Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev xalqaro maʼrifiy anjumanni ochar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soʻnggi besh yil davomida mamlakatimizda noshirlik, adabiyot, kutubxona va kitobxonlik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 10 ga yaqin farmon, qaror va farmoyishlari eʼlon qilinganini taʼkidlab oʻtdi. Ayniqsa, 2021-yil 26-noyabrda “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirda qabul qilingani sohaning meʼyoriy-huquqiy bazasi mustahkamlanishi, davlat tomonidan noshirlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga zarur shart-sharoitlar yaratilgani oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda.
Darhaqiqat, 2019-yilda respublikamizda 227 ta nashriyot faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni salkam 360 taga yetdi. Eng muhimi, bu nashriyotlarning 41 tasi davlat tasarrufidagi korxonalar boʻlsa, qariyb 320 tasi xususiy tadbirkorlik subyektlariga tegishli. Matbaachilikdagi koʻrsatkichlar ham sezilarli darajada oshdi. 2022-yilning 1-noyabr holatiga respublikamizdagi matbaa korxonalarining soni 1746 taga yetdi. Ularning 1660 ga yaqini xususiy korxonalar ekani quvonarlidir.
– Nashriyotimiz tashkil etilganiga salkam bir asr boʻlyapti, – deydi “Oʻzbekiston” nashriyoti matbaa-ijodiy uyi bosh muharriri Azimboy Boboniyozov. – Oʻz anʼanalarimizga sodiq qolish bilan birga bugungi kunning talabchan va zukko kitobxonlari talablarini ham astoydil oʻrganishga harakat qilyapmiz. Biz alloma bobolarimiz bilan juda faxrlanamiz, lekin afsuski, koʻp hollarda ularning asarlarini oʻrganishga, tadqiq etishga jiddiy eʼtibor qaratmaymiz. Nashriyotimiz ancha yillardan beri Abu Rayhon Beruniy asarlari ustida ish olib borayotgan edi. Mutafakkir bobomizning 7 jildli asarlar toʻplamini chop etdik. Mana yaqinda Prezidentimizning “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingan edi. Ushbu qutlugʻ sana oldidan koʻrgan tadorigimiz yurtimiz olimlari, tadqiqotchilari va kitobxonlarida juda katta qiziqish uygʻotayotganidan nihoyatda mamnunmiz. Abu Rayhon Beruniy asarlari nafaqat ilmiy maʼlumotlarga, balki badiiy voqeliklarga boyligi bilan ham eʼtiborga molikdir. Shuningdek, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning 6 jildlik asarlarini ham qayta nashrga tayyorlayapmiz. Sheʼriyat ixlosmandlariga taqdim etilishi koʻzlanayotgan bu kitoblarda sevimli shoirimizning eng gurkiragan ijodiy davrida yozilgan sheʼrlari va dostonlarini jamlashga harakat qilyapmiz.
Xalqaro koʻrgazmada Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkiya kabi 9 ta xorijiy davlatdan 47 ta yetakchi kompaniya, nashriyot va assotsiatsiya vakillari tomonidan tomonidan taqdim etilayotgan yangi kitoblar va matbaa mahsulotlari, dizaynerlik ishlari, rassomlik sanʼati namunalari ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Tadbir doirasida boʻlib oʻtadigan davra suhbatlari, seminar-trening va mahorat darslari, kitobxonlik tanlovlari, turli aksiya va madaniy-maʼrifiy dasturlarda yosh kitobxonlar faol qatnashayotgani quvonarlidir.
Tadbirda butun dunyodagi tinchlikni saqlashga oid asarlar boʻyicha “Tashbookfest-2022” kitoblar tanlovi ham oʻtkaziladi. Tashkiliy qoʻmita tomonidan “Noshirlik sohasida erishgan yuksak natijalari uchun” nominatsiyasi boʻyicha bosh sovrin – Gran pri mukofoti taʼsis etiladi. Barcha tanlov gʻoliblari xalqaro koʻrgazma-yarmarkaning yopilish marosimida 4-noyabr kuni tantali ravishda taqdirlanadi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston”muxbiri