Ota-onaning oyogʻini yuvib, suvini ichish toʻgʻrimi?

    Ijtimoiy hayot 16 Avgust 2023 1747

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ushbu savolga javob berdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda bir videoga koʻzim tushib qoldi. Unda bir yigit onasini oyogʻi yuvilgan suvni qoʻllariga olib ichayotgani aks etgan. Shu ish shariatda joizmi?

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ushbu savolga quyidagicha javob berdi:

    — Dinimizda ota-onani rozi qilish katta savob hisoblansada, ularning oyogʻini yuvilgan suvni ichib, uni hammaga koʻz-koʻz qilish joiz emas . Chunki, bu birinchidan dinda gʻuluv (chuqur) ketish sanaladi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam bu haqida ogohlantirib, shunday deganlar: “Dinda gʻuluv (chuqur) ketishdan saqlaning. Zero, sizlardan oldingilarni faqatgina dinda gʻuluvga ketishlari halok qilgandir” (Imom Nasoiy, Ibn Moja va Ahmadlar rivoyati).

    Ikkinchidan, bu ishda riyo belgilari bor. Yaʼni moʻmin odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum boʻladi. Eng yomoni baʼzilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqdalar. Natijada boshqalar bu ishlar juda ulugʻ amal ekan, deb nojoiz ishlarni ibodat darajasiga koʻtarib yubormoqda. Koʻr-koʻrona ergashib ketmoqdalar.

    Imom Rabboniy quddisa sirruhu “Maktubot”da aytadilar: “Biror amal shariat koʻrsatmasiga muvofiq boʻlsagina Haq taolo huzurida maqbul boʻladi. Aksincha boʻlsa, Alloh taolo rozi boʻlmagan ish hisoblanadi. Qanday qilib Alloh rozi boʻlmagan ish savob oʻrni boʻlsin?! Balki u jazoga loyiq amal sanaladi”.

    Demak, ota-onani rozi qilish ham shariatimizga muvofiq tarzda boʻlsagina Alloh dargohida maqbul boʻladi.

    Shariatimizga koʻra, ota-ona roziligi hammmaga koʻz-koʻz qilib, ularni oyoqlaridan tushgan suvni ichish bilan emas, balki farzand umri davomida ularning xizmatlarini qilishi, ularga nisbatan doimo xushmuomala boʻlib, aziyat bermasligi bilan boʻladi. Shunga koʻra, farzand ota yoki onasining oyoqlari yuvilgan suvni ichishi va uni ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarga koʻz-koʻz qilishi joiz emas, deyiladi Fatvo markazi xabarida.