“Maʼrifat karvoni” Vatan kezadi

    “Tamaddun. Madaniyat. Maʼrifat” shiori ostida mamlakatimiz boʻylab ilmiy-maʼrifiy targʻibot karvoni yoʻlga chiqdi.

    “Karvon” soʻzining tanlanishi ham juda yaxshi topilma boʻlibdi. Chunki karvonlar ellarga har doim orziqib kutgan yangiliklar, boylik, ashyo, neʼmatlar bilan kirib kelgan.

    Bu gal karvon “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy loyihasi doirasida yoʻlga chiqdi. Tuyalarda emas, Oʻzbekiston Boinglari qanotida, Afrosiyob poʻlat tulporlarida. Tuya karvonlari 40 kunda yetib borgan Nukusga targʻibotchilar nari beri bir soat deganda yetib borishdi.

    Karvonning yuki bebaho. Oltin-kumush, moʻyna, gazmol, chinni emas, ulardan qimmat mollar – yangi kitoblar, yangi bilim, yangi texnologiya, yangi gʻoyalar. Hamsafarlar ham tujjorlar emas, olim, notiqlar. Poytaxtdan borgan olim, ziyolilar, hududlardagi hamkasblar bir-birlarini bagʻirlariga bosishdi. Diydorga, maʼrifatga tashna dillar qondi. Uchrashuv ketidan uchrashuv, davra suhbatlari, savollar, javoblar, hayrat, fikr almashuvlar, oʻrgatib-oʻrganishlar boshlanib ketdi.

    Nukusdan Amudaryogacha, Amudaryodan Moʻynoqqacha, Qoraqalpogʻistonning eng chekka ovullari bepoyon muloqat maydoniga aylandi. Onlayn translyatsiyalar tadbirlarni peshma pesh ijtimoiy tarmoqlarda ulashib bordi.

    Islom sivilizatsiyasi markazi yosh olimlarining maʼruzalari tinglovchilarda hayrat uygʻotdi. Ular diyorimizdan chiqqan allomalarimizning aniq fanlar boʻyicha qilgan kashfiyotlarini bugungi sivilizatsiya bilan bogʻlab tushuntirishdi. Agar ular boʻlmaganida hozirgi sivilizatsiya boʻlmasligini dalillar bilan isbotlab berishdi. Bu misollarni aytib, bolalarimizni aniq fanlarni oʻrganishga koʻproq jalb qilishimiz kerakligini uqtirishdi.

    Chet ellardan keltirilgan noyob qoʻlyozmalar, hujjatlar koʻrsatildi. Islom sivilizatsiyasi markazi binosining qurilishi toʻgʻrisidagi videofilm va boshqa media asarlar koʻrsatildi. Bu esa uchrashuvlarni nafaqat qiziqarli, balki foydali, tarbiyali boʻldi. Zalda oʻtirganlar soʻzga chiqib, ichki turizm bilan poytaxtga borib, Islom sivilizatsiyasi markazi binosini koʻrishni niyat qilishganini aytishdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan hojilarimizdan biri koʻzda shodlik yoshlari bilan oxirgi yillarda haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshganini, keyingi 7-yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz hoji boʻlishganini aytdi. Bu neʼmatlar uchun nima qilishimiz kerak», degan savolni oʻrtaga tashladi. Yuzlab qatnashchilar “Shukr”, deyishdi. Notiq “Shukrning amali nima?”, dedi. Biroz jimlikni koʻrib, oʻzi javob berdi: “Aytish”. Bir birlarimizga elimizda boʻlayotgan yaxshiliklarni aytish shukronamizni bildiradi, dedi. Odamlar hoji otaga tan berib, olqishladilar.

    Uchrashuvlarda Prezidentimizning Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasida soʻzlagan nutqlari maʼnosi tushuntirib berildi. Eng muhimi, ushbu maʼruzalarda koʻtarilgan gʻoya va tashabbuslar tushuntirildi. Notiqlardan biri “Men prezidentim tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun nima qila olaman?”, dedi va oʻzi javob berdi. “Hurmatli Prezidentimiz Oʻzbekistonimizning yashillik darajasini 30%ga koʻtaramiz, dedilar. Men oʻzimga savol berdim: «Ey Jahongir. Bu milliy ishga sen qanday hissa qoʻsha olasan”, deb oʻyladim va eshigim oldiga 7 tup poloniy ekdim. Agar har birimiz oʻz hududimizni 30% yashil qilsak, mahallamiz 30% yashil boʻladi. Har mahalla 30% yashil boʻlsa, tuman, shahrimiz 30% yashil boʻladi. Har tuman, shahar yashil boʻlsa, hududimiz, har hudud yashil boʻlsa, Prezidentimiz aytganlaridek, jonajon Oʻzbekistonimiz yashil makon boʻladi», dedi.

    Zalda oʻtirganlar uni oʻrinlaridan turib olqishladilar. Uchrashuvlar boshqa hududlarda ham davom etmoqda. Bu gal tadbirlarning qamrovi katta. Misol uchun, bir tadbirning oʻzida 306ta maktabdagi 400 nafardan ortiq soha xodimlari, boʻlinmalar rahbarlari ishtirok etishdi.

    “Maʼrifat karvoni” yoʻlda.

    Unga peshvoz chiqing, vatandosh.

    Muhammadjon Quronov,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi

    Ijtimoiy maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari,

    pedagogika fanlari doktori, professor.