Quyuq tuman tufayli “Aeroflot” aviakompaniyasining Moskva shahridan SU-1976 qatnovini bajarayotgan samolyot sahnidagi 131 yo'lovchisi bilan soat 06:40da Urganchga qo'na olmadi va Nukusdagi zaxira aerodromiga yuborildi. 

Yana bir qatnov - “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY053  qatnovi Toshkent aeroportida Urganchga parvozini kutmoqda. Jadvalga ko'ra, bort soat 08:20 da Urganchga qo'nib, so'ngra  HY279  qatnovi bilan Istanbulga yo'l olishi kerak edi. Biroq Urganch aeroportida hamon tuman saqlanib turibdi. Ko'rish imkoniyati 200 metrdan 400 metrgacha yaxshilandi. Ammo uchish uchun maqbul ko'rish imkoniyati kamida 800 metrni tashkil qiladi. Sinoptiklarning fikricha, tuman 11:00 dan 11:30 gacha tarqalishi kerak. 

Tuman Toshkentdan Andijonga bajariladigan HY091 qatnovining ham kechiktirilishiga sabab bo'ldi. Samolyot 08:30 da parvoz qilishi kerak edi, biroq qabul qiluvchi aeroportdagi tuman tufayli u hamon Toshkentda ob-havo yaxshilanishini kutmoqda. Taxminiy uchish vaqti — mahalliy vaqt bilan 12:00 da.