Er-xotin 24-noyabr kuni Nigeriyadan Koreyaga kelgan. Ularga 25-noyabr kuni COVID-19 tashxisi qoʻyilgan. Shundan soʻng 29-noyabr kuni ularni aeroportdan kutib olib, uyiga olib borgan oʻzbekistonlik fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan, deya xabar beradi The korean times.
Keyinroq oʻzbekistonlik bemorning oila aʼzolari hamda bir tanishida ham COVID-19 testi ijobiy chiqqan. Koreya sogʻliqni saqlash idoralari ularning barchasi “Omisron” shtammini yuqtirgan, deb taxmin qilishmoqda.
Shuningdek, nigeriyalik er-xotinning farzandida va ular bilan yaqin aloqada boʻlgan boshqa shaxslarda ham koronavirus qayd etilgan.
Rasmiylarning fikricha, bu vaqt ichida Koreyaning ikki fuqarosi, bir nafar oʻzbekistonlik va ularning oila aʼzolari 270 ga yaqin kishi bilan muloqotda boʻlgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston fuqarosida COVID-19 tashxisi qoʻyilganidan bir kun avval u Inchxon shahridagi diniy muassasaga tashrif buyurgan, u yerda 400 dan ortiq chet el fuqarolari yigʻilgan.