Keyingi yillarda har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etish anʼana tusini oldi. Bugun Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida III respublika “Kitobxonlik haftaligi” ushbu anʼananing davomi deyish mumkin.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari T.Tugalov soʻzga chiqib, mazkur haftalik aholi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yozuvchi-shoirlar bilan yaqindan muloqot qilish, asarlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishda qoʻl kelishini taʼkidladi va kutubxona maʼmuriyatiga yangi kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Tadbir davomida kitob yarmarkasi tashkil etildi. Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, “Kelajak liderlari” klubi vitse-prezidenti Farangiz Xudoyorova va yoshlar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda kitobxon oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi va sahna koʻrinishlari ham namoyish etildi.
Kitobxonlik haftaligi 15-aprelga qadar davom etadi va haftalik doirasida kitob koʻrgazmalari, koʻrik-tanlovlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, yangi adabiyotlar sharhi, badiiy va musiqiy kechalar, “Sevimli kutubxonamga kitob sovgʻa qilaman” aksiyalari oʻtkaziladi.