Avval xabar qilganimizdek, nufuzli musobaqada 110 mamlakatdan 3 ming 600 nafardan ortiq atlet gʻoliblik uchun bahs olib bordi.
Sportni rivojlantirish vazirligi xabariga koʻra, Oʻzbekiston delegatsiyasi ushbu musobaqada 5 nafar sportchi bilan ishtirok etdi. Hamyurtlarimiz orasida dastlab karatechimiz Doston Otabolayev tatamiga chiqdi. - 75 kilogramm vazn toifasida jang olib borgan 2021-yilgi jahon chempioni yakunda bronza medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Indoneziyada oʻtgan 2018-yilgi Osiyo oʻyinlarida kumush medalga sazovor boʻlgan u-shuchi qizimiz Darya Latisheva bu gal ham shohsupaning ikkinchi pogʻonasiga koʻtarildi.
Afsuski, musobaqada badiiy gimnastikachimiz Yekaterina Fetisova, jiu-jitsuchi Bahrom Mashrapov hamda muay-tay ustasi Fanat Qahramonga biroz omad yetishmadi. Shu tariqa, delegatsiyamiz Birmingemda 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Eslatib oʻtamiz, navbatdagi Butunjahon oʻyinlari 2025-yilda Xitoyning Chengdu shahrida oʻtkaziladi.