Milliy brendlarni baholashda turli xil koʻrsatkichlar, jumladan, YAIM, investitsiya va turizmning jozibadorligi, siyosat va savdo qoidalari, ijtimoiy jihatlar eʼtiborga olingan.
“Brand Finance” tomonidan oʻtkazilgan yillik soʻrov natijalariga koʻra, 2020-yilda dunyodagi eng qimmat 100 mamlakat brendlarining qiymati COVID-19 koronavirus pandemiyasi tufayli 13,1 trillion dollarga pastlagan.
Reytingdan joy olgan birinchi 10 ta mamlakat brendlari qiymatining oʻrtacha pasayishi 14 foizni tashkil etgan.
AQSH va Xitoy dunyodagi eng qimmat mamlakat brendlari nufuzini saqlab qoldi. Yaponiya Germaniyani kuchli uchtalikdan chiqib ketishiga sababchi boʻldi.
MDH davlatlari orasida Rossiya va Qozogʻiston 14 va 44-oʻrinlardagi mavqeini saqlab qoldi. Ukraina 56-oʻrindan 55-oʻringa, Turkmaniston 79-oʻrindan 81-oʻringa, Ozarbayjon 86-oʻrindan 85-oʻringa koʻchgan. Oʻzbekiston esa 70-oʻrindan 61-oʻringa koʻtarildi.
Yilning eng muhim oʻsishi Vyetnam tomonidan qayd etildi. Ushbu davlat brendi 29 foizga oʻsishga erishgan. Eng keskin pasayish Argentinada kuzatildi. Uning brendi 57 foizga tushib ketdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.