Prezident Yangi Oʻzbekistondagi tashabbuslarni, ayniqsa, taʼlim boʻyicha islohotlarni chekka hududlarga ham kirib borishga harakat qilinayotgani haqida gapirdi.
“Biz avvalo ustozning, muallimning obroʻsini koʻtarishimiz kerak. Aytish kerakki, biz 20 yilda oʻqituvchilarga eʼtibor qaratmadik. Bundan kim yutqazdi? Albatta, biz.
Navoiyga borganimda yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdim. Ulardan “sizlarni nima qiynayapti?”, deb soʻradim. Ular javob bera olmadi. Savolga oʻzim javob berdim: “korxonalardagi yangi texnika, asbob-anjomlarni ishlatishda qiyinchiliklar boʻlyaptimi?”, degan edim, bir yigit bunga javoban “bilim yetishmayapti”, dedi. Bu ham haqiqat”, — dedi prezident.
Davlat rahbari har bir inson oʻzining ertanggi kuni boʻlgan farzandlarni muallimga ishonib topshirishi haqida ham gapirdi.
“Oxirgi yillarda taʼlimda oʻqituvchining kayfiyati, dars berishi oʻzgargani ham adolatli haqiqat. Men oʻzim ham taʼlim berganman, bilaman bu sohani. Oliy Majlisga yoʻllangan murojaatnomada aytilgan oltita yoʻnalishni bajarish azob. Lekin bugun qiynalmasak, ertaga natija boʻlmaydi”, — deya qoʻshimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.