Joriy yilning mart oyida Turkiyaning Bursa shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo davlatlar Diaspora masalalari bo'yicha idoralar rahbarlarining ikkinchi forumi bo'lib o'tdi. Forumda poytaxtimizdagi Turkman milliy madaniy markazi raisi Guldana Avezdurdieva ham so'z olib, O'zbekistonda barcha millat va elat vakillariga yaratilgan sharoitlar, ularning ona tili, urf-odati, milliy madaniyatini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi imkoniyatlar haqida gapirdi.

Xususan, Toshkent shahrida ko'rkam “Ashxobod” bog'i ochilgani, poytaxtimizning markaziy ko'chalaridan biriga buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Mahtumquli Firog'iy nomi berilgani, Xorazm shahrida “Ulli Hovli” O'zbekiston-Turkmaniston turizm majmuasi tashkil etilgani xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlanayotgani alohida e'tirof etildi.

Mana shunday paytda chindan ham bag'rikeng, o'zga millatlar vakillari, ularning o'zligini-da qadrlaydigan yurtda yashayotganingdan faxrlanib ketasan odam. Hatto qonun bilan mustahkamlab qo'yilgan bu ezgu fazilatlarimiz sabab ham turli millat vakillari O'zbekistonga o'zimizdek mehr qo'yadi, shu jannatmakon yurtga abadiy bog'lanadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda O'zbekistonda 202 mingdan ortiq turkman millatiga mansub aholi istiqomat qilmoqda. Mamlakatimizda 44 ta turkman tilli maktablar mavjud. Nukus davlat universitetida “Turkman filologiyasi”, Nukus shahridagi Ajiniyoz nomidagi pedagogika institutida turkman tilida boshlang'ich sinflar uchun o'qituvchilarni tayyorlash fakul`teti faoliyati yo'lga qo'yilgan.

Mamlakatimizda yashayotgan har bir xalq va millatning etnik o'ziga xosligi, tili, urf-odati, tarixi va an'analarini saqlashda muhim rol o'ynaydigan milliy madaniy markazlar faoliyati rivojlantirilishi, shubhasiz, ularning tinch va osoyishta hayoti, ertangi kunga bo'lgan ishonchining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

 Yurtimizdagi qator davlatlar milliy madaniy markazlari Toshkentdagi Turkman madaniy markazi alohida o'rin tutadi. Hozirda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida markazning bo'linmalari ish olib boryapti. Markaz a'zolari yillar davomida O'zbekiston va Turkmaniston tomonidan tashkil etilayotgan xalqaro konferentsiya, seminar, forum va festivallarda faol ishtirok etib kelmoqda. Qoraqalpog'istondagi markaz tomonidan turkman tilida “Mekan” nomli gazeta nashr etilishi bilan birga turkman xalqining milliy etnografik qadriyatlarini avloddan-avlodga etkazish maqsadida “Orzu” musiqa-raqs ansambli ham faoliyat yurityapti.

Markaz va uning bo'linmalari faollari Navro'z, Mustaqillik, bayramlarida, Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun, Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlarda jonbozlik ko'rsatib kelayotgani e'tiborga molik. Shuning uchunmi, 2020-yilda Turkman madaniyat markazi “Jamiyatda millatlararo totuvlik va do'stlikni hamda tarixan shakllangan bag'rikenglikni keng targ'ib qilish” mavzusidagi loyihasi bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan e'lon qilingan ijtimoiy buyurtma tanlovi g'olibiga aylandi. 600,0 mln so'mlik ijtimoiy buyurtma mablag'lari hisobiga Markaz o'tgan yili milliy madaniy markazlarni zamonaviy monobloklar, noutbuklar, printer va milliy liboslar bilan ta'minladi.

Milliylik xususida gap ketganida aytish kerakki, markaz vakillari har yili Turkmaniston davlatida o'tkaziladigan dunyo turkmanlarining gumanitar assotsiatsiyasi, turkman qo'l gilamdo'zligini qadrlovchilar umumjahon assotsiatsiyasi xalqaro konferentsiya va festivallarida hamda mamlakatimizda keng nishonlanadigan bayramlarda munosib ishtirok etib kelmoqdalar.

— Bu yilgi “Navro'z” umumxalq bayramida turli millat vakillari qatori biz ham turkman milliy taomlari va hunarmandlik buyumlari ko'rgazmasini tashkil qildik, — deydi G. Avezdurdieva. — Shavkat Mirziyoyevga milliy kiyimlarimiz, hunarmandlik buyumlarimizni tanishtirganimda, Prezidentimizning tabassumi, alohida qiziqish bildirganidan g'ururlanib ketdim.

O'zbek va turkman hunarmandlari o'rtasida azaldan o'zaro hamkorlikka, o'zaro tajriba almashishga intiladi. Yaqinda Turkmanistonning Lebap viloyatida ko'plab hunarmandlar ko'rgazmasida qatnashib kelgan buxorolik zargar Avazbek Bekmuratov turkman xalqining o'zbek milliy taqinchoqlariga qiziqishi kuchli ekanini aytdi. Uning ta'kidlashicha, turkman zargarlari o'zbek zargarlarining qo'l mehnatini alohida e'tirof etishadi. Zero, o'zbek zargarlari eng mayda detallarni ham asosan qo'l mehnati bilan yasaydi. Zargarlarimiz olib borgan feruza ko'zli baldoqning xaridorgir bo'lgani esa sevimli shoirimiz Muhammad Yusufning turkman qizlari haqidagi

Bir xil libos kiymish ko'rdim nechalari

Oybaldog'i yonib turar kechalari

Yashnab ketar yursa Toshkent ko'chalari, degan samimiy misralarini yodga solib yubordi.

Ha, bugun poytaxtimizda biz bilan bir havodan nafas olayotgan 200 mingdan ziyod turkman aholisi orasida albatta ko'chalarimizni yashnatib yurgan turkman qizlari yo'q emas. Ularning milliy liboslariga qiziqqan o'zbek qizlari ham bugun Turkman madaniyat markazida tashkil etilgan to'garaklarda turkman milliy hunarmandligi bilan birga turkman tilini ham o'rganmoqdalar. To'garaklarning turkman tilida olib borilayotgani esa, ayni tilni o'rganishga ishtiyoqmand o'zbek yigit-qizlarini o'z ustida ko'proq ishlashga undashi bilan ahamiyatli.

Ha, ertamiz egalari ko'plab millatlar tillarini bilishi, ularning urfu odatlari, milliyligi bilan ham tanish bo'lishi faqat va faqat foydadan holi emas. Zero, yildan-yilga bag'rikengligimizning amaldagi isboti o'laroq, turli davlatlaru millatlar bilan do'stona munosabatlarimiz yangi bosqichga kiryapti. Yurtimizdagi barcha boshqa millat vakillarining emin-erkin, hayotdan rozi bo'lib yashashiga erishish ezgu maqsadlarimizdan biriga aylangan.

Davlatimiz rahbari Farmoni bilan o'tgan davr mobaynida bir guruh yurtdoshlarimiz mamlakatimizda turkman madaniyati, urf-odati va an'analarini o'ziga xosligini saqlash va rivojlantirish, do'stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash borasida qilgan samarali xizmatlari hamda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qo'shgan ulkan hissalari uchun yuksak mukofot va ordenlar bilan taqdirlandilar. Davlatimiz tomonidan bunday e'tirof davomiy bo'lib, millatlararo totuvlikni ta'minlashga hissa qo'shayotgan inson borki, aslo e'tibordan chetda qolmagay.

Darvoqe, yaqinda Turkman madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi keng nishonlanadi. Tadbirga Turkmanistondan ham delegatsiya kelishi kutilyapti. O'ylaymizki, markazning ko'tarinki ruhda o'tadigan yubiley tadbiri o'zbek-turkman aloqalarini abadiy mustahkamlashga xizmat qiladi. Binobarin, o'zbek va turkman — tomirlari tutash, milliyligi uyqash millatlar.

 

Munojat Mo'minova,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri