— Qirgʻizistondan Oʻzbekistonga siam egizaklari boʻlgan nabiralarimni oktyabr oyida olib kelgandik. Oʻshanda ular 5 oylik edi. Tugʻuruqxonadan olib chiqayotganimizda chaqaloqlarning yashab qolishiga umid yoʻq, deyishgan. Qarindoshlarimiz orqali yurtingizning tajribali doʻxtirlari bilan bogʻlanganimizda, bizga umid berishdi.

Bir necha oy erinmasdan onlayn konsultatsiya qilib bordilar. Keyin qator tekshiruvlardan oʻtkazish kerakligini aytishganida, mushkul ahvolda qoldik. Chunki biz yashayotgan Oʻsh shahrida bu egizaklarni tekshiruvlardan oʻtkazishning imkoni yoʻq edi. Shuning uchun Oʻzbekistonni qora tortib keldik.

Toshkentga kelganimizda chaqaloqlar jarrohi Baxtiyor Ergashev: “Mana koʻrasiz, hali bu yerdan nevaralaringizni sogʻlom holda, ikki qoʻlingizda alohida-alohida koʻtarib chiqib ketasiz”, deb bizga dalda berdi.

Operatsiya boshlanishidan oldin ham bunday amaliyot juda murakkab ekani, agar xohishimiz boʻlsa, boshqa davlatda oʻtkazishimiz mumkinligi haqida aytishdi. Lekin doʻxtirlarning avvalgi operatsiyalari natijalari haqida xabardor boʻlganimiz uchun ularga oxirgi daqiqagacha ishonch bildirdik.

Mana, tugʻilganida yashab ketishiga hech kimning koʻzi yetmagan nabiralarim 7 oylik boʻldi. Bunga, avvalo, Allohning marhamati, soʻngra oʻzbekistonlik shifokorlarning mahorati sabab. Oʻz kasbining haqiqiy fidoyilari boʻlgan, ishini vijdonan va halol bajarayotgan shifokorlarga rahmat aytaman.

Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov holimizdan xabar olib kelganlarida: “Xudo xohlasa, Fotima-Zuhralar ulgʻayib, shifokor boʻlib, oq xalat kiysin. Oʻshanda ham ularni Oʻzbekistonda oʻqitaylik” deb tilak bildirdi. Biz ham vazir aytganidek, nabiralarim kelajakda shunday qoʻli yengil shifokor boʻlishini niyat qildik.

Egizaklarimiz hayotini saqlab qolib, oilamizga baxt ulashganlari uchun Respublika perinatal markaziga, muassasaning Baxtiyor Ergashev rahbarligidagi chaqaloqlar xirurgiyasi boʻlimi mutaxassislariga, operatsiyada ishtirok etgan Habibullo Oqilov va Nasriddin Ergashev kabi professorlar-doʻxtirlar cheksiz minnatdorlik bildiraman.