Yodingizda bo'lsa, bundan bir yarim yilcha oldin “O'zavtosanoat” AJ butun mamlakatda boshlangan aktsiya — “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o'z hissasini qo'shishini e'lon qilgandi. O'sha paytda “O'zavtosanoat”ning ushbu tashabbusini barcha telekanallar, saytlar va blogerlar reklama huquqi asosida keng yoritgandi. Mana, bo'larkan-ku, deya og'izlaridan bol tomib maqtashgandi.
Mazkur maqolalardagi ma'lumotlarga ishoniladigan bo'lsa, Aydarko'lning Arnasoy tumani hududidagi qirg'oqlarida 103 gektarda 60 mingdan ortiq yapon saforasi, katal`pa, pavlovniya, qarag'ay, chinor kabi manzarali daraxt ko'chatlari ekilgan. Buning uchun tizim tasarrufidagi korxonalardan 1,5 mingdan ortiq xodim jalb etilgan. Lekin qancha mablag' ajratilgani haqida biror manbadan rasmiy ma'lumot topolmadik.
O'tgan yil 12 may kuni mahalliy saytlardan birida bu bog' haqida reklama huquqi asosida e'lon qilingan (tashabbuskorlar reklamaga ham katta pul sarflashgan chog'i) maqoladan iqtibos keltiramiz:
“Aydar-Arnasoy ko'llar tizimi qirg'og'ida joylashgan sun'iy o'rmon parki dam olish kunlarida mahalliy aholi tabiat qo'ynida hordiq oladigan jozibali turistik maskan bo'ladi. Keyinchalik park hududi obodonlashtirilgan plyaj, sport maydonchalari va boshqa ob'ektlar bilan to'ldiriladi, bu esa uni, shubhasiz, faol dam olish uchun mashhur maskanga aylantirib, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash imkonini beradi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik doirasida kompleksning dam olish infratuzilmasini yaxshilash uchun qo'shimcha sharoitlar yaratiladi”.
Kesatiqsiz, mubolag'asiz aytish kerakki, “O'zavtosanoat”ning ushbu ezgu maqsadi va sa'y-harakati haqiqatan ajoyib edi. Negaki, Arnasoyga qilgan safarimiz davomida bog' barpo etish uchun bejiz Aydarko'l qirg'oqlari tanlanmaganiga amin bo'ldik. Bu manzilga tashrif buyurganlar yaxshi biladi – doimo to'lqinlari mavjlanib turadigan ko'lning narigi qirg'og'i ufqqa tutashgan. Kishiga go'yo dengiz bo'yida yurgandek kayfiyat beradi. Lekin shunday go'zal manzil atrofi cho'ldan iborat. Qirg'oqlaridagi julg'unzorlarni hisobga olmaganda soyalash uchun na daraxt bor, na biror qo'nalg'a bor. ekoturizmni rivojlantirish uchun juda qulay manzil. Shu nuqtai nazardan, ushbu loyiha rostdan ham olqishlarga arzirdi.
Biroq shuncha mehnat, sarflangan mablag' bugun havoga uchdi. Siz suratlarda ko'rib turgan ko'chatlar bugun qurib, bog' yana yaydoq sahroga aylangan. Qurigan ko'chatlarni ko'rib, hafsalangiz pir bo'ladi.
— Bu erda boshlangan ishlarni ko'rib, boshida rosa quvongandim, — deydi sayyohlarga xizmat ko'rsatuvchi “Abubakir polvon” MCHJ vakili erkin Sattorov. — 103 gektar hudud sim to'r bilan o'rab chiqildi. Bog'ni chorvadan himoyalash maqsadida 24 soatli kuzatuv joriy qilindi. Aydarko'ldan suv tortib kelishga kirishildi. Mutaxassislarning gap-so'zlaridan bildikki, ko'l suvi fil`trlanib, ko'chat sug'orishga yo'naltiriladi. Buning uchun ikkita hovuz qazildi. Ko'ldan quvur tortildi. Ko'chat oralariga quvurlar tashlandi. Negadir suv tozalash inshooti qurilishi kutilmaganda taqa-taq to'xtab qoldi. Dastlab 2 ta mashina 20 kilometrdan suv tashib, daraxtlarni sug'orib turdi. Shuncha mehnat uvol bo'lmasin, deb men ham sug'orish ishlariga ko'maklashdim. Lekin ko'p o'tmay bu mashinalar kelmay qo'ydi. Oylik maosh to'lashmagani bois, qorovullar ham ketishdi. Mana, ko'rib turganingizdek, qarovsizlik sabab bahorda yashnab turgan bog' qurib qoldi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasiga ko'ra, respublikamiz bo'ylab yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chati ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga etkazish reja qilingan. Haqiqatan ham, so'nggi ikki yilda bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Yo'llar bo'ylarida, shaharlar atrofida “yashil belbog'”lar yaratildi. Ko'p qavatli uylar atrofidan tortib dala chetlarigacha bo'lgan qarovsiz joy borki, daraxt ko'chatlari o'tqazildi. So'nggi ikki yil davomida har bir viloyatda, statistik ma'lumotlarning tasdiqlashicha, 15-16 million tupdan ko'chat ekildi. Bu bo'yicha e'lon qilingan zarbdor 40 kunlikda barcha tashkilotlar, 7 yoshdan 70 yoshgacha yoshu qari ishtirok etdi, ezgu tashabbusni qo'llab-quvvatladi.
Prezidentimiz mazkur loyiha ijrosi bo'yicha o'tkazgan har bir videoselektr yig'ilishida mutasaddilarga, mahalliy hokimliklarga aniq chora-tadbirlar ko'rish bo'yicha topshiriqlar bergandi.
Xususan, daraxtlarni ekish va parvarishlash sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillar qilish hamda hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish, xorijdan keltirilgan manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish, daraxtlarni sug'orish tizimini qayta ko'rib chiqish, har bir daraxtni parvarishlash uchun mas'ul shaxslarni belgilash va bu borada rag'batlantirish mexanizmlarini keng joriy etish kabi vazifalar shular jumlasidandir.
Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi boshqarmasi bergan ma'lumotlarga e'tibor qaratamiz: “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023 yilning bahor mavsumida viloyat hududida 10 million 57 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko'chati ekilgan. “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan 10 million 57 ming tup daraxt va buta ko'chati parvarishlash har bir korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari va mas'ul shaxslariga dalolatnoma asosida biriktirib berilgan...”.
Ko'rib turganingizdek, boshqarma juda chiroyli statistik ma'lumot taqdim etgan. Raqamlarda aks etayotgan ishlar ko'lamini tasavvurga sig'dirish mushkul.
Afsuski, xizmat safarimiz davomida bu loyiha doirasida joylarda qilingan ishlarning barchasini ko'rishga imkonimiz bo'lmadi. Jizzax shahri markazidan Aydarko'lgacha bo'lgan masofa qariyb 100 kilometrni tashkil qiladi. Yo'l-yo'lakay katta yo'l bo'yida ekilgan ko'chatlarning holatiga qiziqib kuzatib ketdik. Jumladan, Do'stlik tumani prokuraturasi, Davlat xizmatlari markazi va tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab ro'parasiga ekilgan ko'chatlar suvsizlikdan qurib-qaqshab yotibdi. YAna deng, bu tuman markazidagi holat. Yoki Do'stlik tumanidan Arnasoy tumaniga keta-ketguncha 10 kilometrlab yo'l bo'ylariga ekilgan ko'chatlar nobud bo'lgan. (Manzaraning suratlari tahririyatda mavjud). Boshqarmadagilar bu hududlarga mas'ul mutasaddilarga eng kam ish haqining o'n barobarigacha jarima qo'llanilgani haqida aytishdi. Lekin jarima qo'llash yoxud jazolash bilan yo'llarimiz chetlari, umuman, biz yashayotgan manzillar yashillashib, ko'rkamlashib qolmasligi aniq. Buning uchun qancha mablag', qancha mehnat yo'qqa chiqqani xususida-ku, gapirmasa ham bo'ladi.
Shu o'rinda xorij tajribasi xususida ikki og'iz gapirib o'tsak. Evropa shaharlarida katta yo'llarning bo'ylarini qo'ya turing, ko'p qavatli binolar atroflari ham yashillikka, gulu bo'stonga aylantirilgani guvohi bo'lasiz. Har birida qishin-yozin turfa gullar-u, biri birini takrorlamaydigan manzaralarni ko'rib, ko'zingiz quvnaydi. Bir safar tarjimondan so'raganimda, bu ish bilan landshaft dizayn yaratuvchi kompaniyalar shug'ullanishini, ular uyingiz atrofiyu tashqarisini siz tanlagan ko'rinishda yashillikka burkab berishini aytgan edi.
Demoqchimizki, ko'p yillik achchiq tajribamizdan ma'lumki, hashar yo'li bilan amalga oshirilgan ish, xoh u ixtiyoriy, xoh u majburiy bo'lsin, maqsadimiz qanchalik ezgu bo'lmasin, alal-oqibat yuqoridagidek holatga olib kelaveradi. Hamma mas'ul etib belgilangan ish oxir-oqibat sansalorlikka sabab bo'laveradi.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida aytilganidek, sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, jazolovchi va rag'batlantiruvchi mexanizmlarni jadal tatbiq etish lozim. Qolaversa, tizimga xususiy tadbirkorlarni jalb etish, manfaatdorlikni oshirish lozim. Buning uchun byudjetdan ko'p pul ketadi, deyishingiz mumkin. Lekin hozir ham buning uchun chakana mablag' havoga uchayotgani yo'q. Harqalay, dunyo tajribasi shunday. Biz ham erishayotgan muvaffaqiyatsizliklarimizdan saboq olishimiz va oqilona echimlar haqida o'ylashimiz kerak bo'lgan vaqt esa allaqachon kelgan.
YUnus BO'RONOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri