Turkiya va Oʻzbekistonni koʻp asos — oʻxshash til, uyqash anʼana va tutumlar, yagona din, azaliy doʻstlik va uygʻun madaniy aloqalar bogʻlab turadi. Ikki xalq tamadduni geosiyosiy joylashuv va tarixiy taraqqiyotdan tortib, hozirgi rivojlanish bosqichida kechayotgan islohotlarning oʻziga xosligigacha boʻlgan koʻp umumiy jihatlarga ega.
Gapni, avvalo, umumiy tarix bilan bogʻlangan oʻzbeklar va turklarning qardosh xalq ekanidan boshlaylik. Chunki bugungi turklarning ajdodlari zamonaviy Turkiya hududiga Movarounnahr zaminidan kirib kelgan. Shu sababdan Oʻzbekiston Turkiyada ajdodlar zamini hisoblanadi va “ota yurt”, deb qadrlanadi.
Geografik jihatdan Oʻzbekiston Osiyoning markazida joylashgan boʻlib, uning turli taraflarini bogʻlaydi, Turkiya esa Osiyo va Yevropani bogʻlab turuvchi davlatdir. Geosiyosiy joylashuvning ushbu xususiyatlari qadim zamonlardan buyon turli madaniyat va sivilizatsiyalarning bir-biri bilan muloqoti va oʻzaro hamkorligi, savdo yoʻllari kesishish markazlari sanalgan ikki davlatning tarixiy rivojlanishi bilan bogʻliq oʻziga xos umumiy jihatlarni ham belgilaydi. Har ikki davlat bir paytlar tarixdagi eng mashhur transport yoʻlagi — Buyuk ipak yoʻlining asosiy boʻgʻinlari edi.
Mamlakatlarimizning mintaqaviy ahamiyati oʻz mintaqasi rivojidagi oʻxshash rolini ham belgilab berar, chunki ular oʻz vaqtida Osiyoning eng qudratli davlatlari hisoblanardi. Usmoniylar imperiyasi bir paytlar Gʻarbiy Osiyo, Shimoliy Afrika va Janubi-sharqiy Yevropani birlashtirgan boʻlsa, temuriylar davlati Osiyo va Yaqin Sharqning markaziy qismini Hind okeanigacha tutashtirgan.
Yigirmanchi asrning tarixiy kataklizmlaridan keyingi zamonaviy tarixda ham ikki xalq taqdirining muayyan mushtarakligi kuzatilmoqda. Turkiyaning yangi tarixi 1923-yilda Otaturk nomi bilan mashhur boʻlgan milliy qahramon Mustafo Kamol boshchiligidagi milliy ozodlik kurashidan soʻng demokratik davlat — Turkiya Jumhuriyati eʼlon qilingan davrdan boshlangan. Oʻzbekistonning yangi tarixi esa 1991-yilda sobiq ittifoq parchalanib, yangi mustaqil demokratik davlat — Oʻzbekiston Respublikasi tashkil etilgan paytdan ildiz oladi.
Turkiya va Oʻzbekistondagi islohotlar
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida, islohotlarning birinchi davrida asosan, sanoatni rivojlantirish strategiyasiga eʼtibor qaratdi, bu esa oʻsha yillarda ishlab chiqarish resurslarini unumdorlik past sohalardan yuqori unumli sohalarga oʻtkazishda muhim edi.
Turkiyada ham xuddi shunday vaziyat kuzatildi. 1980-yilgacha Turkiya iqtisodiyoti importga yoʻnaltirilgan edi. Oʻsha davrda xususiylashtirish, xususiy biznesni rivojlantirish va chet el kapitalini jalb qilish borasida koʻrilgan chora-tadbirlarga qaramay, turk iqtisodiyoti 1994, 1999 va 2001-yillarda iqtisodiy inqirozga sabab boʻlgan tarkibiy muammolar tufayli beqarorligicha qoldi. Ulardan eng jiddiylari 2000-yil noyabr va 2001-yil fevral oylarida mamlakat iqtisodiyotiga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatdi. Bu inqirozlar natijasida iqtisodiy oʻsish pasaydi, valyuta qadrsizlandi, 2 millionga yaqin odam ishsiz qoldi, Turkiya iqtisodiyoti Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng ogʻir damlarni boshidan kechirdi.
2001-yil iyul oyida Adolat va taraqqiyot partiyasiga asos solindi va 2002-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan parlament saylovida gʻalaba qozondi. Bosh vazir lavozimiga kelgan Rejep Tayyip Erdogʻan iqtisodiy islohotlarni jadallik bilan boshlab yubordi. Bank tizimini isloh qilish, pul-valyuta bozori barqarorligini hamda makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning turgʻun oʻsishini taʼminlashni maqsad qilgan strategiya bundan ancha ilgari ishlab chiqilgan edi. Moliya va xususiylashtirish jarayoni bilan bir qatorda qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy himoya, energetika va telekommunikatsiya sohalarida ham islohotlar amalga oshirildi. Natijada iqtisodiy oʻsish surʼati 2004-yildagi 2,3 foizdan 9,9 foizga oshdi, inflyatsiya darajasi va byudjet taqchilligi kamaydi, tashqi savdo aylanmasi va xorijiy investitsiyalar oqimi sezilarli darajada ortdi. 2002-2012-yillarda Turkiya iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar real YAIMning 64 foiz, aholi jon boshiga YAIMning esa 43 foiz oshishiga olib keldi.
Islohotlar davomida taʼlimni rivojlantirishga ham yetarlicha eʼtibor qaratildi. Taʼlim vazirligi byudjeti 2002-yildagi 7,5 milliard liradan 2011-yilda 34 milliard liragacha koʻtarilib, bu bir vazirlikka taqdim etilgan milliy byudjetning eng katta ulushini tashkil qildi. Majburiy taʼlim muddati 8 yildan 12 yilgacha uzaytirildi. 2003-yilda Turkiya hukumati YUNISEF bilan birgalikda boshlangʻich maktabga qabul qilishdagi gender tafovutni yoʻqotishni maqsad qilgan “Qizlar uchun maktab” kampaniyasini boshlab yubordi. 2004-yildan darsliklar bepul boʻldi. 2008-yildan Turkiyadagi har bir viloyatning oʻz universiteti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Universitetlar soni 2002-yildagi 98 tadan 2012-yil oktyabr oyida 186 taga ortdi.
Bu orada turk iqtisodiyotining yangi global tahdidlar qarshisida (jumladan, u oʻz rivojida muayyan qiyinchiliklarni boshidan kechira boshlagan pandemiya sharoitida) raqobatbardoshligini mustahkamlashga ehtiyoji iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichini oʻtkazish zaruratini keltirib chiqardi. 2023-yil mart oyigacha amalga oshirilishi moʻljallangan iqtisodiy islohotlarga oid yangi harakatlar rejasi 2021-yil 23-martda eʼlon qilindi. Reja 10 ta yoʻnalishni oʻz ichiga oladi: davlat moliyasi, narxlarni barqarorlashtirish, moliya sektori, joriy taqchillik, bandlik, korporativ boshqaruv, investitsiyalarni ragʻbatlantirish, ichki savdo, raqobat va bozor nazorati.
Xususan, davlat moliyasi sohasida davlat qarzini boshqarish kuchaytiriladi, soliq nazorati soddalashtiriladi, davlat korxonalari isloh qilinadi. Moliya sohasida foizsiz moliya tizimi
imkoniyatlari kengaytiriladi. Joriy hisobning tarkibiy taqchilligi qisqartiriladi. Yangi texnologiyalar sohasida salohiyatni oshirish va global raqobatbardoshlikka erishish koʻzda tutilgan. Yoshlar orasida bandlikni taʼminlash, shuningdek, ishchi kuchi sifatini oshirish choralari koʻriladi. Bozorda turli mexanizmlarni birlashtirish uchun mustaqil bozor nazorati instituti tashkil etiladi.
Oʻzbekistonda oʻtgan asrning 90-yillarida boshlangan islohotlarning birinchi bosqichi, dastlabki muvaffaqiyatlarga qaramay, pirovardida, zamonaviy iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga yoʻl bermadi, chunki import oʻrnini bosuvchi yondashuvlarning ustunligi ichki bozorni himoya qilish orqali tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishni taqozo etdi. Bu esa Oʻzbekiston iqtisodiyotining haddan ziyod yopiqligiga olib keldi.
Xuddi Turkiyadagi yuqorida bayon qilingan islohotlar boshlanishidan oldingi kabi vaziyat yuzaga keldi. Shu bois, hokimiyat tepasiga kelgan
Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni liberallashtirish va uni jahon iqtisodiyotiga integratsiya qilishga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Turkiyadagi islohotlar bilan ayni paytda Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar oʻrtasidagi oʻxshashlikni sezish qiyin emas. Bu, ayniqsa, taʼlim sohasidagi islohotlarga taalluqli boʻlib, bugungi kunda mamlakatimizda tizimni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu islohotlar tahlili ayni paytda xuddi Turkiyadagi kabi global raqobatbardoshlikka erishishni maqsad qilgan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yana katta oʻxshashlik namoyon boʻlganini koʻrsatdi.
Hamkorlikning birinchi bosqichi
Ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarning bu qadar boy tarixi Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng yaqin doʻstona aloqalarni rivojlantirishga katta qiziqish uygʻotmasligi mumkin emas edi. Shu bois, Turkiya Respublikasi 1991-yil 16-dekabrda Oʻzbekiston mustaqilligini dunyoda birinchi boʻlib tan oldi. 1992-yil 4-martda ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi. 1992-yil aprel oyida Oʻzbekistonda ochilgan xorijiy elchixonalarning birinchisi Turkiya Respublikasiniki edi. 1993-yil yanvar oyida Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ochildi.
Mustaqil Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi delegatsiyasining xorijga ilk rasmiy tashrifi 1991-yil dekabr oyida Turkiyaga boʻldi. 1990 va 2000-yillar boshida Islom Karimov Turkiyaga bir necha bor tashrif buyurdi. Turkiya Prezidenti Turgʻut Oʻzal, Turkiya Bosh vaziri Tansu Chiller, Turkiya Respublikasi Prezidenti Sulaymon Demirel ham Oʻzbekistonda boʻldi. 2003-yilda Rejep Tayyip Erdogʻan (oʻsha paytda Turkiya Bosh vaziri sifatida) Oʻzbekistonga keldi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya tuzildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston — Turkiya ishbilarmonlik hamkorligi kengashi tashkil qilindi. 1995-yilda Oʻzbekistonda Turkiyaning Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi, shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya tadbirkorlar ittifoqining vakolatxonasi faoliyat koʻrsata boshladi. “Savdo va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida”gi, “Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisida”gi hukumatlararo bitimlar imzolandi. 1996-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomaga imzo chekildi. Oʻzbekistonda toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan oʻzbek-turk qoʻshma korxonalari ochildi.
Strategik hamkorlik bosqichiga oʻtish
Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlaridagi tub oʻzgarish Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan bogʻliq. Shavkat Mirziyoyev mamlakat Prezidenti vazifasini bajaruvchi boʻlib turgan 2016-yil noyabrdayoq turk yetakchisi Oʻzbekistonga keldi. Keyinchalik Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlari 2017-yil may oyida Xitoydagi “Bir makon, bir yoʻl” forumida, oʻsha yil sentyabr oyida Ostona shahrida Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammiti doirasida, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yana uchrashdi.
Uzoq yillik tanaffusdan soʻng 2017-yil oktyabrda Oʻzbekiston rahbari Turkiyaga tashrif buyurdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning oliy darajadagi bu tashrifi doirasida oʻzbek-turk munosabatlari tarixida birinchi marta Qoʻshma bayonot imzolanib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik darajasida mustahkamlandi. Hamkorlikning turli sohalariga oid 20 dan ziyod kelishuv ham imzolandi.
2017-yil oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo guruhi tashkil etildi. 2018-yil 10-fevraldan boshlab Turkiya fuqarolarining Oʻzbekistonga kelishi uchun vizasiz rejim joriy etildi (Turkiya 2007-yildan buyon Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni qoʻllab keladi). “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi 2017-yildan Samarqand-Istanbul yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻygan boʻlsa, shu yildan “Turk avialiniyalari” aviakompaniyasi ham ushbu yoʻnalishda toʻgʻridan-toʻgʻri aviatashuvlarni amalga oshira boshladi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning 2018-yil bahoridagi yurtimizga davlat tashrifi ham Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi endilikda strategik boʻlgan munosabatlarni chuqurlashtirishda muhim rol oʻynadi. Tashrif doirasida hukumat darajasida koʻplab hujjatlar imzolandi. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari boshchiligida oliy darajadagi Oʻzbekiston — Turkiya strategik sheriklik kengashini tuzish haqida kelishuvga erishildi. Kengashning birinchi yigʻilishi 2020-yil fevralda Anqarada boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Turkiya Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi oʻrtasida “Mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi bitim imzolandi. 2018-yil martda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Turkiyaning “Tayga group” kompaniyasi oʻrtasidagi kelishuv asosida Oʻzbekiston Turkiyaga migrantlarni tashkillashtirilgan holda ishga yuborgani ham yuqoridagi kelishuvning dolzarbligini koʻrsata oladi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Turkiya “Eksimbank”i turk yetkazib beruvchilari va pudratchilari ishtirokidagi investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun 250 million dollarlik zayom jalb qilish boʻyicha bitim imzoladi. “Oʻzsanoatqurilishbank” esa “Eksimbank” bilan 26 million dollarlik kredit bitimi tuzdi. “Asakabank” va Turkiya Eksport-import banki oʻrtasida kichik va oʻrta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 24 million dollarlik zayom kredit bitimi tuzildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi va Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi oʻrtasida geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish boʻyicha kelishuv imzolandi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikka doir kelishuvga erishildi. Bu esa Oʻzbekistonda ziyorat turizmini faol rivojlantirishga imkon beradi.
Hamkorlikning iqtisodiy dinamikasi
Soʻnggi yillardagi faol hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning sezilarli kengayishida aks etmasligi mumkin emas edi. Jumladan, 2016-2021-yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi tovar aylanmasi 2,9 barobar, eksport 2,5 barobar, import 3,5 barobar oʻsdi.
Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmining jadal oʻsishi natijasida Turkiya 2021-yilda Oʻzbekistonning toʻrtinchi eng yirik tashqi savdo hamkoriga aylandi. Soʻnggi 3 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan turk investitsiyalari hajmi ikki barobar oshib, 2021-yil yakuniga koʻra 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. “Çalık Holding”, “Akaya İnşaat”, “Varnet” kabi turk kompaniyalari va boshqa investorlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Energetika sohasida turk shirkatlari bilan (AKSA Energy, Odash Energy, Cengiz Energy) 6 ta issiqlik elektrostansiyasi boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda, ulardan toʻrttasi ishga tushdi, yana ikkitasi 2022-yilda foydalanishga topshiriladi.
2022-yilning 1-mart holatiga koʻra, Oʻzbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi 1900 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Holbuki, 2018-yil 1-yanvarda ularning soni 508 ta edi (2022-yilda 2017-yildagiga nisbatan oʻsish 3,8 barobar). Shuningdek, 2022-yil yanvar-fevral oylarida Oʻzbekistonda tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi yangi korxonalar soni boʻyicha ham Turkiya (63 ta) yetakchilik qilmoqda. Keyingi oʻrinlarda Rossiya (51 ta), Qozogʻiston (29 ta) va Xitoy (25 ta) turibdi.
Turk kompaniyalari va investorlari “Tashkent City” obyektlari, Chimyon-Chorvoq dam olish hududidagi kurortlar, yirik koʻngilochar markazlarni qurishda ham faol qatnashmoqda. Shu bilan birga, “Anadolu Group”, “Ekzachibashi”, “Medicana”, “Ajibadem” kompaniyalari bilan yangi sarmoyaviy loyihalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Turkiyaga rangli metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, paxta tolasi, kalava-ip, meva-sabzavot mahsulotlari, xizmatlar, azotli oʻgʻitlar, neftni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar eksport qiladi. Turkiyaning Oʻzbekistonga importi parfyumeriya, kosmetika vositalari, mexanik va elektr uskunalar, plastmassa va ulardan tayyorlangan buyumlar, toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlaridan iborat.
Oxirgi yillarda tarmoqlar raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston Turkiya bozoriga yengil, kimyo, metallurgiya sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, charm-poyabzal va qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetkazib berishni sezilarli darajada kengaytirishi mumkin.
Turk namunasi asosida klaster yondashuvi joriy etilayotgan teridan poyabzal va kiyim-kechak ishlab chiqarish sohasi ham hamkorlikni chuqurlashtirish uchun istiqbolli yoʻnalish hisoblanadi. Klaster doirasida Oʻzbekistonda terini qayta ishlash, poyabzal, shuningdek, atir-upa mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha fabrikalar ochilmoqda. Kelajakda ular MDH mamlakatlariga eksport qilish uchun yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradi.
Savdoni rivojlantirish uchun transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi ishlarni faollashtirish, xususan, Boku — Tbilisi — Kars temir yoʻli imkoniyatlaridan foydalanish ham hamkorlikning muhim yoʻnalishidir. Oʻzbekiston Qora dengizdagi Chernomorsk, Poti va Batumi portlari, shuningdek, Turkiyaning Oʻrta yer dengizidagi Mersin portiga, u orqali Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga chiqish uchun ushbu transport yoʻlagida ishtirok etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Yuqoridagilarga bogʻliq holda oʻzaro tranzit tariflarini yanada pasaytirish masalalarini hal etish zarur.
Ikki davlat rahbarlari 2018-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvda besh yil ichida Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi yillik savdo hajmini besh milliard dollarga yetkazishga kelishib olgan edi. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimning tuzilishi ushbu vazifani hal qilishga koʻmak beradi. Bu orqali esa tomonlar savdoda bir-biriga uchinchi davlatlarga qaraganda qulayroq rejimni taqdim etadi.
Joriy yil 26-fevral kuni boʻlib oʻtgan telefon muloqotida Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlari ushbu kelishuvni tezroq qabul qilishga kelishib oldi. Aftidan, bu kelishuv ikki mamlakat yetakchilarining shu galgi uchrashuvida imzolanadi.
Turkiy davlatlar tashkiloti
Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida nafaqat ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanmoqda, balki koʻp tomonlama formatlarda ham hamkorlik qilinmoqda. Turkiy tilli davlatlar tashkilotidagi ishtirok ham Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikning muhim qismlaridan biridir.
Ushbu tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) nomi ostida 2009-yilda tashkil etilgan. Oʻzbekiston unga 2019-yil 15-oktyabrda Boku shahrida boʻlib oʻtgan yettinchi sammitda toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshildi. Tashkilotning 2021-yil 12-noyabrda Istanbul shahrida oʻtkazilgan sakkizinchi sammitida uning nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga oʻzgartirildi. Shuningdek, sammitda turk dunyosining 2040-yilgacha boʻlgan davr uchun konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini 2022-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi. Taklif qabul qilindi va tashkilotning navbatdagi toʻqqizinchi sammiti, nasib etsa, Oʻzbekistonda 2022-yil noyabr oyida boʻlib oʻtadi.
Xulosa
Aytish mumkinki, hozirgi paytdagi Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligi nafaqat toʻqsoninchi yillardagi darajaga qaytdi, balki ham son, ham sifat jihatidan undan yuqoriga koʻtarildi. Munosabatlar haqiqatan ham strategik hamkorlik xarakteri kasb etdi.
Tarix va bugungi kun turk-oʻzbek xalqlari nafaqat etnik kelib chiqishi jihatidan, balki ruhiyatiga koʻra ham haqiqiy qardosh xalqlar ekaniga yaqqol guvohlik beradi. Bu ikki qardosh xalq tarixiy taraqqiyotning barcha evrilishlariga qaramasdan, shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda raqobatbardosh boʻlib qolish uchun zarur islohotlarni amalga oshirgan holda oʻz milliy davlatchiligini matonat va mehnatsevarlik bilan mustahkamlab kelmoqda.
Mana shunday yaqinlik va yondashuvlarning mushtarakligi salohiyati hali toʻliq ochilmagan oʻzbek-turk hamkorligi bundan buyon ham har ikki mamlakat xalqlari farovonligi yoʻlida mustahkamlanib, chuqurlashib borishining eng ishonchli garovidir!
Obid Hakimov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi
huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori.
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi № 63 (585), 2022-yil 30-mart.









