Uchrashuvda, shuningdek, bir qator mahalliy toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilar ham (Aisha Home Textile LLC, Chust Textile LLC, Bofanda JV LLC, Bukhara Cotton Textile LLC, Zarafshon Tekstil LLC, UzTex Group LLC, Textile Technologies Group LLC) ishtirok etishdi.

Maʼlumki, «InditexS.A.” xalqaro kiyim doʻkonlari tarmogʻiga ega. Bugungi kunda korporatsiya 88 mamlakatda Zara, Oysho, Massimo Dutti, Bershka, Pull and Bear, Zara Home, Stradivarius, Tempe, Lefties va Uterque brendlari ostida 7000 ga yaqin doʻkonlarni birlashtirgan.

Suhbat mobaynida ispaniyalik hamkorlarga Oʻzbekiston toʻqimachilik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga berilgan eʼtibor uchun minnatdorchilik bildirgan holda, toʻqimachilik sanoatining hozirgi holati va oʻsish istiqbollari toʻgʻrisida maʼlumot taqdim qilindi. Xususan, bugungi kunda Oʻzbekiston yirik paxta yetishtiruvchi mamlakat boʻlsada, biroq mamlakatni tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchi sifatida koʻrib chiqilishi kerakligi taʼkidlandi. Chunki respublikada yetishtirilayotgan paxta xom ashyosi toʻliq qayta ishlanmoqda.

Mavjud koronavirus pandemiyasi butun dunyo boʻylab toʻqimachilik industriyasiga oʻz taʼsirini koʻrsatgan boʻlsada, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, Hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tabdirlar natijasida oʻsish koʻrsatkichlarini saqlab qoldi va «InditexS.A.” korporatsiyasi bilan ishlashga tayyor.

Mahalliy toʻqimachilik korxonalari nafaqat tayyor trikotaj kiyim-kechak, balki shu bilan birga Zara Home brendi uchun uy toʻqimachilik mahsulotlari, shuningdek «Inditex” ning Lux brendlari uchun yuqori sifatli mahsulotlarni ham yetkazib berish imkoniyatiga ega ekanligi aytildi.

Oʻz navbatida, ispaniyalik hamkorlar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Oʻzbekistonning GSP + maqomiga erishishi Inditex brendlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishda muhim omillaridan biri boʻlib xizmat qilishi taʼkidladi.

Shuningdek, Xesus Echevarria ishlab chiqaruvchilarga qoʻyiladigan asosiy talablar va hamkorlikning aniq usullari toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Xususan, «Inditex” brendlari bilan hamkorlikda, ular tayyor mahsulot isteʼmolchisi ekanligini hisobga olish kerakligi va doʻkonlarda sotiladigan har bir mahsulot xaridorlarning xohish-istaklari asosida yetkazib berilishi alohida aytib oʻtildi.

Hamkorlikning asosiy mezonlari sifatida mahsulot dizayni, xalqaro standartlar talabiga toʻla javob beruvchi sifati, yetkazib berish muddatlariga qatʼiy rioya qilinishi va narx raqobati ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek, ishlab chiqarishning barqarorligi va xalqaro standartlarga muvofiqligi ham muhim ahamiyatga ega.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi va Oʻzbekiston Respublikasining Madriddagi elchixonasi orqali kelgusida muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Eng qisqa vaqt ichida «Inditex” tarmoq brendlariga yuqori sifatli tikuvchilik va tayyor trikotaj mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha takliflar yuborilishi kutilmoqda.