Oʻzbekiston elchisi Qatar TIV Xalqaro hamkorlik boʻyicha davlat vaziri bilan uchrashuv oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Mart 2024 931

    Oʻzbekiston elchisi Ashraf Xodjayev Qatar tashqi ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boʻyicha davlat vaziri Lulva Roshid al-Xotir uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida insonparvarlik yordamlarini koʻrsatish, ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish, taʼlim sifatini oshirish hamda madaniy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Tomonlar jahonning turli hududlarida sodir boʻlayotgan nizolardan jabr koʻrayotgan aholiga yordam koʻrsatish, ularga birlamchi mahsulotlarni yetkazib berish masalalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr almashdilar.

    Oʻzbekiston va Qatar xalqlarini yanada yaqinlashtirish, oʻzaro urf-odatlar bilan tanishtirish maqsadida birgalikda madaniy tadbirlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Xususan, joriy yil 22-26-fevral kunlari Doxa shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari va 24-fevraldan bugungi kunga qadar davom etayotgan Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va boshqa xorijiy davlatlarning 100 dan ortiq dizaynerlarini birlashtirgan “Design Doha” biyennalesida mamlakatimiz hunarmandlari, yogʻoch va kashta sanʼati ustalarining ishtiroki tadbirni yanada boyitgani taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunida taʼlim sifatini oshirish, ayollarning jamiyatdagi oʻrnini kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.