Marosim Doxadagi Lusail saroyida boʻlib oʻtdi. Faxriy qorovul safini aylanib oʻtgach, elchining Qatar rahbari bilan muloqoti boʻlib oʻtdi.
Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Oʻzbekiston Prezidentiga samimiy salom va ezgu tilaklarini yoʻlladi. Qatar yetakchisi oʻtgan yil iyun oyida Oʻzbekistonga birinchi tashrifini, tarixiy Samarqand shahrini ziyorat qilganini iliq esga oldi.
Amir Qatar va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi.
Suhbat yakunida Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Oʻzbekiston elchisiga mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yoʻlida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muvaffaqiyat tiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Eslatib oʻtamiz, Ashraf Xodjayev shu yil 11-fevralda Oʻzbekistonning Qatardagi birinchi elchisi sifatida Doxaga tashrif buyurdi.