Gimnastika federatsiyasi prezidentligiga nomzodni tayinlash ovoz berish yakunlariga koʻra boʻlib oʻtdi va konferensiya ishtirokchilari ushbu masʼuliyatli lavozimga Shavkat Umurzoqovni bir ovozdan maʼqulladilar.

Taʼkidlash joizki, Shavkat Umurzoqov rahbarligida “Oʻzavtosanoat” uzoq yillar davomida Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining bosh homiysi boʻlib kelgan.

Konferensiya davomida Shavkat Umurzoqov oʻsib kelayotgan yosh avlod hayotida sport muhim ahamiyat kasb etishini qayt etib, federatsiyaning Olimpiya musobaqalarida yuksak marralarni zabt etganini eʼtirof etdi. Xususan, uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi dunyoning 162 ta milliy federatsiyalari orasida kuchli 10 talikdan joy oldi.