Oʻzbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining yillik yigʻilishida ishtirok etdi

    Moliya 12 May 2022 1508

    Joriy yil 10 — 12-may kunlari mobaynida Marrokash shahri (Marokash)da Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Boshqaruvchilar Kengashining Yillik yigʻilishi bevosita va onlayn tarzda boʻlib oʻtyapti.

    Tadbirda Bankning 71 aksiyadorlari, shu jumladan 69 mamlakat, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investitsiya bankidan Boshqaruvchilar va ularning oʻrinbosarlari, shuningdek Bank rahbariyati va xalqaro ekspertlar qatnashyapti. Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchisi, Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ishtirok etdi.

    Tadbir dasturi doirasida 11-mayda Boshqaruvchilar Kengashining yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda jahon va mintaqaviy iqtisodiyotning dolzarb tendensiyalari, koviddan keyingi davrda Bankning unga aʼzo mamlakatlarda iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish choralari hamda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, shuningdek YETTBning amaliy va moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq bir qator institutsional masalalar muhokama qilindi.

    Yalpi majlisda soʻzga chiqqan S.Umurzakov Oʻzbekistonning YETTB bilan hamkorligi barqarorlikka va strategik xususiyatga ega ekanini taʼkidladi. 2021-yilda mamlakatimiz Markaziy Osiyo mintaqasida Bank investitsiyalarining eng yirik oluvchisiga aylanib, Bank mablagʻlarining eng yirik oluvchilarining beshtaligiga kirgani hamda oʻtgan yili YETTB tomonidan mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 600 million yevrodan oshib, rekord darajani qayd etgani maʼlum qilindi.

    Ustuvor yoʻnalishlarda, jumladan iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish, davlat aktivlari va tijorat banklarini transformatsiyalash va xususiylashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, sanoatni jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash hamda Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimi muvofiq qabul qilingan majburiyatlarni bajarish asnosida turli sohalarda “yashil” texnologiyalarni keng miqyosda joriy qilishda hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorlik bildirildi.

    Yigʻilish yakunida Boshqaruvchilar Kengashi Bank faoliyatining kelajakdagi istiqbollarini belgilaydigan bir qator qarorlarni, shu jumladan YETTB faoliyatini Afrikaning Sahroi Kabiridan janubidagi mamlakatlarga va Iroqqa cheklangan va bosqichma-bosqich kengaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Shuningdek, 2023-yilda YETTB Boshqaruvchilar Kengashining 32-Yillik yigʻilishi Samarqand shahrida oʻtkazilishi maʼlum qilindi. Yigʻilish 16-18-may kunlari boʻlib oʻtadi. Tadbir ishtirokchilari uchun Samarqandning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatining taqdimoti tashkil qilindi. Yigʻilish doirasida 2023-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan YETTB tadbirining stendi ishlab turibdi. U hozirdayoq Bank Yillik yigʻilishi ishtirokchilari va mehmonlarida katta qiziqish uygʻotdi.

    Boshqaruvchilar Kengashining Qarorlari bilan Bankning 2022-2024-yillarga moʻljallangan Strategiyasini amalga oshirish Rejasi va Bankning moliyaviy faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yil 28-martda tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi London shahrida joylashgan. Oʻzbekiston 1992-yil 30-apreldan beri YETTB aʼzosidir.