Primorsk davlat badiiy galereyasida “Goʻzallik har doim haq” mavzusida oʻzbek liboslari va aksessuarlarining zamonaviy namunalari misolida etnik motivlarning roli va ahamiyatiga bagʻishlangan “davra suhbati” tashkil etildi,

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi koʻmagida tashkil etilgan “Sharq davlat muzeyi kolleksiyasidagi “Boburnoma” miniatyuralari” mavzusida oʻtkazilayotgan koʻrgazma doirasida uyushtirildi.

Uchrashuvda oʻzbek diasporasi, mahalliy jamoatchilik va madaniy doiralar vakillari, jumladan moda tadqiqotchisi, psixolog va yozuvchi Ivan Fyodorov ishtirok etdi. U zamonaviy moda sanoatida oʻzbek matolarining oʻrni, xon-atlas tarixi va unga yuqori moda dizaynerlari hamda ixlosmandlarining qiziqishi haqida soʻzlab berdi.

Ishtirokchilarga mato toʻqish anʼanalari va milliy bezaklar taqdim etildi. Oʻz navbatida, ular anʼanaviy naqshlarning maʼnosini bilib oldi va koʻplab savollarga javob oldi.

“Davra suhbati” doirasida anʼanaviy kashtachilik va zargarlik buyumlari, shuningdek, oʻzbek milliy matolaridan tikilgan kiyimlar namoyishi oʻtkazildi.

Mehmonlar oʻzbek matolarining aql bovar qilmas darajadagi goʻzalligi, sifati va tabiiyligini yuqori baholadi. Ishtirokchilar madaniy aloqalar va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga hissa qoʻshadigan bunday tadbirlar muntazam oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.