Yer yuzidagi barcha mamlakatlar taraqqiyotiga salbiy taʼsir etayotgan illatlardan biri – korrupsiyadir. Korrutsiya va poraxoʻrlik davlatni ich-ichidan yemirishi rivojlangan davlatlar tajribasidan yaxshi maʼlum. Korrupsiya muammolari bilan shugʻullanuvchi “Transparency International” tashkilotining maʼlumotlarga koʻra, ayni damda dunyoda koʻplab jinoyatlarga sabab boʻlayotgan nafs balosi, yaʼni korrupsiya va poraxoʻrlik natijasida yiliga bir trillion dollardan ortiq mablagʻ oʻzlashtirilar ekan. Shu bois korrupsiya va poraxoʻrlikni hech ikkilanmay taraqqiyot kushandasi, deb atash mumkin.

Maʼlumki “Korrupsiya” tushunchasi lotin tilidagi “corruptio” soʻzidan olingan boʻlib, mazmuni “buzish, sotib olish” maʼnosini beradi va uning grammatik bir ildizli maʼnosi yana “korroziya” soʻzi, yaʼni “chirish” yoki “zanglash” degan mazmunni ham beradi. Shundan kelib chiqib, bu soʻzning ijtimoiy koʻrinishi “hokimiyatni buzish, chiritish orqali sotib olish” degan maʼnoni beradi.

Korrupsiya, albatta, bugun paydo boʻlgan illat emas. Qadimgi yunon faylasufi Aristotel shunday degan: “Har qanday davlat tizimida – qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerakki, unda mansabdor shaxslarning noqonuniy yoʻl bilan boyishiga yoʻl qoʻymaslik lozim”. Fransuz mutafakkiri Sharl Monteskyo fikricha, “... har qanday hokimiyat vakolatiga ega boʻlgan shaxs, uni suiisteʼmol qilishga moyil boʻladi va u maʼlum bir maqsadga erishmaguncha shu yoʻnalishda yuradi”.

Gʻarbiy Yevropa davlatlarining keyingi tarixida ham korrupsiyaning turli koʻrinishlari va korrupsion munosabatlarning avj olishi nafaqat tarixiy manbalarda, balki oʻsha davrning ilgʻor yozuvchi va faylasuflari asarlarida ham oʻz ifodasini topgan. Xususan, nafs balosi bilan bogʻliq voqealar silsilasi Shekspirning “Venetsiyalik savdogar”, “Qonga qon, jonga jon”, Dantening “Doʻzax”, “Tozalovchi” kabi asarlarida ham yoritilgan. Dante bu ofatga yoʻliqqan korrupsionerlarni doʻzaxning eng qorongʻi va eng chuqur joyiga tashlash kerak, degan gʻoyani ilgari surgan.

Korrupsiya elementlari va korrupsion munosabatlar oʻzbek adabiyotida, xususan, xalq ogʻzaki ijodi namunalarida ham, yozma adabiyotda ham oʻz aksini topgan. Oʻzbek milliy romanchiligining dunyoga kelishiga asos boʻlib xizmat qilgan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani va hamon oʻzining badiiy qimmatini yoʻqotmagan Abdulla Qahhorning “Oʻgʻri” hikoyasi fikrimizning yaqqol dalilidir.

Barkamol badiiylik namunasi boʻlgan “Oʻgʻri” hikoyasida oʻtmishda roʻy bergan oddiy voqea – Qobil bobo hoʻkizining oʻgʻirlanishi tasvirlansa-da, uch sahifaga ham yetmagan moʻjazgina asarda butun bir hayot kartinasini kuzatish mumkin. Hikoyaning epigrafida taʼkidlanganidek, otning oʻlimidan itlar manfaatdor boʻlishgani, nafs balosi girdobidagi odamlarning manfur basharalari-yu, oʻz manfaatinigina koʻzlagan saʼy-harakatlari eng ishonarli boʻyoqlarda tasvirlanadi.

Bor bisoti boʻlgan yagona hoʻkizidan ayrilgan Qobil bobo uning topilishidan umidvor boʻlib topgan-tutganini amaldorlarga tashiydi. Axir, “tekinga mushuk oftobga chiqmaydi”. Uning qaygʻusidan xabardor boʻlgan va ogʻizda boʻlsa ham, “hoʻkizni juda naqd qilib qoʻygan” qoʻshnisi ham ellikboshi boʻlish uchun ozmuncha pul sochganmi? Mingboshining bir oʻziga yetti yuz bogʻ beda, bir toy bergani maʼlum...”.

Kechqurun aminning oldiga boradigan Qobil bobo quruq qoshiq ogʻiz yirtishini-da, berganga bitta ham koʻp, olganga oʻnta ham ozligini-da, yaxshi biladi. Agar ellikboshi berganning betiga qaramay oladiganlar toifasidan boʻlsa, amin hali topilishi gumon boʻlgan hoʻkizni qidirtirish uchun ham topilmasdan turib suyunchisini talab qilishdan tap tortmaydi.

Aminniki pristavniki oldida holva ekan: “maʼlum boʻldiki, uni begim deguncha kishining beli sinar ekan. Uchta tovuq, garchi biri kurk boʻlsa ham, Qobil boboning oʻzidan chiqdi. Yuzta tuxumni qoʻni-qoʻshni, yor-birodarlar oʻzaro yigʻib berdi. Ammo bu tortiq bilan tilmochdan nari oʻtib boʻlmadi. Tilmoch tortiqni oldi va betoʻxtov pristavga yaxshilab tushuntirishni vaʼda qildi. "Yaxshilab tushuntirilgan" pristav bitta kulangir, bitta farangi tovuq, uch soʻm pulni olganidan keyin, Qobil boboning baxtiga, "betoʻxtov hokimga xabar beraman" demasdan, "aminga bor", deb qoʻya qoldi. Amin "ellikboshiga borilsin", dedi[1].

Koʻrinib turibdiki, moʻjazgina hikoyada dav­lat funksiyalarini baja­rish vakolatiga ega boʻlgan yoki ularga tenglashtirilgan shaxs­larning noqonuniy tarz­da moddiy va boshqa boylik­lar, imtiyozlarni olishda oʻz maqomi va u bilan bogʻliq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga­ xilof ravishda egallashiga imkon berishi ishonarli tarzda ochib berilgan.

Bugungi kunda ham "Oʻgʻri" hikoyasida koʻrib oʻtgan timsollarga oʻxshash ayrim nusxalar, illatlar — mavqeidan foydalanib xalqni, davlatni aldaydigan, hamisha oʻz foydasini koʻzlab, choʻntagini toʻldiradigan shaxslar oz boʻlsa-da, uchrab turishi bu asarning hali-hanuz oʻz qimmatini yoʻqotmaganidan darak beradi..

Siyosat va dav­lat­ boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli hodisa boʻlgan kor­­rupsiya elementlari birinchi oʻzbek milliy romani “Oʻtkan kunlar”da birmuncha kengroq tasvirlanadi. Garchand, kitobxonlar nazdida,  yozuvchi ikki yosh – Otabek bilan Kumushning olovli muhabbatinigina bayon qilgan boʻlsa-da, unda “tariximizning eng kirlik, qora kunlari boʻlgʻan keyingi “xon zamonlari” voqealari qalamga olinadi. Shubhasiz, ana shunday “eng kirlik” hodisalardan biri amaldorlarning poraga sotilishi va manfaatparastlarning oʻz qora niyatlari yoʻlida ularni pora orqali aynitishdir.

Jamiyatning ham, davlatning ham yuziga dogʻ boʻlib tushgan, chin maʼnoda taraqqiyot kushandasiga aylangan korrupsiyaning tub ildizlari va u olib kelishi mumkin boʻlgan muqarrar oqibat – toʻgʻri, halol odamlarning nohaq jabrlanishi, manfaatparast amaldorlarning noqonuniy boylik orttirishi va alal-oqibat millatning inqirozini koʻrsatuvchi voqealar tasviri romanning salmoqli qismini egallagan.

Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan maʼmuriy munosabatlari maʼno-mohiyatini oʻzgartirib yuborishi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi romanning “Chaqimchilik” deb nomlangan bobidan boshlangan voqelar tizimida yaqqol koʻrsatib berilgan. Dastavval, “qoʻlansa soʻzlik, ichi qoraroq bir yigit” – Homid oʻzining manfur niyatini amalga oshirish maqsadida, qoʻrboshini oʻn tillo tanga evaziga sotib oladi. Keyinchalik qoʻrboshining nafsi shunchalik hakalak otadiki, har narsani bahona qilib, Homiddan oltin undirish yoʻliga oʻtib oladi...

Yozuvchi qorongʻida topishgan bu ikki nusxaning botinida yuz bergan kechmishlarni quyidagicha tasvirlaydi: “Xoin ila sotilgʻon koʻzlar toʻqnashdilar-da, bir-birisidan maʼno olishdilar va oraga bir necha daqiqa soʻzsizlik, jimlik kirdi. Qoʻrboshi chindan ham bu oʻringacha Homidning ichki sirriga muttaliʼ boʻlmagʻan, qoʻligʻa kirgan oltinlarni ham yolgʻiz uning qarindoshlarining qutilishlari yoʻlidagʻi choychaqalar, deb bilar edi. Ammo endi ilgari va hozirda kissasiga tushkan oltinlarni Otabek ila qutidorning qon baholari ekanligini sezib vijdoni toʻlqinlanayozdi va mutaraddid boʻldi. Qoʻrboshining bu holi Homidni maʼlum ikki yoʻl ustida qoldirgʻan edi. Oʻzini jahannamga yuborish va najotka chiqarish ixtiyori qarshisidagʻi bekning qoʻlida edi. Unga tez-tez qarar va holi tili bilan unga yana koʻb oltinlar vaʼda qilar edi. Bu vaʼdalarni Homidning yuzidan oʻqigʻan qoʻrboshi – “ikki kishining xun baholari!” deb qichqirmoqda boʻlgʻan vijdon sadosini eshitib oʻtirmadi”[2].

Natijada “Homidning nomaʼlum bir gʻarazi yoʻlida” begunoh odamlar qurbon qilinishiga bir bahya qoladi. Bir tasodif va “qipchoq beklarining tuzuklaridan boʻlgan Oʻtabboy qushbegi” sababli dordan boshi omon qolgan Otabek “bir gʻaribi bechora” (Homid)ning tuhmat toʻla maktubi tufayli yana aziyat chekishga majbur boʻladi. Otabek taqdiriga befarq boʻlmagan Oʻtabboy qushbegi ham gʻarazli maktub natijasida uning yoniga qoʻshiladi.

Shunday qilib, yozuvchi voqeadan-voqeaga oʻtgan sayin amaldor beklarning tuturiqsizligi, oʻz manfaati yoʻlida hech narsadan toymasligi, yuzsiz va vijdonsizligini yorqin boʻyoqlarda aks ettira boradi. Natijada korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yoʻsinda gʻayriqonuniy shaxsiy naf koʻrish maqsadida oʻz xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisa ekanligi oʻzining badiiy isbotini topa boradi.

Xulosa oʻrnida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan “mamlakatimizning kelajagini va obroʻ-eʼtiborini qadrlaydigan har bir vijdonli fuqaro bu tahdidni esda tutmogʻi darkor. Halol mehnat qilish, oʻz bilimi, kuch-gʻayrati va ijodiy qobiliyatini sarflash uchun barqaror shart-sharoit boʻlishini istaydigan, farzandlari va yaqin kishilari kelajakda ham demokratik, fuqarolik jamiyatida sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlarining samaralaridan toʻla-toʻkis foydalanishni orzu qiladigan har bir fuqaro, jinoyatchilik va korrupsiya yoʻliga oʻz vaqtida zarur toʻsiq qoʻyilmasa, bu illatlar qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yaxshi anglab yetmogʻi lozim”, degan fikrlarni yana bir bor taʼkidlash joizdir.

T. SAYDALIYEV,

Fan va texnologiyalar universiteti tillar kafedrasi dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi, isteʼfodagi podpolkovnik

 

[1] Abdulla Qahhor. Anor: Qissa va hikoyalar. – T.: Gafur Gulom nomidagi nachriyot-matbaa ijodiy uyi, 2005. – 79-b.

[2] Qodiriy A. Oʻtkan kunlar. Mehrobdan chayon: Romanlar. – T., 1994. – 93-b.