Soʻzining avvalida davlatimiz rahbari oʻtgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni taʼminlash, Osiyoda oʻzaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari boʻyicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida oʻzining gʻoyatda zarur ekanligini koʻrsatganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi boʻyicha qoʻshma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

"Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora oʻsib, muloqot va ishonchning misli koʻrilmagan darajada taqchil boʻlib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

Bularning barchasi koʻp tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab boʻlib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda.

Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qitʼasi barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish boʻyicha bizning saʼy-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda", dedi Prezident.