Zero, bugungi kunga kelib jahonda har oʻn boladan biri bolalar mehnatiga duchor qilinadi, bolalar mehnatidan jabr koʻrganlarning soni 152 mlndan oshgan. Buning ustiga, COVID-19 pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz sharoitida milionlab bolalar majburiy mehnat domiga tortilish xavfi ostida qoldi.

BMT Bosh Assambleyasi 2021-yilni Bola mehnatiga qarshi kurashish yili deb eʼlon qildi. Shuningdek, mamlakatlar bolalar mehnatini taqiqlash va bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan va amaliy qadamlarni qoʻyish majburiyatini oʻz boʻyniga oldi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030-yilga qadar butun jahonda bola mehnatining barcha shakllariga barham berish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganining ilk yillaridan boshlab bola huquqlarini taʼminlash diqqat markazda turdi. Oʻzbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan dastlabki konvensiyalardan biri — bu Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya edi. Mazkur konvensiya insoniyat tarixida bolalar huquqlari sohasidagi ilk majburiy xalqaro huquqiy shartnoma boʻlib, Bola huquqlari boʻyicha umumjahon konstitutsiyasi nomi bilan eʼtirof etiladi. Konvensiya bolalarga nisbatan har qanday shakldagi shafqatsiz muomalani, ekpluatatsiyani va kamsitishni taqiqlaydi. Oʻzbekiston mazkur konvensiya bilan belgilangan barcha xalqaro standartlarni oʻz milliy qonunchiligiga joriy qildi, bolalar mehnatini bartaraf etish boʻyicha barcha xalqaro shartnomalarga qoʻshildi. 2008-yilda “Bola huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Eng kichik yosh toʻgʻrisidagi va Bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish va taqiqlashga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi qarori bilan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilinganligining 30 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga saylangandan keyin majburiy va bolalar mehnatining har qanday shakllariga qarshi kurashish davlatning eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Aholisining 40 foizini bolalar tashkil qilgan Oʻzbekiston uchun bu vazifa prinsipial ahamiyatga ega edi. Prezidentimiz 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan turib Oʻzbekistonda majburiy va bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berish choralari koʻrilishi toʻgʻrisida gapirdi. Shuningdek, 2021-yilda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida majburiy va bolalar mehnatiga barham berish ustuvorligini yana bir bor taʼkidladi.

Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda bolalar mehnatiga qarshi kurashishdagi muvaffaqiyatlarni bir necha omillar taʼminlamoqda:

✔️ Birinchidan. Davlat rahbarining kuchli siyosiy irodasi, puxta rejalar asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar majburiy va bola mehnatiga barham berishning asosiy sharti boʻlib xizmat qilmoqda.

✔️ Ikkinchidan. Oʻzbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashishning tashkiliy mexanizmlari yaratildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini muvofiqlashtirib bormoqda.

✔️ Uchinchidan. Mamlakatda majburiy va bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik uchun samarali parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Xususan, senatorlar, deputatlar, jurnalislar va blogerlardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, Respublikaning barcha hududlarida mahallalar, fermer xoʻjaliklari, korxona va tashkilotlarda oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

✔️ Toʻrtinchidan. Mamlakatda xalqaro mehnat standartlarini tatbiq etish, bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan mamlakat dasturi” ishlab chiqildi.

✔️ Beshinchidan. Majburiy va bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirib borilmoqda. Jumladan, 2018-2021-yillarda tegishli kodeks va qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, bolalar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaslik toʻgʻrisidagi talablarni buzish hamda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash kabi hatti-qarakatlar uchun maʼmuriy va jinoyat javobgarlik kuchaytirildi.

✔️ Oltinchidan. 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashish yoʻnalishidagi islohotlarning izchilligi va tizimliligini taʼminlamoqda. “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining qator bandlari, jumladan, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash fondini tashkil etish, Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilish tadbirlari bolalar mehnatiga qarshi kurashish mexanizmini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Koʻrilayotgan choralar mamlakatimizda bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berishda oʻz samarasini bermoqda. Buni nufuzli xalqaro va xorijiy ekspertlar hamjamiyati maʼlumotlari ham tasdiqlaydi.

Jumladan, 2018-yil AQSH Oʻzbekistonning paxta mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtiriladigan mahsulotlar roʻyxatidan chiqardi. 2020-yil 30-sentyabrda AQSH Mehnat vazirligi Oʻzbekistonda bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berishga qaratilgan saʼy-harakatlar muvaffaqiyatga erishganligini eʼtirof etdi.

2021-yil 27-yanvarda “Kotton Kompeyn” xalqaro kaolitsiyasi oʻz rasmiy veb-saytida “Oʻzbek paxtachiligida oʻzgarayotgan manzara” sarlavhasida Oʻzbekistonda 2020-yilgi paxta yigʻim terimi mavsumi davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar oʻz samarasini berganini eʼtirof etdi.

2020-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan mustaqil jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda “Uchinchi tomon monitoringi” oʻtkazildi. Uning natijalariga koʻra, xalqaro ekspertlar 2019-2020-yillardagi paxta yigʻim-terimi davomida bolalar mehnatidan umuman foydalanmaganligi toʻgʻrisidagi qatʼiy xulosalarini eʼlon qildi.

Bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, shubhasiz, Oʻzbekistondagi islohotlar muvaffaqiyatining muhim koʻrsatkichi boʻlib, mamlakatning xalqaro nufuzi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti surʼatlari oʻsishiga oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazmoqda.

Oʻtkir Ochilov,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi Xalqaro shartnomalarni
implementatsiya qilish boʻlim boshligʻi