Mahalliy va xorijiy ekspertlar uchun maydon

    Shu yilning 21-oktyabr kuni Poytaxtimizda oʻtayotgan xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “Kambagʻallikdan farovonlik sari mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbirda xorijiy hamkorlar, jumladan, ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirok etdi.

    Davra suhbatida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi yangi yondashuvlar muhokama qilindi.

    Qayd etilganidek, 2020-yildan boshlab kambagʻallik bilan kurashish mamlakat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Shu yilda “Koʻp oʻlchovli kambagʻallik indeksi” standartlari va xalqaro tajriba oʻrganilib, bu borada Oʻzbekiston metodi ishlab chiqildi hamda kambagʻallik darajasini aniqlashning minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblash usuli joriy etildi.

    Endilikda, 2025-yilda koʻp oʻlchovli kambagʻallikni aniqlash mezonining yangi tizimi joriy etiladi. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi. Shuningdek, yana 50 ming gektar yer 100 mingta kambagʻal oilaga boʻlib beriladi.

    Bundan tashqari, ijobiy tajribaga ega 100 ta eng samarali mikroloyihalar katalogi yaratiladi.

    Shuningdek, shu kuni “Yangi Oʻzbekiston: gender tenglik siyosati” mavzusida ham tadbir tashkil etildi. Unda qator xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlarning sohaga doir masʼul vakillari ishtirok etdi.

    Mazkur tadbirda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning sohaga doir masʼul vakillari, jumladan, “Belarus ayollar ittifoqi” jamoat birlashmasi raisi Shpilevskaya Olga Aleksandrovna, Misr Arab Respublikasi Vakillar palatasi aʼzosi, Misr qishloq xoʻjaligi banki bosh direktori, Arab mehnat tashkiloti ayollar kengashi rahbari Solaf Husayn Mustafo Darvish, Misr Senati, Energetika, atrof-muhit va ishchi kuchi qoʻmitasi kotibi Noha Ahmed Fathi Ahmed Zaki, Ozarbayjon Respublikasi Oila, xotin-qizlar va bolalar muammolari boʻyicha davlat qoʻmitasi vakili Gulnara Mamadova, Qirgʻiz Respublikasi Ayollar Kongressi raisi Zamira Akbagisheva ishtirok etdi.

    Xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi xotin-qizlarning imkoniyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini mustahkamlash va bugungi kunda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining mazmuni, islohotlarning mamlakat ayollari hayotiga amaliy taʼsiri va xalqaro ayollar harakatidagi hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazish kabilardan iborat boʻldi.

    Shuningdek, ayollar shu paytgacha anʼanaviy boʻlgan taʼlim, tibbiyot, tikuvchilik yoʻnalishlaridan tashqari raqamli iqtisodiyot, informatsion texnologiyalar kabi ilgʻor sohalarga faol kirib kelmoqda.

    Shu kabi tadbirlar 22-oktyabr kuni ham Toshkentdagi “Renessans Hall” majmuasida davom etdi. Jumladan, poytaxtimiz mezbonlik qilayotgan xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Aholi farovonligini oshirishda barqaror investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi konferensiya tashkil etildi.

    Tadbir koʻplab mahalliy va xorijiy ekspertlarni bir joyga toʻpladi. Davra suhbatida Data Volt, Marubeni Corporation, SUEZ, ACWA Power, Masdar, OTP Green Fund, CAMSE, Vision Invest va Data Volt kabi 15 ta xorijiy kompaniyalar rahbarlari va mintaqaviy vakillari, shuningdek, 80 ga yaqin Oʻzbekiston kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdilar.

    Tadbirda shu va shu kabi mavzuga doir maʼlumotlar maʼruzachilar tomonidan batafsil aytib oʻtildi. Konferensiya yakunlari boʻyicha asosiy xulosalar shakllantirildi.

    Qatnashchilar Oʻzbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari haqida koʻproq maʼlumot olish bilan birga, hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan istiqbolli rejalarni muhokama qildilar.


    Zulxumor Akbarova