Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhitdinov, Finlyandiyaning Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi elchisi M.Livala va boshqalar ishtirok etgan uchrashuvda deportatsiya jarayonida ishtirok etgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan bogʻliq hozirgi vaziyat va ushbu holatlarning oldini olish choralarini koʻrish, Finlyandiya mehnat bozori ehtiyojlarining bugungi kundagi holati va mehnat migrantlarining ushbu mamlakatga kirish tartibi, ikki davlat oʻrtasida hukumatlararo bitim tuzish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Oʻzbekistonda kasbiy taʼlim asosida xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun kasb-hunar taʼlimi va chet tillarni oʻrgatish tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, turli noqonuniy mehnat migratsiyasini oldini olish maqsadida Finlyandiya mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olib, tashkillashtirilgan holda Oʻzbekiston fuqarolarini Finlyandiyada ish bilan taʼminlash borasida hamkorlik qilish taklif etildi.
Finlyandiya tomoni koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida mamlakatda ishsizlik darajasi ikki baravarga oshib, ayni paytda 400 ming aholi ishsiz qolganini taʼkidladi. Shuningdek, mehnat bozorining bosqichma-bosqich tiklanishi toʻgʻrisida xabar berib, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat ertaroq barqarorlashishiga umid bildirdi.
Finlyandiyada migratsiya oqimi asosan 2010-yilda boshlangan boʻlib, oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining kirib kelishi 2018-yilga toʻgʻri keladi. Pandemiya paytida ushbu davlatda xizmat koʻrsatish sohasi eng kam zarar koʻrgan, ammo shu bilan birga qurilish va hunarmandchilik sohalarida ishchi kuchiga talab keskin kamaydi.
Bundan tashqari, uchrashuv yakunida Finlyandiya tomoni diplomatik kanallar orqali Finlyandiya mehnat bozori holatini tahlil qilish natijalari va talab qilinadigan boʻsh ish oʻrinlarini topish mumkin boʻlgan saytlar havolalarini taqdim etishga vaʼda berdi. Chet ellik ishchilarni Finlyandiyada ish bilan taʼminlash boʻyicha oʻrnatilgan mexanizmlar mavjudligi va oʻz qonunchiligi doirasida Oʻzbekiston bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik masalasini koʻrib chiqishini maʼlum qildi.