Dunyoda turli xavf-xatar va tahdidlar, qurolli mojarolar va toʻqnashuvlar kuchayib borayotgan bugungi kunda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarning milliy va jangovar ruhini yanada oshirish, axloqiy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash muhim vazifalardan biridir.
Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, harbiy-jangovar salohiyat va yuksak maʼnaviy salohiyat Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur.
Mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va yoshlar bilan ishlash boʻyicha maslahatchisi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Olimjon Oʻsarov hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi uchun tayyorlagan musohabasi bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlandi.
Olimjon OʻSAROV: — Har yilning yanvar oyi xalqimizda bir ulugʻ koʻtarinkilik, ruhan tetiklik bilan boshlanadi. 2025-yil ham shunday shukuhli keldi. Hammamiz, kasbimizdan qatʼi nazar, birbirimizni 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladik. Birbirimizga ijtimoiy tarmoqlardan tabriknomalar yoʻlladik. Ularda hammamizning jonu jahonimiz — Oʻzbekistonimizga muhabbatimizni izhor qildik, boʻlishdik. Bu bejiz emas. Biz vatanparvar, qahramon bobolarning avlodimiz. Azaldan xalq rahnamolari yoshlarni Vatanga sadoqatli boʻlishga daʼvat qilib kelgan. Har bir zamon, davr ulardan buning tasdigʻini, namoyishini kutgan, koʻrgan. Yoshlarga Vatanga sadoqatning neligi, maʼnosi tushuntirilgan. Dostonlarda kuylab qalblarga sadoqat quyilgan. Maʼnaviy qurollantirilgan. Bu esa bugungi kun uchun eng zarur fazilatlarning yoshlar xulqiga koʻchishiga xizmat qilgan. Mana shu anʼana yangi tusda, zamon bilan hamqadamligini koʻrib, ichdan suyunib yashayapmiz. Buning boisi, yoshlarimiz, harbiy xizmatchilarimiz soʻzlaridagi, siymosidagi, niyatidagi, xulqidagi sadoqatdan xotirjammiz. Lekin sadoqat ham parvarish qilib, kuchaytirib turilishi zarur. Shunday emasmi?
Muhammadjon QURONOV: — Sadoqat — maʼnaviy hodisa. U oʻzidan oʻzi paydo boʻlmagan, boʻlmaydi. Shuning uchun azaldan otabobolarimiz maqol, ertak, doston toʻqib, kuyga solib, aytib, sadoqat urfini yoshlarga oʻrgatib kelgan. Sadoqat oʻzlik yo begonalik masalasi. U ketsa, oʻrnini xiyonat egallaydi. Doim shunday boʻlgan, hozir ham shunday. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarida qilgan Murojaatnomasida “Oʻzimiz oʻzimizga xiyonat qilmasak, oʻzimiz oʻzimizni aldamasak, halol-pok boʻlib mehnat qilsak, men aminman, koʻzlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz...”, deya masʼuliyatga, safarbarlikka, Vatanga sadoqatli boʻlishga daʼvati buning yaqqol misolidir. Chunki bugun kechagidek oʻylasak, ishlasak, kechagidek yashayveramiz. Biz milliy yuksalishning Yangi Oʻzbekis ton fazasiga kirdik. Yuksalish tiklanishdan koʻra, koʻp kuch, energiyani talab qiladi. Chunki yuksalish — perpendikulyar harakat.
Olimjon OʻSAROV: — Bunday paytda “Biz bir oddiy odam boʻlsak, bizga qarab qolibdimi? Boshqalar borku” deb oʻzini chetga olib turuvchilar ham boʻlgan. Biroq bu yumshoq qilib aytganda, loqaydlik, befarqlik, begonalik. Loqayd qancha koʻp boʻlsa, sodiq vatanparvarlar yelkasi shuncha koʻproq qavaradi. Biz murabbiylar bunga yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Oʻzbekiston — 37 million hujayradan iborat bir jonu bir tanli organizm. Tariximiz ham, taqdirimiz ham shu Vatanda — Oʻzbekistonda. Unga bir farzand boʻlib, qiladigan xizmatimiz qanday, qancha boʻlishi har birimizning Vatanga sadoqatni bugun qanday tushunishimizga, unga qanchalik amal qilishimizga bogʻliq.
Muhammadjon QURONOV: — Juda topib aytdingiz, Olimjon. Bir pedagog sifatida men ham bir savolga javobni koʻp oʻylayman. Vatanga sadoqat nimada koʻrinadi? Dildami, tildami, qoʻldami, ishdami? Bu savolga har bir yigitqizimizning oʻz, shaxsiy, keskir javobi boʻlishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, sadoqatni kinofilm, spektakl, kitob, qoʻshiqlardan hayotga olib chiqishimiz kerak. Toki toʻrt tomonimizda Vatanim deb oʻz sohasida shijoat koʻrsatayotgan millionlab yigitqizlarni koʻraylik. Aks holda, sadoqat dilda yo tilda qolib ketishi mumkin.
Olimjon OʻSAROV: — Vatanga sodiqlik — fazilat. Vatanga sadoqat bugun bizdan nimalarni talab qilyapti? Mehr va safarbarlikni, amaliy ishlarni. Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, “Barchamiz bir haqiqatni chuqur tushunib, anglab olishimiz kerak: bugun gap xalqimiz, Vatanimizning taqdiri va kelajagi, jondan aziz bolalarimizning baxti va kamoli haqida bormoqda. Shunday ulugʻ maqsadlar yoʻlida barchamiz belimizni mahkam bogʻlab ishlashimiz, bor aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni, jonajon Vatanimizga farzandlik mehrimiz va sadoqatimizni safarbar etishimiz kerak”.
Vatanga sadoqat deganimizda koʻhna tarix, sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, jadid bobolarimiz, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ulardan soʻng mustaqilligimiz himoyachilarining jasoratlari gavdalanadi. Chunki ular oʻz zamonasi daʼvatidan kelib chiqib, Prezidentimiz aytganidek, “Bor aql-zakovati, bilim va tajribasini, jonajon Vatanimizga farzandlik mehri va sadoqatini safarbar etishgan”. Bugun dunyo miqyosida turli xavfxatarlar, qurolli toʻqnashuvlar tobora avj olib borayotgan oʻta murakkab vaziyat bizdan sadoqatning maʼnosini bugungi kun shiddatidan kelib chiqib tushunishni talab qilmoqda. Bu bizdan Vatanga sadoqatni ertaga, kelajakda emas, bugun koʻrsatishni talab etmoqda.
Muhammadjon QURONOV: — Buning uchun “safarbar sadoqat”ning bugungi talablari qanday? Bugun Vatanga sodiq inson qanday boʻlishi kerak? Vatan bizdek oʻgʻilqizlaridan yolchishi uchun biz amalda nimalarni qilishimiz, nimalardan tiyilishimiz kerak? Yoki nega bayrogʻimizni, undagi moviy rang — sadoqat timsolini boshimizdan ham baland tutamiz, degan savollarga shaxsiy javoblarimiz boʻlishi lozim.
Masalaga ilmiy yondashmasak, sadoqat balandparvoz soʻzga aylanadi. Adashamiz. Chunki ilm — xolislik degani. Sadoqat nima? Ilmiy adabiyotlarda unga — odamning qudrati, unga taʼsir qiladigan voqea, tashqi yoki ichki omillar, aldovlar qarshiligiga dosh beruvchi, toblangan ichki “umurtqasi” kuchining namoyon boʻlishi; odamning oʻzi aytayotgan soʻzlari, pozitsiyasi, yondashuvi haqligiga qattiq ishonish, deyiladi.
Sadoqat odamning Vatani, unga ishongan, uning sevgan kishilari oldidagi burchini ang lashidan kelib chiquvchi fidoyiligi, javonmardligi. Uning maʼnosi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da doʻstlik, birdamlik, samimiylik; chin qalbdan berilganlik; sodiqlik, vafodorlik degan sadoqatga “qarindosh” soʻzlarda ochib berilgan. Demak, bu soʻzlar, ularning maʼnolari (maʼnaviyati)ni har bir harbiy xizmatchi qalbiga jo qilib olishi kerak. Ana shunda u nafaqat jismoniy kuchga, balki qudratli maʼnaviy kuchga ega boʻladi.
Olimjon OʻSAROV: — Darvoqe, dunyo taj ribasiga qarasak, harbiy sohada ikki yoʻnalishda doimiy tayyorgarlikka erishish uqtirib kelinganini koʻramiz. Bular Qurolli Kuchlarning maʼnaviy va jangovar tayyorgarligi. Masalan, AQSH Mudofaa vazirligiga qarashli Qurolli Kuchlar maktabi tomonidan chop qilingan hujjatlarda “Barcha darajadagi armiya rahbarlari Amerika xalqining ishonchini qozonish va xizmat qilish uchun yuqori axloqiymaʼnaviy standartlarni ishlab chiqish va saqlash uchun javobgardir” deb qayd qilingan. Unga koʻra, AQSH Qurolli Kuchlarining maʼnaviyruhiy takomiliga sabab harbiy xizmatchilar maʼnaviyruhiy kamolotini yanada takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot faoliyatining samarali yoʻlga qoʻyilgani bilan izohlanadi.
Maʼnaviy tayyorgarlik nemis armiyasida ham ustuvor sanaladi. Germaniya armiyasi xizmatchilari 14 ta maʼnaviyaxloqiy tamoyilga amal qiladi. Bu tamoyillarning birinchisi — Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, deb belgilangan. Nemis yoshlari orasida harbiy xizmatga qiziqishni oshirish, boʻlajak harbiy xizmatchilarni tanlash, tayyorlash boʻyicha maʼnaviyaxloqiy talablar belgilangan. Buyuk Britaniya harbiy rahbariyati tomonidan ommaviy axborot vositalarida targʻibotni kuchaytirish orqali jangovar ruhni oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Muhammadjon QURONOV: — Bu fikringiz menga generallar orasida oʻzaro aytib yuriladigan bir harbiy maqolni eslatdi. Unda “Jangovar tayyorgarlik muhim. Lekin oʻqni qayoqqa qarab otishni askarga mafkuraviy tayyorgarlik koʻrsatadi”, deyiladi. Shuning uchun vatanparvarlik mafkurasini milliy darajaga koʻtarishda tarbiya ilmi, pedagogikadan unumli foydalanilyapti. Masalan, Xitoy pedagogikasining asosiy gʻoyasi milliy vatanparvarlik tarbiyasi bilan bogʻliq.
Xitoy pedagogik matbuoti materiallarida “Vatanparvarlik — bu xitoyliklarning eng yaxshi anʼanasi va milliy fazilati” degan gʻoya singdirib kelinmoqda.
Olimjon OʻSAROV: — Vatanga sadoqat — sinov. Uning sinovlaridan oʻtish oson emas. Sadoqat — odamdagi kuchli maʼnaviyatning kuchli xarakteri borligining belgisi. Shuning uchun ham harbiy xizmatchilarning nafaqat jismoniy, balki maʼnaviy shay boʻlishining ahamiyati oʻta muhim.
Chunki sadoqat — maʼnaviyat masalasi. U odamning Vatan oldidagi oʻz burchlarini bilishiga, tushunishiga, anglashiga quriladi. Burchni oqlash esa oson emas. U qiyinchiliklardan chekinmaslikni, toymaslikni, qaytmaslikni, ularni mardona, chidam bilan bartaraf qilishni, oʻzini qiynashni talab qiladi. Hayotda uchraydigan chalgʻituvchi manfaat, yengillik, makraldovlarga uchmaslikni, qancha qiyin boʻlmasin, unga ishonib, topshirilgan ishonchni oqlab, natijaga erishishni, matonatli boʻlishga undaydi.
Sadoqat ishonch ustiga quriladi. Ishonch esa ishontirishning natijasi. Ana shunda qattiq ishonch katta sadoqatni talab qiladi. Uni oqlash uchun odamdagi barcha yaxshi fazilatlar oyoqqa turadi, ishga tushadi. Sadoqat egasining yuzini yorugʻ qiladi. Bundan odamning oʻziga ishonchi, hurmati ortadi. Odamlar oldida tutgan oʻrni, qadrqimmati mustahkamlanadi. Undan rozi odamlarning hurmati, doʻstligi, muhabbati oshadi. Bu esa har bir insonning orzusi, shunday emasmi?
Muhammadjon QURONOV: — Juda toʻgʻri aytdingiz. Har birimizda Vatanga sadoqatning u yoki bu darajasi bor. Gap ana shu sadoqatni anglab, oʻziga oʻzi yuqoridagi savollarni berib, oshirib, oʻzini har kuni, oʻz ish joyida, postida safarbar etishda. Barcha sohalarda Vatanga sadoqatni namoyon qilish uchun imkoniyatlar koʻp. Ammo ayrim yoshlarimiz buni kundalik hayotda qanday namoyon qilishni bilishmaydi. Ular vatanparvarlik qandaydir favquloddagi vaziyatlarda namoyon boʻladi deb oʻylashadi. Kuch, gʻayrati bor, ammo uni qayerga sarflashni bilmaydigan kishidek. Bu savol nafaqat bizning, balki dunyoning koʻpchilik yoshlarida bor. Demak, qaysi mamlakat yoshlarida mana shu gʻayrat, pok niyat bilim, maʼnaviyat bilan boyitilsa, maqsadga yoʻnaltirilsa, oʻsha tez rivojlanar ekan.
Olimjon OʻSAROV: — Oʻqituvchi-murabbiylar, serjantlarning Vatanga sadoqati bosh jihati “yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga sadoqat tuygʻusini singdirish”da ekani ochib berildi. “Bunga tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan” erishilishi aniqlab berildi. Gap shundaki, sadoqatning ziddi — xiyonat ham sohaviy xususiyatga egada.
Prezidentimizning “Biz qanday marraga erishmoqchi boʻlsak, unga faqat ona yurtimizga mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik bilan erishamiz”, degan fikrida sadoqatning umumiy va xususiy, sohaviy mohiyati ochib berilgan. Demak, bugun bizdan mehnatda, oʻz kasbiy burchiga sadoqat talab etilmoqda. Bu har birimizga har kuni berilayotgan imkoniyat. Masalan, sportchi yoshlarimizning Vatanga sadoqati ularning gʻalabalarida namoyon boʻlayotir. Ayni vaqtda ularning gʻalabalari yoshlarimizga ibrat boʻlib, ularda Vatanga sadoqatni tarbiyalamoqda.
Muhammadjon QURONOV: — Insoniyat tarixi sadoqat nafaqat kuchli, qudratli jins — erkaklarga, balki ayollarga ham xosligini koʻp koʻrgan. Maʼnaviyati kuchli ayollar azaldan sadoqat ramzi boʻlib kelgan. Biz oilamiz charogʻonligi, xotirjamligi xotinqizlarimizning har kunlik sadoqatidan ekaniga oʻrganib qolganmiz. Lekin kezi kelganda, sadoqat burchi ayolni filday kuchli qilar ekan. Buni qadimiy rivoyatlar ham tasdiqlaydi. Mana ulardan biri:
“Bir shaharni yov bosib, hammani asir qiladi. Dushman lashkarboshisi shahar ahlini bir maydonga toʻplab: “Men xotin-qizlarni asirlikdan ozod qilmoqchiman. Ertaga tongda xotin-qizlar oʻzlari koʻtara olgunicha narsalarini olib, chiqib ketsin”, deydi.
Tongda lashkarboshi shahar darvozasi oldiga keladi. Manzarani koʻrib, larzaga tushadi. Chunki shahar darvozasidan momolar, ayollar, oʻsmir qizlar oʻzlarining nozik yelkalarida ota, aka-ukalarini, sevgan yorlarini, oʻgʻillarini orqalab chiqib ketardi. Xotinqizlarning sadoqati tufayli shaharda bitta ham asir qolmaydi”.
Olimjon OʻSAROV: — Qalblarni larzaga soladigan misol ekan. Odam qiyin vaziyatda qolsa, uch yoʻldan birini tutadi. Burchiga sodiq qolib, kurashib muammoni hal qilish, indamay tashlab qoʻyish, muammodan qochish. Ana shu lahzalarda shayton xiyonatga advokatlik qiladi. Noshukrlikka, oʻz zimmasiga olgan burchini, masʼuliyatini ado etishdan qochishga avraydi. Ana shunda darsni sifatsiz oʻtish, taʼmirni nomiga qilish, ishga kech kelib, erta ketish, oʻzi qoʻl qoʻygan shartnoma shartlarini buzish, soliqdan qochish, tarozidan urib qolish, jinoyatni yashirish, qarz olib kech qaytarish yoki umuman qaytarib bermaslik, yolgʻon hisobot berish, tumanda hal boʻladigan ishni hal qilmaslik, mansabini suiisteʼmol qilish, koʻzboʻyamachilik, sogʻni bemor, bemorni sogʻ deb maʼlumot berish kabi holatlar uchrashi mumkin. Ana shunda ustozlik, quruvchilik, xodimlik, hamkorlik, doʻstlik, xizmat burchi, kasbiy, funksional vazifa, xizmat koʻrsatish sohalarida bildirilgan ishonchlar oqlanmay qoladi. Bunday holatlar milliy yuksalishimizga kattakichik toʻsiqlarni paydo qiladi.
Muhammadjon QURONOV: — Odam bolalikdan kichikkichik sadoqat-xiyonatlarni koʻrib ulgʻayadi. Masalan, ota yo ona bolasiga biror narsani vaʼda berib, bajarmaydi. Bir gapni oʻz vaqtida aytish kerak — aytilmaydi, ertaroq kelish kerak — kech kelinadi. Vaqtida ketish kerak — ertaroq ketiladi. Oʻzini qiynashi kerak — qiynamaydi. Oʻzi qilishi kerak boʻlgan ishni — birovga “Qarab qoʻy!”, deydi. “Nega bunday qildingiz?”, desangiz, “Birinchi martaku. Nima qilibdi? Oʻzingiz shunday degandek boʻluvdingizku! Ozginaku. Oʻtib ketadiku. Hamma shunday qiladiku. Hech kim sezmadiku”, deb oqlanadi. Bular — xiyonatning yumshoqroq, boshqa soʻzlar bilan “oqlanadigan” koʻrinishlari, simptom signallari. Bunday muhitda masʼuliyatsizlik, ogʻirning ostidan, yengilning ustidan yurish ayb sanalmay qoladi.
Olimjon OʻSAROV: — Xiyonat tugʻma illat emas, nomaʼqul tarbiya mahsuli. Oʻz vaqtida ota-ona, ustozlarning bolalarni soʻz bilan ish birligiga, masʼuliyat, sadoqatga odatlantirmaganining oqibati. Nima qilmoq kerak? Yana, yana va yana maʼnaviyat, yana tarbiya. Har bir bolada Vatanga sadoqatning yoshiga mos tabaqalashgan darajasini kafolatli taʼminlab borishimiz kerak. Tarbiya masalasida ota bilan onaning dili, tili bir boʻlishi kerak. Baʼzida ota “yoʻq”, deb, ona “xoʻp”, deydi. Bola bir muammoning ikki xil yechimi boʻlishi mumkinligini koʻrib, hayron boʻladi. Otalar koʻpincha mehnatli rohatni, onalar — mehnatsiz rohatni taklif qiladi. Bola oʻn marta maqsadga mehnat qilib erishsa, toʻgʻrilikka, oʻn marta mehnatsiz erishsachi? Tayyorga ayyorlikka oʻrganadi. Undan yolgʻonga, munofiqlikka, koʻzboʻyamachilikka yoʻl ochiladi. Yozuvchi K.Chukovskiyning “Ikkidan beshgacha” asarida insondagi zukkolik va hushyorlik, iqtidor va uddaburonlik yoxud yolgʻonchilik va ayyorlikning aksariyati bolalar 26 yoshdalik davridayoq toʻla shakllanishi va namoyon boʻlishi isbotlangan.
Sadoqat milliy qahramonlarimizning bosh fazilati boʻlgan. Sadoqat begonalardan umid qilinmaydi. Doʻstlardan, farzandlardan, shogirdlardan kutiladi. Qarang, shuning uchun oʻzbek bolasiga Sodiq, Siddiq, Sadoqat, Siddiqa, Muhammadsodiq degan ismlar qoʻyadi. Xalq shoiri Erkin Vohidov sadoqatni “Oʻgʻlon oqil, mard boʻlgin, mardlik — elga sadoqat”, yaʼni oqillik va mardlikning yigʻindisi degan edi.