Oʻzbekiston flora va faunasi inson omili va ekologik xatarlardan himoyalanganmi?

    Yashil sayyora 7 Oktabr 2023 2335

    Oʻzbekistonda Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlash, noyob turdagi oʻsimlik va daraxtlarni kesib tashlash oxirgi vaqtlarda sezilarli koʻpaygan.

    “Falon hududda Qizil kitobga kiritilgan ayiq otib oʻldirildi”, “Qizil kitobga kiritilgan qushni sotmoqchi boʻlganlar ushlandi”, “Tadbirkor Qizil kitobga kiritilgan oʻsimlikni kesib tashlab, tabiatga falon soʻmlik zarar yetkazdi”, “Ikki bosh kamyob bugʻu temir simdan yasalgan qopqon orqali ovlanib, nobud qilindi...”

    Bular toʻqima gaplar yoki olisdagi qaysidir mamlakatda roʻy bergan voqealar emas — hammasi oʻzimizning yurtimizda sodir boʻlgan va rasman tasdiqlangan, internetda, televizorda eʼlon qilingan xabarlardan ayrimlari.

    Toʻgʻri, odamlar bir xil emas, inson omili degan tushuncha bor, shuning oqibatida tabiatga ziyon yetkazish holatlari barcha davlatlarda kuzatiladi, deyishingiz mumkin. Lekin Oʻzbekistonda Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlash, noyob turdagi oʻsimlik va daraxtlarni kesib tashlash oxirgi vaqtlarda sezilarli koʻpaygan.

    Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi oʻsimlik va hayvonot turlari, ekotizimlar va landshaftlarni saqlab qolish uchun nima qilish kerak? Buning eng samarali yoʻllaridan biri bu — “muhofaza etiladigan tabiiy hududlar” tashkil qilishdir.

    Bu borada Prezident va hukumat rahbarlarining sohaga alohida eʼtibori tufayli keyingi yillarda katta ishlar amalga oshirildi. Oxirgi 5 yilda sohaga oid 2 ta Prezident qarori, 14 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

    2016-yilda bioxilma-xillik bilan bogʻliq boʻlgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 2,011 mln gektarni yoki mamlakatimiz hududining 4,64 foizini tashkil qilgan edi.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “2019-2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida 2028 yil yakuniga qadar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini mamlakat hududining 12 foiziga yetkazish nazarda tutilgan edi.

    2019-yilda Xorazm milliy tabiat bogʻi, 2020-yilda “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻi, 2021-yil “Sudochye-Akpetki” davlat buyurtma qoʻriqxonasi, 2022-yilda “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasi, “Markaziy Qizilqum”, “Yuqori toʻpalang”, “Bobotogʻ”, “Pop”, “Orolqum”, “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻlari, “Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonalari tashkil etildi.

    2023-yilning 1-yanvar holatiga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,321 mln gektarga yetkazildi va ularning mamlakatimiz hududidagi ulushi 14,08 foizni tashkil qildi.

    Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish va shu orqali Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish maqsadida Samarqand viloyatida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bogʻi hududini 2 ming gektarga, Jizzax viloyatidagi Nurota davlat qoʻriqxonasini 4 ming gektarga, Surxondaryo viloyatidagi Surxon davlat qoʻriqxonasi hududini 5 ming gektarga (umumiy 11 ming gektar) kengaytirish boʻyicha tashkiliy ishlar boshlab yuborildi.

    Xususan, Zarafshon milliy tabiat bogʻi, Surxon va Nurota davlat qoʻriqxonasi hududlarini kengaytirish boʻyicha joyiga chiqqan holda oʻrganish ishlari amalga oshirilib, kengaytirilishi rejalashtirilgan hududlarning birlamchi xaritalari tayyorlandi. Hozirda ularning maydonini kengaytirish boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.

    2024-yilda Fargʻona vodiysida (Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlari) umumiy maydoni 100 ming gektardan iborat yangi tabiat bogʻi tashkil etiladi.

    Natijada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning maydoni 6,432 ming gektar yoki mamlakatimiz hududiga nisbatan 14,3 foizga yetkaziladi.

    Hozir mamlakatimizda 7 ta davlat qoʻriqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonasi, 12 ta tabiat bogʻi, 1 ta milliy bogʻ, 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qoʻriqxonasi, 1 ta Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi mavjud. Mazkur hududlarda Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan umurtqali hayvonlarning 102 turi (83 foizi), oʻsimliklarning 280 turi (89 foizi) uchraydi.

    Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasi rivojlantirilib borilmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Global ekologiya jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida maʼmuriy binolarning bir qismi taʼmirlandi, Chotqol biosfera va Hisor davlat qoʻriqxonalarida tashrif markazlari tashkil etildi.

    Zomin davlat qoʻriqxonasi uchun yangi maʼmuriy bino va inspektorlar uyi (kordon) qurildi, Nurota, Surxon davlat qoʻriqxonalarining maʼmuriy binolari kapital taʼmirlandi va 6 dona kordon yangidan qurildi, Qizilqum davlat qoʻriqxonasiga inspektorlar uyi sifatida foydalanish uchun 2 dona konteyner olib berildi. Hisor davlat qoʻriqxonasida 4 dona kordon uylar toʻliq taʼmirlandi.

    Halqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida Chotqol biosfera va Hisor davlat qoʻriqxonalari, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonasi va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻi faoliyatiga SMART patrul qoʻriqlash tizimi tatbiq etildi. 500 dan ortiq demarkatsiya belgilari, fotoapparat, optik kuzatish vositalari, fotoqopqonlar va boshqa asbob-uskunalar bilan taʼminlandi.

    2023-yilga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar moddiy-texnik bazasini yaxshilash, nazorat va bioxilma-xillik monitoringini hamda ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish maqsadida davlat byudjetidan 19 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi. Bu mablagʻlarga yoʻltanlamas avtomobillar, zamonaviy dron, fotoqopqon, fotokamera, durbin, portativ meteostansiyalar, kompyuter, printer, yotoqqop, palatka va boshqa asbob-anjomlarni xarid qilish ishlari tashkillashtirilmoqda.

    Bundan tashqari, 2024-2025-yillar davomida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda monitoring ishlarini tashkillashtirish maqsadida yiliga 25 mlrd soʻm ajratib borilishi nazarda tutilgan.

    Vazirlik bu sohada halqaro yoʻnalishda ham qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Qozogʻiston, Turkmaniston va Tojikiston bilan transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqilmoqda.

    2016-yilda Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi (Maydontol uchastkasi) va Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervatining qoʻriqxona zonasi (Boshqizilsoy uchastkasi) YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritildi.

    2023-yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasining 45-kengaytirilgan yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan “Saygachiy” majmua buyurtma qoʻriqxonasi va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻi “Moʻtadil mintaqadagi Turon choʻllariUmumjahon tabiiy merosi obyektlari roʻyxatiga kiritildi.

    2021-yilda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YUNESKOning Butunjaxon biosfera rezervatlari tarmogʻi roʻyxatiga kiritildi.

    Quyimozor va Toʻdakoʻl suv omborlari (2020-yilda), Sudochye koʻllar tizimi (2023-yilda) Oʻzbekiston Respublikasining halqaro ahamiyatga ega suv-botqoqlik hududi sifatida Ramsar Konvensiyasining Roʻyxatiga kiritildi.

    Qozogʻiston, Turkmaniston va Tojikiston bilan transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqilmoqda. Surxon davlat qoʻriqxonasi joylashgan hududlarni Kuhitang togʻi ekotizimlari sifatida Turkmaniston bilan birgalikda YUNESKOning Umumjahon tabiiy merosi roʻyxatiga kiritish uchun nomzodnoma tayyorlanmoqda.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston faunasida umurtqali hayvonlarning 715 turi, umurtqasiz hayvonlarning esa 14900 dan ortiq turi bor. Shulardan Oʻzbekiston Qizil kitobiga 206 tur hayvonot dunyosi kiritilgan. Shundan umurtqasizlar 83 turni, umurtqalilar 123 turni (baliqlar – 18 tur, sudralib yuruvchilar – 21 tur, qushlar – 52 tur, sut emizuvchilar – 32 tur) tashkil qiladi.

    Mamlakatimiz oʻsimlik dunyosi 11000 tur oʻsimlik, zamburugʻ va suv oʻtlaridan iborat. Shundan 4300 turga yaqini yuksak yovvoyi oʻsimliklar, ularning 8% endemik turlardir. Bularning 314 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.