Rashid Behbudov nomidagi musiqali teatr tomosha zalida boʻlib oʻtgan ushbu komediya premyerasi oʻzbek adibining Ozarbayjonda chop etilgan “Baxtning bozori bormi?” kitobi asosida sahnalashtirildi. Bu galgi tomoshaning oʻziga xosligi va yanada bayramona tus olgani shundaki, teatr zalida qardosh Oʻzbekistondan kelgan mehmonlar, jumladan, asar muallifi ham ishtirok etdi.

Dastlab premyera tadbirini teatr bosh direktori, Ozarbayjon Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Iftixor Piriyev ochib, mazkur tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlar, oʻzbekistonlik shoir-yozuvchi va adabiyotshunoslar bilan tanishtirdi.

Ozarbayjon respublikasi Milliy Majlisi qoʻmita raisi Ganira Pashayeva ozar va qardosh oʻzbek xalqlari orasida tobora rivojlanib borayotgan adabiy-madaniy hamkorliklar, ikki xalqning uygʻun va mushtarak qadriyatlari borasida soʻzladi va bugun namoyish etilayotgan sahna asari ham bu boradagi saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi ekanligini taʼkidladi.

Asar muallifi esa komediyaning sahnalashtirilishida oʻz ijodiy kuchi va salohiyatini namoyon etgan asar rejissyori Ozarbayjonda xizmat koʻrsatgan artist Sarvar Aliyev, asar bastakori Ozarbayjon xalq artisti Sardor Farajov, sahna bezagi ustasi Narmina Ageyeva hamda taniqli aktyor va aktrisalarga minnatdorlik bildirdi. 

Pyesani oʻzbekchadan ozar tiliga filologiya fanlari doktori Almaz Ulvi (Binnatova) tarjima qilgan. Qoʻshiqlar muallifi – taniqli ozar shoirasi Rasmiya Sabir.

Tomoshaning dastlabki lahzalaridanoq sahna bezaklarining rang-tasvirga uygʻunligi, asar ishtirokchilari hatti – harakati, ayniqsa, isteʼdodli aktrisa Xadicha Mammadovaning oʻziga xos ijrosi bilan boshlangan voqeylik, aktrisaning oʻz qahramoni xarakterini toʻliq namoyon etish salohiyati, ijrodagi tabiiylik tomoshobinlarga koʻtarinki ruh va quvnoqlik baxshida etdi.

Syujetning rivojlanishi bilan bogʻliq manzaralar chindan ham komediyada oʻta kulguli tarzda ifodalanadi. Korxonaga yangi rahbar tayinlanishi tufayli qattiq qaygʻurgan ayollar uning “yuragiga yoʻl topish” uchun barcha chora-tadbirlar, makru nayranglarni ishga solishadi va bevalarning “boshliq uchun jang qilishi”, uni mahv etishib, oʻzlariga ogʻdirib olish uchun kurashishi boshlanadi. Bu asnoda turli xil yoʻl izlash va urinishlar voqeasi tomoshabinga kuchli taʼsir qiladi. 

Asarning yuksak badiiy ifodasi va hayotiyligi, aktyorlarning professional mahorati komediyaning muvaffaqqiyatli namoyish etilishiga zamin yaratgan. Eng muhimi, rejessyor Sarvar Aliyev har bir personajga oʻziga xos xarakter yuklagan. Ijrochilarning hatti-harakati ularning harakteridan kelib chiqib yanada jonli va taʼsirli namoyish etilgan.

Folbin xola rolini ijro etgan aktrisa Elnora Haydarova oʻziga yuklangan rolni mohirlik bilan uddalagan. Ayniqsa, janub shevasining qoʻllanishi asar qiziqarliligini orttirgan. Bizningcha, bu rejissyorning spektaklni yanada tomoshabop boʻlishi uchun qoʻllagan oʻziga xos usulidir. Aktrisa rejissyorning tomoshabinlar bilan muloqot qilish vazifasini uddalay oldi.

 Komediya faqat kulgi uygʻotibgina qolmadi, balki jamiyatdagi nuqson va kamchillik, muammolar qiziqarli voqeyliklar girdobida namoyish etildi. Asar odamlarni nafaqat kuldirish, jamiyatdagi muammolarga kuzgu qaratish, balki ularning yechimini topish masalasini ham oʻz zimmasiga olgan. Farrosh va folbin obrazlari orqali ijtimoiy voqeylikdagi ogʻriqli masalalar sahnaga olib chiqilgan. 

Komediyadagi har bir obraz biz kundalik hayotimizda duch keladigan masalalar yukini yelkasiga olganligi, har birining oʻziga xos dardu tashvishi borligi bilan ham ahamiyatli. Sahnada kulgi qobigʻiga oʻralgan insoniy qalb ogʻriqlari ham sezilib turadi.

 Mazkur sahna asari oʻzbek-ozarbayjon adabiy–madaniy aloqalarini mustahkamlash borasida muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlamoq kerak. Ozar xalqi qalbidan chuqur joy olishi mumkin boʻlgan ushbu musiqali komediya boshqa turkiy xalqlar teatr sahnalarida ham mustahkam oʻrin olishiga tilakdoshmiz. 

Asmar HUSEYNOVA,

Ozarbayjon Fanlar Milliy Akademiyasiga qarashli

Nizomiy Ganjaviy nomidagi

Adabiyot instituti Adabiy tanqid boʻlimi xodimi