Ushbu hujjatda oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qoʻshgan atoqli adib va jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan ahamiyati taʼkidlanib, adib tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlar rejasida adibning qoraqalpoq, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilingan asarlarini nashrga tayyorlash va chop qilish ham belgilab qoʻyilgan edi.

Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish yoʻlida bugun Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ham bir qator ishlar qilinyapti. Universitetning “Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika” kafedrasi dotsenti, tarjimon Xayrulla Hamidov va uning shogirdlari tomonidan adibning bir qancha mashhur hikoyalari va asarlaridan parchalar turk tiliga oʻgirildi. Bu asarlar “Ötkir Haşimov. Seçme Hikâyeler” (“Oʻtkir Hoshimov. Tanlangan hikoyalar”) nomi ostida chop etildi. Kitobga universitet rektori G.Rixsiyeva soʻzboshi yozgan.

Universitetda ustoz-shogird anʼanasi asosida amalga oshirilayotgan ijodiy ishlar maqtanishga arzigulik. Kitobga Xayrulla Hamidov shogirdlarining tarjimalari ham saralab olingani buning yaqqol isbotidir. Xususan, un buyuk soʻz ustasining “Yanga”, “Tasodif”, “Urushning soʻnggi qurboni”, “Baxt”, “Gʻaroyib sayohat” va boshqa hikoyalari, shuningdek, mashhur “Dunyoning ishlari” va “Daftar xoshiyasidagi bitiklar” nomli asarlaridan parchalar, adib asarlarida bot-bot qoʻllanilgan purmaʼno hikmatli soʻzlarining turkcha tarjimalari oʻrin olgan.

Ushbu kitob Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ijodiy jamoasining adib tavalludining 80 yilligiga kamtarona tuhfasi boʻladi, deb umid qilamiz.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib va jamoat arbobi Oʻtkir Hoshimov 1941-yilning 5-avgustida Toshkent shahrida tavallud topgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati