Tadbirda AOKA, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston noshirlari, Axborot-kutubxona markazlari mutasaddilari, kitobxonlar, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirga soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda kitob mutolaasini keng joriy etish, aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirish davlat siyosati darajasida targʻib qilinayotgani, mahalliy, shuningdek, xorijiy adabiyotlarni sifatli tarjima qilish, umuman, tarjima maktabini yuksaltirishga katta eʼtibor qaratilayotganini alohida eʼtirof etishdi.
— Allaqachon anʼanaga aylanib boʻlgan ushbu ajoyib haftalik barcha ijodkorlar va kitobxonlarga, soha mutaxassislariga maʼqul kelishiga shubham yoʻq, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev. — Biz mazkur kitob bayrami orqali yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirishda kitobning roli va ahamiyatini kuchaytirish, oʻzbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga hamda jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish boʻyicha erishilgan yutuqlarni ommalashtirishni maqsad qilganmiz.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid kitob oʻqish va uning targʻiboti xususida oʻz mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
“Kitobxonlik haftaligi” Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida parallel ravishda boʻlib oʻtmoqda. Haftalik doirasida soʻnggi yillarda nashr etilgan yangi kitoblarning taqdimotlari, yosh va isteʼdodli yozuvchi, shoirlar bilan uchrashuvlar, sohadagi dolzarb muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan yigʻinlar boʻlib oʻtadi. 25–26-aprel kunlari esa “Parkent ijod uyi”da bolalar va oʻsmirlar adabiyotini rivojlantirishga bagʻishlangan “Noshirlar va bolalar ijodkorlarining hamkorligi” mavzusida seminarlar tashkil qilinadi.
Shuningdek, 25–27-aprel kunlari Toshkent shahridagi “Dream Park” istirohat bogʻida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlaridagi madaniyat va istirohat bogʻlarida “Noshirdan kitobxonga” tamoyili asosida kitob savdo yarmarkalari tashkil etish rejalashtirilgan.








