Mazkur tadbirga Germaniyaning Kyoln xalqaro biznes universitetida strategik boshqaruv va konsalting boʻyicha professori, Garvard universiteti Tadbirkorlik kafedrasida Karnegi tadqiqotchisi, Ozarbayjon diplomatiya akademiyasi va Gollandiyaning Maastrixt universiteti Executive MVA dasturida “Innovatsiya va startaplar” fani oʻqituvchisi, vatandoshimiz Odiljon Abdurazzoqov taklif qilindi.
O.Abdurazzoqov startaplarda risklarni minimallashtirish, startaplarni moliyalashtirish, angel-investor va venchur kapital kompaniyalari bilan investitsiya shartlarini kelishish, investitsiya shartnomasi kabi masalalar boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bayon qildi, shuningdek xorijiy tajribalar boʻyicha tushuntirishlar berdi.
Tadbirda startaplarni moliyalashtirish usullarini (kraudfanding, farishta investorlar, venchur moliyalash tizimi) Oʻzbekistonda joriy etish bilan bogʻliq muammolar va yechimlari boʻyicha takliflar berildi. Jumladan, startap loyihalarni moliyalashtirishda jahon tajribasiga tayanish, shuningdek koʻp mablagʻ sarflab yetarlicha natija olmagan davlatlarning xatolarini takrorlamaslik kerakligi aytildi. Shuningdek, startap loyihalar ishlab chiqilarkan, ularning isteʼmolchilari faqat Oʻzbekiston hududi bilan chegaralanib qolmasligi, balki startapchilar koʻrsatadigan xizmatlar, ishlab chiqaradigan mahsulotlar jahon ahamiyatiga ega boʻlishi zarurligi haqida fikrlar bildirildi.
Professor Abdurazzoqov “Risk kapitali”, baʼzi xollarda “pay kapitali” (equity sapital) deb nomlanadigan investitsiya manbalari, maʼlum ulush evaziga tavakkalchilik darajasi yuqori boʻlgan innovatsion loyihalarni, startaplarni moliyalashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Odatda, innovatsion biznesni qoʻllab-quvvatlash funksiyasini bajaruvchi akseleratorlar tomonidan saralab olingan startaplar bir necha oylik tayyorlov dasturlarini oʻtaganlaridan soʻng oʻz loyihalarini investorlar oldida namoyish qiladi. Munosib koʻrilganlariga firmaning maʼlum ulushi evaziga investitsiya kiritiladi. Aksariyat hollarda tajribali mohir tadbirkorlar startaplar muvaffaqiyatidan manfaatdor ekani sabab ham oʻz fikr va maslahatlari bilan koʻmak beradi.
Tadbir yakuniga koʻra shu kabi tadbirlarni tizimli ravishda oʻtkazish hamda yetuk mutaxassislar bilan bevosita muloqotlarni tashkil etish yuzasidan takliflar berildi.