Konferensiya doirasida zamonaviy global tahdidlar, ijtimoiy beqarorlik, qurolli mojarolar va iqlim o‘zgarishlari sharoitida parlamentlararo diplomatiyaning roli, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, tinchlikni ta'minlash, adolatli boshqaruv tamoyillarini ilgari surish hamda aholi farovonligini oshirishda milliy parlamentlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama etilyapti.
Senat Raisi Tanzila Narbaeva o‘z nutqida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan demokratik islohotlar, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa'y-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar 150-yubiley assambleyasining natijalari yuksak baholandi.
Jumladan, Assambleya yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi hamda mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish va barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shish masalalariga bag‘ishlangan ikki muhim rezolyusiya global parlamentlararo birdamlikning amaliy ifodasi sifatida e'tirof etildi.
Konferensiya davomida delegatsiya tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, mojarolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishda parlamentlar rolini kuchaytirish, xalqaro huquq normalari va BMT Ustaviga asoslangan tinchlik tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Yosh parlament a’zolarni qo‘llab-quvvatlash doirasida esa, 2026-yilda Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Yosh parlament a’zolarining 12-Global konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, 2025-yil sentyabr oyida O‘zbekistonda Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilayotgani, unga xorijiy parlamentlar, nodavlat tashkilotlari vakillari va ekspertlarni keng jalb etish ko‘zda tutilayotgani bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.