi. Jumladan, qishloq infratuzilmasini, suv taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash, avtomobil yoʻllarini qayta taʼmirlash, sogʻliqni saqlash va energetikani rivojlantirish sohalarida umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga teng boʻlgan 14 ta loyihadan iborat investitsiyalar portfeli Markaziy Osiyo mamlakatlarida OIIB loyihalari boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichdir.
Hayotga joriy etilayotgan loyihalarni amalga oshirishni, shuningdek, koʻrib chiqish bosqichida boʻlgan loyihalar yuzasidan kelishishni jadallashtirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi. Tomonlar infratuzilmaviy rivojlanish sohasiga alohida eʼtibor qaratar ekan, bu yoʻnalishda ahamiyatga ega yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar.
Muzokaralar kun tartibi doirasida sanoat va hududlarni rivojlantirish hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarni bajarish uchun kredit liniyalari ajratish, shuningdek, Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirayotgan xususiy kompaniyalarni moliyalashtirish maqsadida Bank resurslarini jalb qilish masalalari oʻrganildi.
Shuningdek, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi va OIIB oʻrtasida qoʻshma investitsiya loyihalari va dasturlarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda 2024-yilda OIIB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik yigʻilishini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi va ushbu tashabbusni roʻyobga chiqarish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida munosabatlarning koʻrib chiqilgan barcha sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida birgalikdagi ishlarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.