Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlum qildi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi atrof-muhit, suv va qishloq xoʻjaligi vaziri, COP16 prezidenti Abdulrahmon Al Fadli bilan uchrashuvda A.Abduhakimov MGI tashabbusi doirasida quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni kuchaytirishni taklif etdi:
— qurgʻoqchilikka chidamli, qurgʻoqchil zonalarda yashashga moslashgan oʻsimliklarni yetishtirish maqsadida in-vitro laboratoriyalar tarmogʻini yaratish;
— Moʻynoqda iqlim texnologiyalari “Expo Hub”ini (The Aral Valley) yaratishda texnik va ekspert yordamini jalb qilishda MGIga yordam koʻrsatish;
— “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida, jumladan, mintaqaviy miqyosda Oʻzbekistonni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni yanada oshirish;
— Oʻzbekistonga MGI platformasining geografik taʼsirini kengaytirishda, xususan, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarini jalb qilishda koʻmaklashish.
Vazir Saudiya tomoniga Oʻzbekiston boʻlajak COP16 ga faol tayyorgarlik koʻrayotgani va milliy pavilyonda respublika yutuqlarini namoyish etish niyati haqida maʼlum qildi.
Oʻz navbatida, A. Al Fadli Saudiya Arabistoni COP16 doirasida chang va qum boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilishni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar MGI doirasida Oʻzbekiston tomonidan taklif etilayotgan loyihalar ustida ishlash va xalqaro maydonda choʻllanish va yerlarning degradatsiyasi muammolarini ilgari surish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishga kelishib olindi.
BMTning choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha konvensiyasi (UNCCD) Bosh kotibi I.Tiau bilan uchrashuvda tomonlar UNCCD ekspertlarini iqlim texnologiyalari “Expo Hub”ga (The Aral Valley) jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. I.Tiau Orolboʻyi yuksak salohiyatga ega ekanini taʼkidlab, ilmiy tadqiqotlarga eʼtibor qaratish va Orol vodiysida ilmiy izlanishlarni sinovdan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladigan ekotizim yaratishni tavsiya qildi.
Qatar Davlati Atrof-muhit va iqlim vaziri doktor A.Al Subaye bilan uchrashuv doirasida Qatar delegatsiyasining yaqinda Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi munosabati bilan ikki davlat oʻrtasidagi yaqin munosabatlar rivojlanib borayotgani qayd etildi. Vazirlar Qatar va Oʻzbekistonning choʻllanish va yerlarning degradatsiyasi bilan bogʻliq umumiy muammolari borligi, shu sababli bu yoʻnalishda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirish zarurligi haqida kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat vazirliklari oʻrtasida ikki yillik hamkorlik dasturini yaratish, Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida ekologiya sohasida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhlar almashish va Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) va Hamad bin Xalifa universiteti oʻrtasida ilmiy almashinuvni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.
BAA iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri oʻrinbosari M.Al Noaymi bilan uchrashuvda A.Abduhakimov BAA bilan bugungi kunda ekologiya sohasida faol ish olib borilayotgani, xususan, chiqindilarni energiyaga aylantiragan TADWEER kompaniyasi ishtirokida loyiha boshlanganini taʼkidladi.
Tomonlar BAAning bulutli ekish boʻyicha koʻp yillik tajribasi haqida fikr almashdilar. M.Al Noaymi BAAning Sugʻorish markazi boshqaruvi aʼzosi sifatida Oʻzbekistonga tajriba almashishda koʻp tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar iqlim oʻzgarishini modellashtirish va prognoz qilishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha “Green University” hamda BAA universiteti va iqlim oʻzgarishini modellashtirish va prognozlashda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha Sunʼiy intellekt universiteti oʻrtasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar.
Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri M.Radayde bilan muzokaralar chogʻida A.Abduhakimov Iordaniya va Oʻzbekiston dengizga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlar boʻlib, iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi va choʻllanish muammolari bilan oʻxshashligini taʼkidladi. Iordaniya choʻl texnologiyalaridan foydalanish, qayta ishlangan suv taʼminoti, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarish va rivojlangan ekoturizm boʻyicha katta tajribaga ega. Vazirlar, shuningdek, Iordaniyaning elektr energiyasiga aylantirish uchun poligon metanini qazib olish va undan foydalanish amaliyotini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar Bokuda boʻlib oʻtadigan COP29 doirasidagi memorandumni imzolashga, shuningdek, hamkorlik dasturini yaratish va tajriba almashish uchun ekspert guruhlarini yuborishga kelishib oldilar.
Misr Arab Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Y. Fuad bilan uchrashuvda tomonlar havo sifati monitoringi, shuningdek, zaiflikni baholash sohasidagi Misr tajribasini muhokama qildilar. Vazir Y.Fuad iqlimni moliyalashtirish boʻyicha yangi jamoaviy miqdoriy maqsadga (NCQG) erishish boʻyicha muzokaralar jarayonida hamrais ekanligini hisobga olib, Markaziy Osiyoning UNFCCC platformasida pozitsiyasini mustahkamlashda yordam koʻrsatish boʻyicha kelishuvga erishildi. Y.Fuad, shuningdek, BMTning Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasini oʻtkazish boʻyicha Misr tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha vazir COP29 koʻrgazmasida Oʻzbekiston milliy paviloni tadbirlarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.