“Ishonchim komil, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi ezgu hamkorlik anʼanalarini nafaqat tiklash, har ikki davlat taraqqiyotiga xizmat qiladigan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ayni paytda ularni bugungi globalizatsiya sharoitiga mos keladigan yangi, yuksak darajaga koʻtarish vaqti keldi. Mamlakatlarimiz oldida turgan vazifalar va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarning mushtarak xususiyatlarga ega ekani va bu oʻzgarishlardan kutilayotgan natijalar ham koʻp jihatdan oʻxshash ekanini inobatga oladigan boʻlsak, bunday hamkorlik yanada muhim ahamiyat kasb etadi”.
Ushbu gaplar Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qalamiga mansub “Revolyutsiya” kitobining Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yili oʻzbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan nashriga davlatimiz rahbari yozgan soʻzboshidan iqtibosdir. Oʻtgan davrda, haqiqatan, Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari har tomonlama izchil rivojlanib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronning taklifiga binoan shu yil 11-13-mart kunlari davlat tashrifi bilan Fransiyada boʻldi. Tashrif doirasidagi muloqotlar kun tartibidan koʻp qirrali Oʻzbekiston — Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari oʻrin oldi.
Bunga qadar Oʻzbekiston Prezidenti 2018 va 2022-yillarda Fransiyaga rasmiy tashrif buyurgan, oʻz navbatida, Fransiya Prezidenti 2023-yili Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgandi. Oliy darajadagi ushbu tashriflar hamkorlik munosabatlarining barcha soha va yoʻnalishlarida yangi davrni, yaʼni yuksalish bosqichini boshlab berdi.
Bu haqda fikr yuritganda, turli sohalardagi manfaatli aloqalarimiz rivojini koʻrsatadigan koʻplab raqamlaru tafsilotlarni keltirishdan tiyilmoqchimiz. Buning oʻrniga madaniy sohadagi hamkorligimizning yorqin yutugʻi boʻlgan ikkita misolga eʼtibor qaratish bilan kifoyalanamiz.
Birinchi misol:
2022-yilda Parijning naq markazida — dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri, Fransiyaning noyob durdonasi hisoblanuvchi Luvr muzeyida Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan dastlabki yirik koʻrgazma yuqori darajada oʻtkazildi.
Ikkinchi misol:
2024-yilda Fransiya mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz sportchilari faol ishtirok etib, tarixiy natijalarga erishdi. Yaʼni oʻz tarixida ilk bor eng koʻp medallar jamgʻargan Oʻzbekiston bu borada katta yutuqlarni qoʻlga kiritib kelayotgan 15 ta peshqadam davlat safidan oʻrin oldi.
Oʻzbekiston Fransiyani dunyoning siyosiy va iqtisodiy yetakchilaridan biri deb biladi. Fransiya Yevropa siyosatida katta rol oʻynaydi va parlamentarizm boʻyicha boy tajribaga ega. Shu maʼnoda, Prezidentimiz bu galgi davlat tashrifi doirasida Parij shahrining Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv oʻtkazgani alohida ahamiyatga ega.
Muloqot avvalida Yael Braun-Pive xonim: «Parlament — fransuz demokratiyasining yuragi. Oʻzbekiston Fransiyaning doʻsti, strategik hamkori deb hisoblaymiz. Oʻzbekistonga yaqin hamkor ekanimiz bilan gʻururlanamiz.
Fransiya Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatini qoʻllab-quvvatlaydi, binobarin, keyingi yillarda mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalari ham eʼtirofga sazovor. Bunday natijalarga birgina aniq misol — bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi. Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasi koʻplab davlatlar uchun oʻrnak va namuna boʻlishga munosib», deya taʼkidladi.
Shuningdek, Yael Braun-Pive xonimning fikricha, parlament diplomatiyasi, ayniqsa, parlamentlarimizning doʻstlik guruhlari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish lozim. Zero, parlamentlararo muloqot davlatlarimiz oʻrtasidagi strategik hamkorlikning “katalizatori” boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Prezidenti Fransiya parlamenti Milliy majlisi Raisining fikrlarini maʼqullar ekan, “Men oʻzim ham 15 yil parlament aʼzosi boʻlganman, shuning uchun parlament hayotini ich-ichidan his etaman, parlament — bu xalq uyi, xalq ovozi”, deya uqtirdi. Parlament islohotlarimizning huquqiy asoslarini yaratishda faol ishtirok etmoqda. Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga berildi.
— Bundan ikki yil avval qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish yuzasidan oʻtkazilgan referendumda 85 foiz saylovchi qatnashdi, — dedi Prezidentimiz. — Biz uchun eng muhimi — xalq ovozini eshitish, xalqimiz muammolarini hal etishdir. Chunki yangi Oʻzbekistonda xalqchil davlat quryapmiz. Mahalla institutiga katta eʼtibor qaratmoqdamiz.
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimizda kechayotgan demokratik islohotlar endi ortga qaytmas tus olganiga eʼtibor qaratdi. Qatʼiy siyosiy iroda bilan odamlarni bunday yashash endi mumkin emasligiga ishontira oldik. Xalq bizga ishongani uchun ham islohotlarni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Yangi Oʻzbekistonning islohotlar strategiyasida hamma uchun teng imkoniyatlar yaratish, inson huquqlarini hurmat qilish, xalq farovonligini oshirish va aholiga munosib turmush sharoitini taʼminlash ustuvor yoʻnalishlar hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, haqiqatan, bugungi kunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bundan necha asrlar ilgari yashab oʻtgan shavkatli ajdodlarimiz Amir Temur va Sharl VI orzularini real voqelikka aylantirmoqda.
Oʻzaro suhbat asnosida Prezidentimiz uchta aniq taklifni olgʻa surdi.
Birinchisi, Fransiya Milliy majlisi Raisi va fransuz deputatlarni joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga taklif qildi.
Ikkinchisi, Oʻzbekiston — Fransiya parlamentlararo forumini oʻtkazish taklifini bildirdi.
Uchinchisi, Oʻzbekiston parlamentining Qonunchilik palatasi va Fransiya parlamentining Milliy majlisida Oʻzbekiston — Fransiya doʻstlik guruhlari qayta tuzilgani munosabati bilan ularning faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish muhimligini qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslarini Fransiya tomoni toʻla qoʻllab-quvvatladi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.
Taʼkidlash kerakki, hozirgi kunda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Fransiya Milliy Assambleyasi oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanmoqda. Yaqinda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fransiya Milliy Assambleyasi bilan parlamentlararo hamkorligi boʻyicha guruh tuzilgani, keyingi sakkiz yil ichida parlamentlarimiz vakillari oʻrtasida yigirmaga yaqin ikki tomonlama tashrif va muloqot tashkil etilgani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladigan 2030-yilgacha boʻlgan strategiya izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash bilangina cheklanib qolmay, ushbu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani aynan Oʻzbekiston tashabbusi asosida qabul qildi. Shu oʻrinda xalqaro hamjamiyatning oliy minbaridan ilgari surilgan ushbu taklifimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun fransuz hamkasblarimizga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Bundan ikki yil avval yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish munosabati bilan oʻtkazilgan umumxalq referendumida Fransiya parlamenti Senati aʼzolari R.Rishar va A.Vallini xalqaro kuzatuvchilar maqomida ishtirok etgandi. Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti saylovi jarayonlarida xalqaro kuzatuvchilar maqomida ishtirok etgan Fransiya — Oʻzbekiston doʻstlik guruhi raisi E.Morey rahbarligidagi Fransiya parlamenti Senati delegatsiyasi aʼzolari bilan 2023-yil 8-iyulda sermazmun muloqot qilganmiz.
Ayni vaqtda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Yurtimizda gender tenglik, soʻz va eʼtiqod erkinligini taʼminlash, qiynoqlarga qarshi kurashish borasida aniq va samarador qadamlar qoʻyilmoqda. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan har qanday zoʻravonlikka barham berishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekistonda 2024-yil oktyabr oyida parlament saylovi ilk bor aralash tizim asosida oʻtkazildi. BMT tavsiyalariga muvofiq, ayol nomzodlar kvotasi 40 foizgacha oshirildi. Islohotlar natijasida parlament quyi palatasidagi xotin-qizlar 38 foizga yetdi, bu koʻrsatkich xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga hamohangdir.
Saylov arafasida, 2024-yil 6-8-oktabr kunlari Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kamina rahbarligidagi delegatsiyasi Parijda boʻlgandi. Biz oʻshanda Fransiya keng jamoatchiligiga mamlakatimizdagi saylovning mazmun-mohiyati haqida atroflicha maʼlumot berish uchun qator uchrashuvlarda qatnashganmiz.
Oʻzbekistonning yangi parlamenti milliy qonunchilikni Konstitutsiya normalariga muvofiq yangilash, dunyoviy va ijtimoiy davlat tamoyillarini hayotga tatbiq etish borasida faol ishlamoqda. Yaqinda Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilindi.
Keyingi davrda sayyoramizdagi keskin iqlim oʻzgarishlari, suv va boshqa tabiiy resurslarning kamayishi jiddiy muammoga aylanmoqda. Oʻzbekiston tomoni Fransiyaning 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishish orqali Yevropani uglerodsiz rivojlanadigan dastlabki yirik iqtisodiyotga aylantirish borasidagi yondashuvini, umuman olganda, ushbu hamkor mamlakatning ekologiyani asrab-avaylashga doir qatʼiy va oqilona yoʻlini qoʻllab-quvvatlaydi.
Bu haqda fikr yuritganda, ekologiya va atrof-muhit masalalarini biz ham inson huquqlarini taʼminlashning ajralmas qismi sifatida koʻrishimizni taʼkidlash oʻrinlidir. Binobarin, qulay atrof-muhitga boʻlgan huquq yangilangan Bosh qonunimizda alohida konstitutsiyaviy normalar bilan mustahkamlab qoʻyildi.
Yana bir muhim qadam:
Oʻzbekistonda 2025-yil Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilindi. Mamlakatimiz Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimiga va Orxus konvensiyasiga qoʻshilgan. Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarni samarali hal qilish uchun Prezident huzurida Iqlim kengashi tuzilmoqda.
Oʻzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilayotganiga uch yil boʻldi. Oʻz navbatida, qoʻshni va qardosh davlatlar bilan hamkorlikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishdik. Toshkentda Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish boʻyicha Markaziy Osiyo universiteti tashkil etildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston BMT tomonidan ushbu sohada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori sanaladi.
Hozirgi kunda insoniyat juda ogʻir davrni boshdan kechirmoqda. Xalqaro munosabatlarda oʻzaro ishonchga darz ketmoqda, qarama-qarshilik va mojarolar tobora kuchaymoqda, barqarorlik va taraqqiyotga turli tahdidlar xavf solmoqda. Afsuski, bu muammolar Oʻzbekiston va Fransiyani ham chetlab oʻtmayapti.
BMT 2025-yilni Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb eʼlon qilgani bejiz emas. Chunki murakkab geosiyosiy tanglik, qurolli toʻqnashuvlar va moliyaviy bosim kuchayishi global iqtisodiy tanazzulga sabab boʻldi. Oʻz navbatida, bunday nomaqbul ahvol hayotiy ehtiyojlarini qondirish uchun intilayotgan millionlab odamlarni chuqur tahlikaga solib, turli muammolar girdobiga tashladi.
Shunday ekan, BMT tashkil topganining 80 yilligi nishonlanadigan yilda dunyo parlamentlari hal qiluvchi oʻrinni egallashi zarur. Milliy parlamentlar butun jahon miqyosida har tomonlama hamkorlikni taʼminlash, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va ishonchni tiklashda alohida rol oʻynashi taqozo etiladi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston tashabbusi bilan 5-6-aprel kunlari Parlamentlararo Ittifoqning 150-yillik yubiley assambleyasi ilk bor Markaziy Osiyo zaminida — aynan Toshkent shahrida boʻlib oʻtishi diqqatga sazovor. Assambleyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” ekani ham bejiz emas. Biz hamkasblarimiz, Fransiya parlamenti aʼzolarining ushbu xalqaro parlamentariylar forumida faol ishtirok etishiga umid qilamiz.
Soʻnggi yillarda Oliy Majlisning har ikki palatasiga anʼanaviy qonun ijodkorligi funksiyalaridan tashqari yanada keng vakolatlar berildi. Xususan, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazorati kuchaytirildi, hukumatning hisobotlari muntazam eshitib borilmoqda.
Davlat qurilishi jabhasidagi bunday zamonaviy yondashuv milliy parlamentning yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantirishda muhim oʻrin egallayotganidan dalolat beradi. Binobarin, Oʻzbekiston bu borada Fransiya bilan tajriba almashishdan manfaatdor.
Biz Fransiya bilan erishilgan parlamentlararo hamkorlik darajasini qadrlaymiz. Ikki mamlakat parlamentlarida parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyat koʻrsatayotgani tomonlar munosabatlarning ushbu muhim yoʻnalishini rivojlantirishdan manfaatdor ekani tasdigʻidir. Oʻtgan davr mobaynida faol tashriflar almashildi, xususan, Oʻzbekiston — Fransiya guruhi aʼzolari oʻrtasida muntazam ravishda muzokaralar oʻtkazilmoqda.
Eng asosiysi, Prezidentimizning Fransiyaga davlat tashrifi doirasidagi muloqotlar asnosida mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Bu borada ilgari surilgan amaliy takliflar, xususan, joriy yilda fransuz hamkasblarimiz ishtirokida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30 yilligiga bagʻishlab “Oʻzbekiston — Fransiya: gender tenglikni taʼminlashda parlamentning roli” parlamentlararo forumini oʻtkazish taklifi alohida eʼtiborga molik.
Yevropaning qoq yuragida joylashgan Fransiya bilan oʻzaro hamkorlik istiqbollari haqida soʻz borganda, albatta, ushbu mamlakat sunʼiy intellekt boʻyicha global hamkorlik borasida nafaqat koʻhna qitʼada yetakchi, balki bu borada butun jahonning markazi ham ekanini alohida qayd etish darkor. Joriy yil fevralida Fransiya tashabbusi bilan “Sunʼiy intellekt sohasidagi saʼy-harakatlar boʻyicha sammit” muvaffaqiyatli oʻtkazilgani fikrimizning amaliy isbotidir.
Aslida ham sunʼiy intellekt butun dunyomizni oʻzgartirmoqda. Bu shunchaki texnologiya emas, balki bizning yashash, ishlash va oʻzaro munosabatlarimizni oʻzgartirishlarga chogʻlayotgan qudratli vositadir.
Yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun sunʼiy intellektdan unumli foydalanish zarurligi borasida mamlakatlarimizning yondashuvlari oʻxshash. Oʻzbekistonda Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Biz ilm-fan sohasi va fuqarolik jamiyati ishtirokiga asoslangan sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun mustahkam huquqiy asos yaratish kerak deb hisoblaymiz. Shuning uchun bu boradagi umumiy standartlarni ishlab chiqishda fransiyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikdan manfaatdormiz.
Davlatimiz rahbarining Fransiyaga davlat tashrifi Oʻzbekistonning muloqot uchun har doim ochiqligi va ikki tomonlama kun tartibining barcha yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni kengaytirish niyatida qatʼiy va sobit ekaniga oʻziga xos dalildir. Yanada muhimi, ushbu oliy darajadagi tashrif yakunida imzolangan hamkorlik hujjatlari Oʻzbekiston va Fransiya davlatlari oʻrtasidagi sheriklik va doʻstlik aloqalari rivojiga shiddatli surʼat hamda boy mazmun-mohiyat bagʻishlaydi.
Xulosa qilib aytganda, xalqaro va davlatlararo munosabatlarda oʻzaro ishonch yoʻqolib borayotgan bugungi tahlikali va notinch davrda Fransiya bilan strategik hamkorlikni nihoyatda qadrlaymiz. Ikki tomonlama, mintaqaviy va global muammolar yuzasidan qarashlarimiz yaqinligi ham juda muhim. Bu omillarning barchasi, oʻz navbatida, hamkorlikning boshqa sohalari qatori parlamentlararo munosabatlarimizni ham yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etadi.
Akmal SAIDOV,
Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston — Fransiya doʻstlik guruhi raisi