Uning taqdimotida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, ushbu transportdan barcha viloyatlarga 1 tadan bo‘lishi maqsadga muvofiqligi haqida gapirdi.
“Muhokamalarga sabab bo‘lgan maxsus transportimizning imkoniyatlarini ko‘ryapmiz. Buni xarid qilishimizdan asosiy maqsadimiz konsert dasturi tashkil etish yoki kino qo‘yish imkoniyati mavjud bo‘lmagan chekka ovullar aholisiga “Mobil sahna” sifatida sotib oldik. U elektr ham talab qilmaydi.
Eng muhimi u bilan istalgan hududda konsert dasturlarini tashkil etish mumkin. Ya’ni bizga qo‘shimcha yordam talab etilmaydi. Bu transportlarimiz yil 12 oy Respublikamizning eng chekka hududlarida xalqimizga xizmat qiladi.
Bu transportni boshqa davlatlarda borligi haqida biz eshitmadik. Biz ilk bora 2 dona olib keldik. Maqsadimizga erishdik. Umuman olganda biz o‘ylagan narsamizni ko‘rib turibmiz.
Agar bundan har bir viloyatga olib kelsak, o‘ylaymanki, viloyatlarda katta muammolarimiz qolmaydi. Xalqqa madaniy xizmat ko‘rsatish imkoniyatimiz yanada kengayadi”, dedi vazir.
Qayd etilishicha, mazkur “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport (transformer) vositasining texnik parametrlari (ko‘rinishi, soni, chizilmasi va boshqa) mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqildi va musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus eng zamonaviy avtotransport vositasi bo‘yicha xorij davlatlari, jumladan, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH va Xitoydan keltirilgan maxsus uskunalar yordamida tayyorlangan.
Transformer “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasida mahalliy korxonalar (Turin politexnika universiteti) bilan birgalikda ishlab chiqilgan.
Avtotransport (transformer) ni o‘rnatishda qariyb 10 kishi ish olib boradi. Transport vositasi dizel yoqilg‘isida harakatlanadi, shuningdek, trasnportda generator o‘rnatilgan bo‘lib transportni elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.