Navoiy shahridagi mahallalarda fuqarolar holidan xabar olgan “Madaniyat karvoni” aʼzolari “Istiqlol” mahallasida istiqomat qiluvchi Abduvali Nosirov xonadonida boʻldi.
Uzoq yillar radio va televideniyeda xizmat qilgan, oʻzining samarali ijodi, oʻnlab kitoblari bilan el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan xonadon sohibi elimiz suygan sanʼatkorlarning tashrifidan cheksiz faxr va quvonch tuyganini yashirib oʻtirmadi.
Mezbon bilan suhbat samimiy va qizgʻin kechdi. Oʻtganlar xotirlandi, ijod va sanʼatdan soʻz yuritildi. A.Nosirov hayoti va ijodidan taʼsirlangan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Bahodir Nishonov unga “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” teleloyihasi uchun ssenariylar yozib berishni taklif qildi. Taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan ijodkor eng taʼsirli va ibratli hikoyalar yozib berishga vaʼda berdi.