Toʻrt kun davom etgan tadbirlarda minglab yurtdoshlarimiz Qatarliklar madaniyatiga befarq emasliklarini amalda koʻrsatdi. Yaqin kelajakda Qatar oliygohlarida oʻqimoqchi boʻlgan yoshlar uchun ham bu ajoyib tuhfa boʻldi. Qatar milliy liboslari, hunarmandchiligi, milliy taomlari, ayniqsa, kemasozlik, gʻavvoslik sanʼati sirlari koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Bir soʻz bilan aytganda, yurtdoshlarimiz Qatar etnografiyasi bilan yaqindan tanishdi. Zero, uy qurilish uslublaridan tortib yashash tarzigacha aks etgan koʻrgazmalar tarix va hozirgi kunni aks ettirgan. Madaniyat vazirining xalqaro masalalar boʻyicha maslahatchisi Shohruh Akbarovning aytishicha, buning uchun qatarliklar oʻzlari bilan 10 tonnadan ortiq koʻrgazma yuklari, qurilish materiallarini olib kelishiga toʻgʻri keldi.
— Bu mustahkam hamkorlikka ikki davlat rahbarlarining oʻzaro tashabbuslari sabab boʻldi. Kelgusidagi maqsadlarimiz bu aloqalarni yanada yuksakka olib chiqish, — deydi Qatar amirligi madaniyat vazirligining xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Maryam Al Hammadi.
Darhaqiqat, kelajakda Qatar bilan aloqalarimiz sezilarli darajada rivojlanishiga umid katta. Zero, qatarlik kompozitor Nasser Saximning yurtimizda tashkil qilingan mualliflik konserti misolida Qatar madaniyatiga qiziqib qolgan oʻzbekistonliklarda albatta bu davlatga borish istagi tugʻilganiga shubha yoʻq.
Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud, yoʻllar ochiq. Chunonchi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga koʻra, ikki davlat rahbarlari qarori bilan viza rejimi olib tashlangani uchun ayni paytda oʻzbekistonliklar va qatarliklar har ikki davlatga bemalol tashrif buyuryapti. Toʻgʻridan-toʻgʻri aviaparvozlar natijasida qatarlik sayyohlar soni keskin oshdi. Kelajakda ikki davlat media vakillarining ham oʻzaro tashriflarini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi. Bu mamlakatlarimiz sayyohlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Alohida taʼkidlash joizki, qatarliklar koʻproq qishki sayyohlikka qiziqish bildiryapti. Shu maʼnoda Oʻzbekiston qishki turizmini targʻib qiluvchi kontentlar, telekoʻrsatuvlar tayyorlashga alohida eʼtibor berilyapti. Oʻylaymizki, bu boradagi saʼy-harakatlarimiz yurtimiz iqtisodiga yaxshigina hissa qoʻshishga xizmat qiladi.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri