Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari, “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi hamda ikki mamlakat yetakchi “aql markazlari” ekspertlari va Oliy taʼlim muassasalari tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston – Turkiya strategik munosabatlarining istiqbollari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.
— Turkiya Oʻzbekiston tashqi siyosatida muhim, alohida oʻringa ega boʻlgan, oʻziga xos mamlakat hisoblanadi, — deydi deydi, , “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. — Oʻzbekiston 2019-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻldi. 2022-yilda esa Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotida muvaffaqiyatli raislik qilishi hamda mamlakatda mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirokida sammitlarning samarali tashkil etilganligi Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyati va koʻp tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochdi.
Shuningdek, “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi direktori Akkan Suver oʻz nutqida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi samarali hamkorlik rivojiga asosiy turtki berayotgan muhim omil sifatida ikki davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlarning oʻrni katta ekanligini alohida taʼkidladi. Qolaversa, Turkiy davlatlar tashkilotida oʻtgan qisqa vaqt davomida Oʻzbekiston tuzilma faoliyatini yanada jonlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surayotganligi eʼtirof etildi.
— Bugun haqiqatan ham Oʻzbekiston mintaqada tinchlik va bagʻrikenglik siyosatini ilgari surayotgan davlat sifatida yaqqol namoyon boʻlmoqda, — deydi Turkiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar. — Oʻzbekiston bugun ham Turkiy davlatlar tashkiloti miqyosida, ham Markaziy Osiyo mintaqasida Oʻzbekistonning nechogʻlik tinchlik va oʻzaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlashni qoʻllab-quvvatlab kelayotganligiga guvoh boʻlyapmiz. Turkiya ham Oʻzbekiston ushbu tashqi siyosatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Bugungi tadbir ham Oʻzbekiston ilgari surayotgan tashqi siyosatning ijobiy samaralar berayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Doʻstona va samarali kechgan davra suhbati yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, bu jarayonda ikki mamlakat yetakchi “aql markazlari” hamda xalqaro institutlar doirasida ham faol ish olib borishga kelishib oldilar.
Zulxumor Akbarova