XOQ prezidenti Tomas Baxning ijroqoʻm yigʻilishida bildirishicha, Afrika qitʼasida ilk bor oʻtkazilishi kutilayotgan ushbu olimpiya oʻyinlarining qoldirilishiga Senegal davlati prezidenti Makki Sallning iltimos bilan murojaat etganligi sabab boʻlgan.

Senegal prezidentining Xalqaro olimpiya qoʻmitasiga yuborgan iltimosnomasiga koʻra, jahonda koronavirusning keng yoyilishi Afrika qitʼasida, xususan Senegal iqtisodiga juda katta ziyon yetkazgan. Bu esa qitʼa tarixida birinchi bor Dakarda oʻtishi kutilgan olimpiya oʻyinlarining moliyaviy manbalarini murakkab vaziyatda qoldirdi.

Senegal davlatining bunday qarorga kelishi XOQ rahbariyati tomonidan maʼqullanayotgan boʻlsada, Kolumbiya, Hindiston, Rossiya i Tailand vakillari oʻyinlarning 2026-yilga koʻchirilishi bilan bogʻliq jarayonlarga eʼtiroz bildirishib, Dakar oʻyinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan, moliyaviy mablagʻlarni yoʻnaltirgan milliy olimpiya qoʻmitalari, xalqaro sport federatsiyalari “oʻz vaqtida ogohlantirilishi lozim” ekanliklarini taʼkidlashgan.

Senegalda oʻtishi lozim boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi IV yozgi Olimpiya oʻyinlarining 2026-yilga rasman koʻchirilishi bilan bogʻliq qaror ertaga oʻtkaziladigan Xalqaro olimpiya qoʻmitasining sessiyasida qabul qilinadi, deya xabar bermoqda XOQ sayti.

Toʻlqin ROʻZIYEV.